O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yurist, 3-darajali davlat adliya maslahatchisi, yuridik fanlar nomzodi, Botir Hamzayevich Kalonov mamlakatimiz prokuratura organlaridagi ko'p yillik fidokorona mehnati, yurtimizda qonuniylikni va huquq-tartibotni mustahkamlashga qo'shgan katta hissasi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish yo'lidagi ibratli faoliyati, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jamiyatimizda huquqiy madaniyatni oshirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi alohida xizmatlari uchun O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko'ra, “Mehnat Shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

Ayni damda O'zbekiston Respublikasi prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik Markazi raisi sifatida faoliyatini davom ettirayotgan Botir Kalonov   Yangi O'zbekistonda Prezidentimizning uzoqni ko'zlab yuritayotgan pragmatik xalqchil siyosati, ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etishdek ulkan maqsadini teran anglab, shu yo'lda yelkadosh bo'layotgan, xalqchil islohotlar natijalariga hissa qo'shayotgan fidoyi faxriylarimizdandir.

Inson nimagaki erishmasin, uning zamirida o'zi tug'ilib-o'sgan oila muhiti hamda ma'naviy-axloqiy tarbiyasi yotadi. Botir Kalonov qaysi lavozim, qaysi vazifada ishlamasin, hamisha el-yurt koriga kamarbasta bo'lgan. Zalvorli mehnatlari mahsullari esa umr solnomasida sara injular misol chaqnab turibdi. Jumladan, 1968-1972 yillarda Qashqadaryo viloyati prokuraturasida bo'lim boshlig'i, 1972-1981 yillarda Qarshi shahar prokurori, 1981-1983 yillarda Qashqadaryo viloyati partiya qo'mitasi ma'muriy idoralar bo'limi mudiri, 1983-1987 yillarda Qashqadaryo viloyati prokurori, 1987-1990 yillarda Toshkent shahar prokuraturasida bo'lim boshlig'i o'rinbosari, 1990-1992 yillarda Sirdaryo viloyati prokurorining o'rinbosari, 1992 yildan 2002 yilgacha Navoiy viloyati prokurori lavozimlarida ishlab, Vatanimizga sidqidildan xizmat qildi. Aslida ushbu suronli yillarning birortasi tekis va osuda kechgan emas, ne-ne pastu balandliklardan yurishga, qiyinchiliklarni boshdan kechirishga, necha dovonlardan oshishga to'g'ri kelgan. Soha xodimlariga shaxsiy va kasbiy fazilatlari bilan namuna bo'la olgan Botir Hamzayevich xalq orasida ham taniqli, tajribali huquqshunosga aylandi.

Bugun mamlakatimiz prokuraturasi tizimida mehnat qilayotgan kadrlar Botir Kalonov nomini hurmat bilan tilga oladi, e'zozlaydi, Ustoz sifatida ham faoliyatda, ham hayot yo'llarida uning o'gitlariga quloq tutishadi. Shogirdlarining ko'pligidan bilish mumkinki, qahramonimizda bag'rikenglik, soha sir-asrorlarini qunt bilan, og'rinmasdan o'rgatish, qimmatli maslahatlarini ayamaslik kabi hammada ham uchrayvermaydigan olijanob fazilatlar nihoyatda bisyor.

Uning oilaviy hayoti ham kattayu kichikka ibrat, turmush o'rtog'i bilan birgalikda farzandlarini el koriga kamarbasta insonlar etib tarbiyalashgan.

2002 yildan O'zbekiston prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik Markazi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Botir Kalonov Markazning samarali faoliyat yuritishi uchun bor g'ayratini ayamay kelmoqda.  Uning kunda-kunora faxriylardan xabar olishi ushbu nuroniy kishilarga davlatimizning insonparvarlik siyosati, prokuraturaning yoshi ulug'larga e'tiborini ham ifoda etadi. Shu bois, u kishi yubileylarda, bayramlarda faxriylarning uylariga sovg'alar bilan kirib borganida barchalarining ko'ngillari tog'dek ko'tariladi.

Faxriylarni mamlakat hayotiga faol jalb etishdek xayrli tashabbusning ildizlari aslida xalqimizning azaliy qadriyatlariga borib taqaladi. Zero, keksa avlod vakillariga hurmat, e'zoz xalqimizning qadriyatlaridan biridir. Ushbu qadriyat Yangi  O'zbekistonimizning davlat siyosatida ham o'z ifodasini topgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 4 dekabrdagi “O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi to'g'risida”gi farmoni asosida “Nuroniy” jamg'armasi tashkil etilib, faxriylarni e'zozlash, ularga  zarur moddiy, ma'naviy, tibbiy yordamlar ko'rsatish belgilab qo'yilgan bo'lsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining  2016 yil 28 dekabrdagi “O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni nuroniylar hayoti va faoliyatida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur Farmonga ko'ra, jamiyat hayotida nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e'tibor qaratildi. Yoshi ulug'larning ma'naviy intellektual salohiyatidan Yangi O'zbekistonni rivojlantirishning ma'naviy-axloqiy negizlarini mustahkamlashda foydalanish maqsad qilindi. Ularning bor bilim va salohiyatlarini yoshlarni ona Vatanga, xalqimizga sadoqat, buyuk kelajak uchun bunyodkorlik va kurashuvchanlik ruhida tarbiyalashda samarali ishtirok etishlarini tashkil qilish uchun shart-sharoitlar yaratildi.

O'zbekiston prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik Markazi ham bugungi kunda prokuratura organlari faxriylarini e'zozlab, ularga zarur moddiy, ma'naviy, tibbiy yordam choralarini ko'rishda faol qatnashib, huquq va manfaatlarini himoya qilib kelmoqda. E'tirof etish joizki, Markaz tashkil topganida o'z tasarrufida 231 nafar faxriyni birlashtirgan bo'lsa, bugunga kelib, ularning soni oshib, boshqa ko'rsatkichlar ham yil sayin ortib, yangiliklar, xayrli tashabbuslar ko'lami kengayib borayotir.

Ushbu Markazni boshqarib kelayotgan Botir Hamzayevich hech bir faxriyni, ularning hayoti bilan bog'liq kattayu kichik muammolarni e'tibordan chetda qoldirmaydi. Faxriylar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan 2024 yilda O'zbekiston prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik Markazi o'zining yangi binosiga ko'chib o'tgani esa prokuraturaning yoshi ulug' faxriylariga yana bir ehtiromi bo'ldi.

— Ta'kidlash joizki, Markaz faoliyatini samarali yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi, uning hududiy bo'limlari bilan ham mustahkam aloqa o'rnatilgan. O'zaro hamkorlikda olib borilayotgan faoliyat o'zining ijobiy natijalarini bermoqda. Xususan, Markazning ish rejasiga muvofiq, har yili tabarruk yoshga yetgan faxriylarni qutlash, shu munosabat bilan ular istiqomat qiladigan  joylarga borib, tadbirlar o'tkazish an'anaga aylangan, — deydi Botir Kalonov. — Faxriylarning sog'lig'ini muhofaza qilishga muntazam e'tibor qaratib kelinmoqda. Mamlakatimiz taraqqiyoti yo'lida ibrat maktabi yaratgan fidoyilar, mehnat faxriylarining hayotini yoshlarga namuna sifatida ko'rsatish, ularni “ustoz — shogird” qadriyatlariga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida muntazam ravishda “Uch avlod uchrashuvi” ma'rifiy tadbirlari o'tkazilmoqda. Faxriylar yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta'minlash, yosh avlodni xalqimizning ko'p yillik an'analariga hurmat ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo'shish maqsadida juma kunlari o'tkazilgan o'quv mashg'ulotlarida, prokuratura organlarining yosh xodimlari bilan uchrashuvlarda, reja asosida tashkil etilgan sayyor qabullarda, hokim yordamchilari hamda xotin-qizlar faollari bilan o'tkazilgan tadbirlarda ham ishtirok etib kelishmoqda. Bugun faxriylarimiz Prezidentimizning g'amxo'rliklarini, Bosh prokuratura rahbariyatining e'tiborini his etib, tinch va xotirjam yashayotgani uchun shukrona aytishmoqda. Yoshlar bilan uchrashuvlarda esa Yangi O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, ijtimoiy va moddiy sharoitlar yaxshilanayotgani, mehnatlari qadrlanib, muntazam ravishda rag'batlantirilayotganlarini alohida ta'kidlab, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikka ko'z tegmasligini, qariyalarni qadrlagan insonlar ham ulug' yoshlarga kirib, doimo elning e'zozida bo'lishini so'rab, duo qilmoqdalar.

Darhaqiqat, Respublika prokuratura organlari faxriylari yosh kadrlarni tarbiyalashda, ularga hayot saboqlaridan o'gitlar berishda ham faollik ko'rsatishmoqda. Botir Hamzayevich o'zi bosh-qosh bo'lib, faxriylarni huquqshunoslik sohasiga ixtisoslashtirilgan o'quv yurtlariga, akademik litsey va kollejlarga olib boradi, uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etadi. Ayniqsa, prokuratura organlarida xizmat qilayotgan yosh mutaxassislar, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tinglovchilari bilan bo'ladigan uchrashuv va muloqotlar alohida ahamiyatga egadir. Faxriylarning ibratli xotiralaridan, o'git va nasihatlaridan, maslahatlaridan navqiron kadrlar o'zlariga tegishli saboq olishmoqda, o'z ishini mukammal o'zlashtirib, yetuk mutaxassis sifatida shakllanishlarida amaliy uslublar, yo'l-yo'riqlar o'rganishmoqda.

— Eng muhimi, — deydi Botir Hamzayevich, — faxriylarimiz faqatgina bayram dasturxonlari atrofida, to'y-hashamlarda o'tirib qolishgani yo'q. Ular bugun jamoat ishlarida ham faol ishtirok etishyapti. Bu ham ularda qadr-qimmat tuyg'usini jo'shtiradi, o'zlarining jamiyatga, xalqqa kerak ekanliklarini his etib, ruhan, ma'nan quvvat olib, sog'liklariga sog'liq, umrlariga umr qo'shilmoqda.

Bugun o'zining tabarruk yoshida ham jamiyatimiz rivoji yo'lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan, O'zbekiston Respublikasi prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik Markazi atrofiga faxriylarni birlashtirib,  yosh va salohiyatli kadrlarni tarbiyalash, yoshlarga chin ma'noda  vatanparvarlik ruhini singdirishdek ezgu ishlari bilan o'rnak bo'layotgan Botir Kalonovning umr yo'li chin ma'noda barchamiz uchun ibrat maktabidir.

Luqmon Bo'rixonning

“Ibratli umr” kitobi asosida

Hamroxon Musurmonova tayyorladi. 

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan