Yurtimizda “to'qson bilan to'qnashib, yuz bilan yuzlashib” yurgan otaxonu onaxonlar ko'pchilikni tashkil qiladi. Ularning tabarruk siymosiga boqqanimizda yuz-ko'zlarida o'zgacha mehr, donishmandlik, vujudlarida esa ulkan matonatni his etishimiz aniq. Ana shunday mo''tabar onaxonlarimizdan biri — Toshkent viloyati Ohangaron tumanida istiqomat qilib kelayotgan Jahonaliyeva Xilva ona tabarruk 100 yoshni qarshi oldilar.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan ma'rifiy tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, O'zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev ham ishtirok etib, onaxonni samimiy tabrikladi, onaxonning ibratli hayot yo'lini e'tirof etib, bunday nuroniylar davlatimiz, jamiyatimizning faxri va g'ururi ekanligini ta'kidladi.
Tadbirda ishtirok etgan nuroniylar yoshlarga Xilva onaning ibratli hayot yo'lidan hikoyalar so'zlab berishdi. Bugungi farovon hayotga yetib kelish oson bo'lmagani, bu kunlarning qadriga yetish, yoshlar uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan unumli foydalanish zarurligini uqtirishdi.
Xilva onaning hayoti chin ma'noda bugungi avlod uchun ibrat va saboq maktabidir. U 1926 yil 3 yanvar kuni tumandagi Oxunboboyev (Qoraxitoy) qishlog'ida tavallud topgan. Urush yillarida yurtda erkaklar frontga jo'nab ketgan bir paytda xo'jalik ishlarida faol qatnashib, traktor haydagan. Bu esa Xilva onadagi ulkan jasorat hamda vatanparvarlikdan dalolatdir.
Mash'um urush yillari qishloqda qo'liga qurol tutishga yaroqli erkak borki, barchasi frontga jalb qilingan. Kolxozning ishongan tog'lari bo'lib xotin-qizlar, keksalar hamda yosh bolalar qolgan. Bu vaqtlarda front ortini mustahkamlash, oziq-ovqat, kiyim-bosh va boshqa zarur mahsulotlar yetkazib berish birinchi galdagi vazifaga aylangan edi.
Urush boshlangan kunlarda hali balog'atga ham yetmagan Xilva Jahonaliyeva front uchun zarur mahsulotlarni yetkazib berishdek muhim ishlardan chetda qolmadi. Qishloqda ishga yaroqli kishilar qatorida ertadan to qaro kechgacha dalada mehnat qildi. Yosh bo'lsa-da, boshqalarni ham shunga da'vat etdi. Kolxoz yerlarida bug'doy, lavlagi, sholi va boshqa ekinlar ekib, obi-tobida parvarishladi. Mehnat haqiga berilgan bir kosa yovg'on sho'rva yoki kepak solib pishirilgan atalaga qanoat qilib, ham frontdagi jangchilar, ham front ortidagi xalqning qornini to'ydirish yo'lida jonbozlik ko'rsatdi. Keksalarning ta'kidlashlaricha, Xilva Jahonaliyeva o'sha paytlar juda yosh bo'lishiga qaramay, uddaburon, serg'ayrat bo'lgani bois, tengqurlari qatori yoshi kattalarni ham o'z ortidan ergashtira olgan, ularning ko'ngliga yo'l topa olgan shaddod qiz bo'lgan edi. Bir qarasang, tizza bo'yi loy kechib sholi o'tayotgan, bir qarasang, omoch sudrab yer haydayotgan bo'lar, ahyon-ahyonda esa hazil-huzul qilib, yon-atrofdagilarni kuldirib, ko'nglini ko'tarib turar edi.
Eng og'ir yillarda el koriga yarab, front ortida fidokorona mehnat qilgan onaxonimiz Xilva Jahonaliyeva bugun yuz yosh bilan yuzlashgan bo'lsalar ham hamon tetik, ko'zlari biroz xiralashgan bo'lsa-da, dadil boqishlari haliyam o'sha-o'sha. Nevara-evaralarining ardog'ida umrguzaronlik qilmoqdalar.
Xilva ona fidokorona mehnati va ibratli hayoti davomida qator orden va medallar bilan taqdirlangan. Ha, onaxonning mashaqqat va sinovlarga to'la umr hamda mehnat yo'lini, chinakam ma'noda, ulkan ibrat maktabi deyish mumkin.
Asolat Ahmadqulova.