Ma'lumki, aholining turmush farovonligiga erishish, ularning dunyoqarashi va tafakkurini ijobiy tomonga o'zgartirish, bandlik masalalari ijtimoiy islohotlar zanjirida markaziy o'rinni egallaydi. Yurtimizda “Kambag'allikdan —farovonlik sari” dasturi asosida olib borilayotgan ishlar mazkur jarayonni tizimli, samarali tashkil etishda katta ahamiyat kasb etmoqda. Bunda keksa nuroniylarning faolligini alohida ta'kidlash lozim.

Aholining turmush darajasini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida yurtimiz bo'ylab keng ko'lamli ishlar tashkil etilmoqda. Xususan, Toshkent viloyati Bo'ka tumanida oilalarni qo'llab-quvvatlash, ularning muammolarini manzilli hal etish, kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan sa'y-harakatlar izchil davom etayotir.

“Nuroniy” jamg'armasi Toshkent viloyati bo'limi raisi Abdusamad Nosirov, jamg'armaning Bo'ka tumani bo'limi raisi Abdurasul Akmalov va faol nuroniylar tumandagi “Achamayli” mahallasida bo'lib, hududda nuroniylarning faolligini oshirish, oilalar bilan ishlash hamda aholi o'rtasida o'zaro birlik, hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag'allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo'yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida mahalladagi oilalar xonadonbay o'rganib chiqildi.

Jarayonda nuroniylar har bir oila bilan bevosita muloqot qilib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holati, turmush sharoiti, bandligi, daromad manbalari, oilada mavjud muammolar hamda qo'llab-quvvatlashga bo'lgan ehtiyojlarini atroflicha o'rgandilar.

Shuningdek, hayotiy tajribaga ega nuroniylarning oilalar bilan ishlashdagi imkoniyatlaridan samarali foydalanish, mahallada ahillik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni kasb-hunar va mehnatga yo'naltirish, oilaviy qadriyatlarni asrash hamda ehtiyojmand oilalarni qo'llab-quvvatlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. O'rganishlar natijasida har bir oilaning holatidan kelib chiqib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etilishi lozim bo'lgan masalalar belgilab olindi.

Jumladan, ishsiz fuqarolarning bandligini ta'minlash, kasb-hunarga o'qitish, oilalarning daromad manbalarini kengaytirishga ko'maklashish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy ko'makka muhtoj oilalarni tegishli mutasaddi tashkilotlarga yo'naltirish bo'yicha amaliy vazifalar belgilandi.

Keng doirada tashkil etilayotgan bu kabi ishlardan ko'zlangan asosiy maqsad — har bir oilaning muammosini aniqlash bilangina cheklanib qolmasdan, uni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish, oilalarda barqarorlik va farovonlikni ta'minlashga erishishdir.

Botir QURBONBOYEV,

“Nuroniy” jamg'armasi Toshkent viloyati bo'limi bosh mutaxassisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan