Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi
Azizullah ARAL,
Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi.
Zahiriddin Muhammad Bobur jahon tarixida, avvalo, Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solgan buyuk davlat arbobi sifatida e'tirof etiladi. Biroq uning siyosiy va madaniy faoliyatini faqat Hindiston bilan cheklash tarixiy haqiqatni to'liq ifodalamaydi. Boisi, ulug' sarkarda merosining muhim va uzviy qismi Afg'oniston, xususan, Kobul bilan bog'liq. Shu ma'noda, Bobur merosidan afg'on xalqi ham bahramand ekani tarixiy dalillar bilan tasdiqlanadi. Aytish kerakki, 1504-1526 yillar oralig'idagi Kobul davri Bobur hayotida hal qiluvchi bosqich bo'ldi.
Movarounnahrdagi siyosiy muvaffaqiyatsizliklardan keyin Kobul uning yangi tayanch nuqtasiga aylandi. Aynan shu yerda u mustahkam siyosiy asos yaratdi, o'zini “Kobul podshohi” deb e'lon qildi, davlat boshqaruvini yo'lga qo'ydi va Hindiston sari yurishlari uchun harbiy-iqtisodiy baza shakllantirdi. Shu yerda uning to'ng'ich o'g'li Nosiriddin Muhammad Humoyun dunyoga keldi hamda u mashhur “Boburnoma” asarining asosiy qismlarini yozdi. Ta'kidlash joiz, Bobur davrida “Afg'oniston” atamasi hozirgi ma'nodagi yagona siyosiy davlat nomi sifatida qo'llanilmagan.
Bu hudud turli tarixiy-geografik nomlar — Xuroson, Kobul, Balx, G'azna kabi atamalar bilan atalgan. “Afg'oniston” nomi mustaqil davlat sifatida 1747 yilda Ahmad Shoh Durroniy davlat barpo etgach mustahkamlandi. Demak, Bobur faoliyat yuritgan hududlar bugungi Afg'oniston tarixining muhim bosqichlaridan biri hisoblanadi. Kobulning geosiyosiy ahamiyati alohida e'tiborga molik. U Markaziy Osiyo bilan Hindiston o'rtasidagi savdo yo'llari tutashgan nuqtada joylashgan; tog'li hududlar bilan tabiiy muhofaza qilingan; ko'p millatli va ko'p madaniyatli ijtimoiy muhitga ega bo'lgan.
Amerikalik tarixchi Stiven Deyl ta'kidlaganidek, Kobul Bobur uchun strategik va psixologik tayanch hudud vazifasini o'tagan. Bu yerda u nisbatan barqaror boshqaruv tizimini shakllantirdi va turli etnik guruhlar bilan muvozanatli siyosat yuritdi. Boburning Afg'onistondagi eng yorqin meroslaridan biri — bog'dorlik madaniyati. Temuriylar an'anasidagi “chahor bog'” tamoyilini u Kobul tabiatiga moslashtirdi. Kobulda barpo etilgan “Bog'i Bobur” ko'p pog'onali tuzilish, suv inshootlari, xiyobonlar va me'moriy uyg'unlik bilan ajralib turadi. Bu makon nafaqat me'moriy ob'yekt, balki madaniy va ruhiy markazga aylangan. Bobur o'z vasiyatiga ko'ra, shu yerda dafn etildi.
Ushbu qaror uning Kobulga bo'lgan ichki bog'liqligini anglatadi: u imperiyani Hindistonda barpo etgan bo'lsa-da, qalban Kobulni tanlagan. Manbalarda Bobur tomonidan 30 dan ortiq turdagi lola ekib parvarish qilingani qayd etiladi. Uning o'simliklar, iqlim, tabiat manzaralari haqidagi yozuvlari aniq kuzatuv va tahlilga asoslangan. U turli hududlarning florasini taqqoslaydi, iqlim xususiyatlarini baholaydi, ayrim gullarning morfologik belgilarini tavsiflaydi. Shu jihatdan, Bobur faqat sarkarda emas, balki sezgir tabiatshunos va nozik didli adib sifatida ham namoyon bo'ladi.
2014 yil bahorida Kobuldagi Osmoyi tog'ida Bobur ekkan 18 turdagi lolalar bilan yuzma-yuz kelish imkoni tug'ildi. Bu gullarni nafaqat botanik hodisa, balki tarixiy uzluksizlik timsoli sifatida qabul qilish o'rinli, albatta. Ya'ni ularni ko'rish besh asrlik tarix bilan muloqot qilishdek taassurot qoldiradi kishida. Bu holat “tirik meros” tushunchasining amaliy ifodasidir. Men bu yerda lolalar bilan emas, balki tarix bilan bevosita yuzma-yuz keldim, suhbatlashdim. Nafaqat gullarni ko'rdim, hidladim, balki Boburning ruhiy dunyosiga yaqinlashdim.
Atoqli davlat arbobining eng buyuk ilmiy-adabiy merosi — “Boburnoma”. Bu asar 1494-1529 yillar voqealarini qamrab olgan bo'lib, XV-XVI asrlar Markaziy va Janubiy Osiyo haqida qimmatli ma'lumotlar beradi. Asar tarixiy manba, geografik kuzatuvlar to'plami, etnografik qaydlar va badiiy yodgorlik sifatida yuksak ahamiyatga ega. U 25 dan ortiq tilga tarjima qilingani uning jahon miqyosidagi nufuzini ko'rsatadi. “Boburnoma” turkiy nasrning yetuk namunasi sifatida o'zbek, afg'on va janubiy osiyo xalqlari o'rtasidagi tarixiy-madaniy bog'liqlikni mustahkamlaydi.
E'tiborli jihati shundaki, Kobulda Bobur turli etnik guruhlar — o'zbeklar, tojiklar, pushtunlar, hazoralar va boshqalar bilan muloqotda bo'lgan. U mahalliy aholining tili, urf-odatlari va ijtimoiy tartiblarini hisobga olgan holda boshqaruv olib borgan. Tadqiqotchilar Muzaffar Alam va Sanjay Subrahmanyam ta'kidlaganidek, uning siyosiy muvaffaqiyati ko'p millatli muhitda moslashuvchan siyosat yurita olganida namoyon bo'ladi. Keyinchalik bu tajriba Boburiylar davlatidagi ko'p madaniyatli boshqaruv modeliga asos vazifasini bajardi. Bugungi kunda Afg'oniston va Markaziy Osiyo ekologik muammolar — suv tanqisligi, cho'llanish, iqlim o'zgarishi kabi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda.
Bobur tajribasi esa davlatchilik va ekologik madaniyat uyg'un bo'lishi mumkinligini ko'rsatadi. U hukmdor bo'la turib daraxt ekish, bog' barpo qilish, suv inshootlari qurish orqali tabiat va jamiyat munosabatini mustahkamlashga intiladi. So'ngso'z o'rnida aytish mumkinki, Osmoyi tog'ida gullayotgan lolalar — biologik davomiylikdan tashqari, tarixiy xotira ramzidir. Bu — tirik meros. Va bu faqat bir xalq yoki bir hududga tegishli emas, aksincha Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarini o'zaro chambarchas bog'lab turadi. Shu jihatdan qaraganda, undan barchamiz teng darajada bahramand ekanimiz, shubhasiz, shonli haqiqatdir.