O'tgan haftada suyukli nabiram Yusufjonni yonimga olib, Toshkentga keldim. unga o'zim o'qigan oliygohni, yashagan, ishlagan manzillarimni ko'rsatdim. Poytaxtning go'zal bog'lari, Islom sivilizatsiyasi markazi, “Hayvonot bog'i”, O'zbekiston davlat sirki, stadionlar va teatrlarni aylandik. 1-sinfda o'qiydigan nabiram bundan juda xursand bo'ldi, dunyoqarashi, vatanga bo'lgan mehri yanada oshdi. Men ham o'qib, olim bo'laman, deb niyat qildi.
Poytaxtni faxrlanib, zavqlanib aylandik. Ayniqsa, keyingi to'qqiz yilda Toshkent shahri tanib bo'lmas darajada go'zallashdi. Talabalik yillarim Toshkent qishloq xo'jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat agrar universiteti)da o'tgan, 1975-1977 yillarda O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo'mitasida sektor mudiri bo'lib ishlaganman. 1991 yilda O'zbekistonimiz mustaqillikka erishganida Oliy Kengash deputati, xalq vakili sifatida bosh qomusimiz, bayrog'imiz, madhiyamiz va yana ko'plab qonun hujjatlari qabul qilinishida ishtirok etdim. Bugun 90 yoshga yaqinlashgan bo'lsam-da, mamlakatimizdagi barcha keksalar kabi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan biz, nuroniylarga ko'rsatilayotgan mehr, e'tibor, ishonch va g'amxo'rlikdan kuch olyapman. Samarqand shahridagi “Alisher Navoiy” mahallasida jamoatchilik asosida “Keksalar maslahati” guruhida ish olib boryapman. Shuningdek, viloyat “Nuroniylar” jamoatchilik kengashi a'zosiman.
Qishloqda tug'ilib o'sganim sababli, umrimning asosiy qismi qishloq xo'jaligi yumushlari bilan kechdi. Bolaligim Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi qiyinchiliklar davriga to'g'ri keldi. 1945-1955 yillarda qishloqlarda hamma tomorqasiga oq jo'xori ekib, olingan hosilni un qilib, zog'ora non yeb hayot kechirardi. Bug'doy uni tansiq yegulik sifatida mehmonlar, betob insonlar uchun tayyorlanardi. Faqat yakshanba kuni otamiz bozorga borib, qand-qurs va boshqa yeguliklar olib kelardi. Qishlog'imizda bittagina do'kon bo'lib, unda ham oziq-ovqat mahsulotlari juda kamyob edi. Boriga shukr qilib yashadik, sinovlarga bardosh berdik. Maqsad yo'lida bardavom bo'ldik. Urushda yarador bo'lib qaytgan otam bizni sabr-qanoatga, chidamli bo'lishga o'rgatgan. Mehnat qildik, asta-sekin turmushimiz izga tushdi.
Bugungi shukuhli kunlarda shuni alohida ta'kidlashni istar edimki, keyingi 9 yilda Yangi O'zbekistonimiz har tomonlama rivojlandi, obod bo'ldi. Xalqaro hamjamiyatda o'z o'rnini mustahkamlab, kundan-kunga obro'-e'tibori yuksalmoqda. Yurtimiz agrar o'lkadan sanoati rivojlangan, ilm-fan taraqqiy etgan, sayyohlar oqimi ko'paygan mamlakatga aylandi. Odamlarning turmush sharoiti sezilarli darajada yaxshilandi, jumladan, eng chekka qishloqlarda ham yo'llar tekis, elektr energiyasi ta'minotining uzluksizligi ta'minlanib, xalqimiz farovonligi oshdi.
Davlatimiz rahbari katta siyosiy iroda, shijoat, xalqparvarlik, tinchliksevarlik bilan xalqimizni bir maqsad — Yangi O'zbekistonimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo'lida birlashtirib, barchamizda ijtimoiy faollik va jamiyatga dahldorlik tuyg'usini uyg'otdi. Shu bilan birga, qo'shni davlatlar bilan do'stlik va hamkorlik aloqalarini tiklab, chegaralarni ochib, butun Markaziy Osiyo xalqlarining mehrini qozondi. Bugun xalqaro hamjamiyatda nufuzli ekspertlar Yangi O'zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchilik maqomiga ega bo'lganini alohida e'tirof etishmoqda.
Hozir yurtimizning qaeriga bormang, (jumladan, men tug'ilib o'sgan Payariq tumaniga ham) ko'zni quvontiradigan, dilni yayratadigan o'zgarishlarga guvoh bo'lasiz. Tarix va yangi zamon ruhini o'zida mujassam etgan Samarqand so'nggi to'qqiz yilda o'zining zamonaviy qiyofasi bilan dunyoga tanildi. Sayyohlar oqimi ko'paydi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy majmuasi go'zal qiyofada qayta tiklanib, ishga tushgach, dunyodan, musulmon mamlakatlaridan kelayotgan ziyoratchilar soni misli ko'rilmagan darajada ortdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bugun Samarqand shahri yirik va xalqaro anjumanlar, nufuzli davlat tadbirlari hamda dunyoning eng yetakchi davlat arboblari uchrashuvlari o'tkaziladigan manzilga aylandi. Keyingi yillarda jahonning ko'plab mamlakatlari rahbarlari Samarqandga tashrif buyurdi. Shuningdek, qadimiy va hamisha navqiron shaharda YuNESKOning yubiley konferensiyasi hamda ko'plab yirik anjumanlar tashkil etildi.
Mamlakatimiz yetakchisining o'tgan yili noyabr oyida Samarqand viloyatiga tashrifi ham tarixiy voqealarga boy bo'ldi. Samarqand shahri va 600 mingdan ziyod kishi istiqomat qiladigan Urgut tumani o'rtasida qisqa muddatda temir yo'l qurildi va Prezidentimiz biz, nuroniylar bilan poezdda Urgut tumaniga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari Urgut tumani misolida 30 ta yo'nalish bo'yicha ishsizlik, kambag'allikni tugatish, yerdan unumli foydalanish, tomchilatib sug'oriladigan tokzorlar barpo etish, pirovard natijada iqtisodiyotni yaxshilash kabi vazifalarni belgilab berdi. Urgutda 100 ming kvartirali uy-joy qurib, “Yangi Urgut” shahrini barpo etish niyat qilindi va bularning barchasiga sarflanadigan xarajat uchun ortig'i bilan mablag' ajratilishi biz, keksalarni ham g'oyat quvontirdi.
So'zimiz avvalida Ikkinchi jahon urushi oqibatlarini bejiz eslamadik. Onam rahmatlining ikki ukasi urushdan qaytmagan. U kishi bir umr urushni qoralab, kechalari yum-yum yig'lab o'tdi. Ana shunday og'ir qiyinchiliklarni ko'rganimiz uchun ham tinchlik-osoyishtalik ulug' ne'mat ekanligini bugungi yoshlarga tushuntirishimiz kerak. Davlatimiz tomonidan so'nggi yillarda yoshlarning o'qib, bilim olishi, salohiyatini yuksaltirishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni biz, yoshi ulug'lar bir umr orzu qilganmiz. Shuning uchun ham bu imkoniyatlardan unumli foydalanishni, qadriga yetishni farzandlarimizga tushuntirishimiz, bu yo'lda ularni qo'llab-quvvatlashimiz zarur.
Ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimizning barcha nuroniylari kabi samarqandlik nuroniylar ham muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni qo'llab-quvvatlab, jamiyatimiz hayotida faol ishtirok etmoqdalar. “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi, xususan, jamg'armaning Samarqand viloyati bo'limi tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar va olib borilayotgan ishlarning asosida ham, eng avvalo, davlatimiz rahbari tomonidan biz, nuroniylarga bildirilayotgan ishonchni oqlash, mahallalar va oilalarda hamjihatlik, ahillik muhitini asrash, yoshlarni ona Vatanimizga munosib o'g'il-qizlar etib tarbiyalashdek ezgu maqsad mujassam.
Bozoru do'konlarimiz to'kin, hayotimiz farovon bo'lgan bugungi shukuhli kunlarda barchamizning qalbimizda shukronalik, tilimizda bir duo bor: Yangi O'zbekistonimizga ko'z tegmasin. El-yurtimiz tinch, Yurtboshimiz hamisha omon bo'lsin! Biz, nuroniylar esa el-yurtimiz xizmatida hamisha kamarbastamiz!
Abdushukur MUHAMMADQULOV,
“Do'stlik” ordeni sohibi,
Samarqand viloyati
“Nuroniylar jamoatchilik kengashi” a'zosi.