Andijon viloyati Jalaquduq tumanidagi Yorqishloqda umrguzaronlik qilayotgan Muhammadkarim ota Bo'tayev 65 yoshda bo'lishiga qaramay, haligacha turnikda qiyinchiliksiz tortiladi, otjimaniya, boksni ham eplaydi. Bir so'z bilan aytganda, chapdast, chaqqonligi bilan uncha-muncha yosh-yalangni ortda qoldiradiganlardan. Ertalablari saharmardondan turib, 4-5 kilometr masofaga yugurib keladi.
Kun davomida sport bilan hamohang uy yumushlari: chorva boqish, tomorqaga qarash, issiqxonada meva-sabzavotlarni yetishtirish bilan band bo'ladi. Bir necha qutida asalari boqib, undan asal oladi. Shuning uchun bo'lsa kerak, otaxon hamon bardam-baquvvat. So'zlari aniq, o'tkir. “Kasal bo'lib ozgina yotib qolsam, dardga yon bermaslik kerak, deb o'zimda kuch topaman. Aslini olsangiz, hadeganda kasal bo'lib qolmayman. Hali 70 yoshda ham qirchillama yigitdek bo'lib yuraman”, — deydi nuroniyning o'zi.
Muhammadkarim otaning 5 nafar qizi bor. “O'g'lim yo'q bo'lsa ham, qizlarim uncha-muncha o'g'ilning o'rnini bosadi, — deydi otaxon. — Nevaralarim bilan kelib, hol-ahvolimizdan xabar olib turishadi, ishlarimizga ko'maklashishadi, umrlari uzoq bo'lgurlar”.
Otaxonning aytishicha, u yoshligidan serharakat bo'lgan. U daraxtdan-bu daraxtga tirmashib, chiqib yurgan. Hozir ham daraxtga 8 metrgacha balandlikka chiqa oladi.
Muhammadkarim ota ayoli Robiyaxon aya bilan dehqonchilik, chorvachilik ortidan ro'zg'orini but qilib, xonadon tomorqasidan yiliga ikki marta hosil oladi. Aksar oziq-ovqat mahsulotlarini o'zlari yetishtirgani sabab, tez-tez bozor-o'charga tushishga ham to'g'ri kelmaydi. Hatto oila ehtiyojidan ortgan mahsulotlarni bozorga chiqarishadi. Qishloq ahli keksa nuroniyning shu yoshida ham tinib-tinchimasligi, ishlab charchamasligi, hamma ishga ulgurishiga qoyil qoladi. Otaxonga ko'ra, bularning barchasi sport bilan shug'ullanishi sababidan.
— Ayolim ba'zida “Ehtiyot bo'ling, hadeb turnikka osilavermang, belingizni o'sal qilib qo'ymang tag'in”, deb koyib beradi. Ammo, aksincha, sport bilan muntazam shug'ullanish ham tanani, ham ruhni kuchli qiladi, — deydi otaxon xushchaqchaqlik bilan.