O'tbosar Abdiyev,

“Nuroniy” jamg'armasi

Sirdaryo viloyati bo'limi raisi.

Keksalarini e'zozlagan, ularning tajribalari va maslahatlariga suyangan el aslo kam bo'lmaydi. Chunki ular, chinakam ma'noda, hayot atalmish ilmning a'lochilari-yu donishmandlaridir.

Shuning uchun ham bugun mamlakatimizda davlatimiz rahbari  tashabbusi bilan nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularni qo'llab-quvvatlash, salomatliklarini muhofaza qilishga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralmoqda. Bunga javoban faol nuroniy otaxonu onaxonlar yurtimizdagi islohotlarni jadallashtirish, samaradorligini ta'minlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga o'zlarining munosib hissalarini qo'shmoqdalar. Ayni paytda “Nuroniy” jamg'armasining Sirdaryo viloyati bo'limida  ham bu borada qator tashabbuslar ilgari surilib,  nuroniy otaxonu onaxonlarning ijtimoiy faolligini ta'minlanmoqda. Bu jarayonda albatta, viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar yuksak samaradorlikka ega bo'lmoqda.

Viloyatning 11 ta tuman va shaharida jami 221 ta mahalla fuqarolar yig'ini mavjud bo'lib, ushbu mahallalarda 81346 nafar nuroniy istiqomat qiladi. Shundan 33030 nafarini erkaklar, 48316 nafarini ayollar tashkil etadi. Ayni paytda viloyatda 74 nafar urushorti mehnat faxriylari umrguzaronlik qilayotgan bo'lsa, 17 nafar  100 yoshdan oshgan piru badavlat otaxon va onaxonlar bor. Ularning har biri o'zlari yashab turgan mahallalarning piru badavlatlari, maslahatgo'ylaridir.

Hammamizga ma'lumki, yoshi ulg'aygani sari insonlar mehr va e'tiborni yanada ko'proq qadrlaydigan bo'lib qolishadi. O'tgan yili viloyatimizda nuroniylarimizdan 30947 nafariga turli ijtimoiy yordamlar ko'rsatilib, 17285 nafari bepul tibbiy ko'rikdan o'tkazildi, 8126 nafari  dori-darmon, 1016 nafari  reabilitatsiya vositalari, 2084 nafari  oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlandi.  691 nafar nuroniy  sog'lomlashtirish oromgohlariga yuborildi.

Bunday e'zoz va g'amxo'rlik tufayli nuroniylarimiz qalbi shukronalikka to'lmoqda. El-yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik va farovonlik so'rab duolar qilishmoqda va mahallalarda hamjihatlik, ijtimoiy-ma'naviy muhitni yanada yaxshilash yo'lida kuch-g'ayratga to'lib, yangi tashabbuslarni ilgari surishmoqda. Prezidentimizning 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi  92-sonli Qarorida belgilangan vazifalar yuzasidan olib borilayotgan tizimli ishlarda faol ishtirok etishmoqda. Jumladan, o'tgan yili “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyiliga muvofiq, 329 nafar nuroniy 2835 nafar uyushmagan va muammoli yoshga biriktirilib,  yil davomida olib borilgan amaliy  ishlar natijasida 540  nafar yoshning bandligi ta'minlandi, 834  nafari kasb-hunarga yo'naltirildi. Nuroniylarning sa'y-harakatlari bilan muammoli toifadan chiqarilgan yoshlar soni 2653 nafarga yetdi. Mirzaobod tumanidagi “Dehqonobod” mahallasi “Keksalar maslahati” guruhi rahbari Jumaboy Qosimov “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tanlovining viloyat bosqichida 1-o'rinni qo'lga kiritib, bellashuvning respublika bosqichida “Eng talabchan nuroniy” nominatsiyasi g'olibi bo'ldi.

“Nuroniy — har bir oilaga mas'ul” loyihasi bo'yicha 221 ta mahalladagi 358 ta muammoli oilaga 393 nafar faol nuroniy biriktirilib, ular tomonidan muntazam olib borilgan amaliy sa'y-harakatlar natijasida 358 ta oiladan 310 tasi muammoli oilalar toifasidan chiqarildi.

Faxriy nuroniylar, o'rta avlod vakillari hamda yoshlar ishtirokida o'tayotgan  “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlari, chin ma'noda, farzandlarimiz uchun katta hayot saboqlariga aylanmoqda. Aholi va nuroniylarni ommaviy sportga keng jalb qilish maqsadida shaxmat- shashka, mini-futbol, kurash va tennis turlari bo'yicha o'tkazilgan “G'ayratli keksalar” sport musobaqalari, “Salomatlik uchun 5000 qadam” loyihasi doirasidagi tadbirlar keksalarimiz uchun g'ayrat va shijoat bayramiga, yoshlarimiz uchun esa ibrat maktabiga aylanmoqda.

Mamlakatimizda “Kambag'allikdan — farovonlik sari” tamoyili asosida olib borilayotgan tizimli ishlarda ham sirdaryolik faol nuroniylar munosib ishtirok etishmoqda. O'tgan  yilning 1-yarmida   239 ta mahalladan jami 710 nafar nuroniyga 3291 nafar kambag'al oila, 2-yarmida esa 221 ta mahalladan 635 nafar nuroniyga  3085 nafar oila biriktirilgan edi.  Amaliy ishlar natijasi quvonarli bo'ldi. 1-bosqichda 2760 ta oila, 2-bosqichda 2509 ta oila kambag'allik reestridan  chiqarildi.

Shuningdek, nuroniylarimiz har yili oktyabr va noyabr oylarini orziqib kutishadi. Chunki “Keksalar haftaligi” va “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasidagi tadbirlarda ular e'zoz va ardoqni har doimgidan ham ko'proq his etishadi. O'tgan yili “Keksalar uchun turizm oyligi” davomida 39709 nafar nuroniy ishtirokida  mamlakatimizning diqqatga sazovor joylari, ziyoratgohlar, muzeylar, teatrlar va  so'lim go'shalarga sayohat va ziyorat tadbirlari uyushtirildi.  Bunday tadbirlar, albatta, keksalar uchun yangi kuch-g'ayrat berishi shubhsiz.

Shu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 iyuldagi 3133-sonli Qaroriga asosan, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o'z hissasini qo'shgan turli soha vakillarining “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanayotgani ham nuroniylarimiz uchun katta rag'bat bo'lmoqda. O'tgan yili viloyatimiz ibratli, namunali keksalaridan  41 nafari, shundan 23 nafari 1-darajali, 13 nafari 2-darajali,  5 nafari 3-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlandi va Guliston shahridagi “Zomin” to'yxonasida tashkil qilingan tantanali marosimda faxriylarimizga ushbu mukofotlar topshirildi.

Albatta, yuqorida qayd etib o'tilgan ko'rsatkich va natijalar yurtimizda olib borilayotgan oqilona islohot va yangilanishlarning amaldagi yaqqol ifodasidir. Bu jarayonda tashabbuskor  bo'lib maydonga chiqayotgan faol nuroniylarimiz 2026 yilda ham mahallalar obodligi, yoshlar tarbiyasi va oilalarning ahilligi va totuvligi borasida muhtaram Yurtboshimizning nuroniylarga bo'lgan yuksak ishonchini oqlash yo'lida astoydil mehnat qilishmoqda. “Nuroniy” jamg'armasining Sirdaryo viloyati bo'limi ham  joriy yil uchun ishlab chiqilgan alohida dastur va rejalar asosida belgilangan vazifalarni to'laqonli ado etishda viloyat hokimligi, tashkilot va idoralar, muassasalar bilan izchil hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda.

Ishonch bilan aytish mumkinki, sirdaryolik nuroniylar bundan keyin ham el-yurt, xalq manfaatlari yo'lida bor kuch-imkoniyatlarini safarbar qilib, ezgu maqsad yo'lida bardavom bo'ladilar.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan