“Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi, jamg'armaning Andijon viloyati va tumanlardagi bo'limlari, viloyat kasaba uyushmasi hamkorligida hamisha navqiron va ko'hna Samarqand shahriga uyushtirilgan sayohat biz, nuroniylarga ulkan quvonch, unutilmas taassurot bag'ishladi.
Avvalo, “Dunyo madaniyati chorrahasi” bo'lgan go'zal va aziz zaminda kechayotgan ulkan o'zgarishlar, bunyodkorlik ishlari, obodonlik, saranjom-sarishtalik barchamizni lol qoldirdi. Sayohat asnosida “Temuriylar maqbarasi”, “Sherdor”, “Tillakori”, “Shohizinda”, “Ulug'bek” madrasasi kabi ulug' ajdodlarimiz mangu qo'nim topgan aziz joylarga borilib, ular xotirasiga Qur'on tilovat qilindi.
Shuningdek, sayohatchilar uchun ta'mirlanib, yangi qiyofa kasb etgan “Imom Al-Buxoriy” majmuasida ulug' bobokalonimizning porloq xotirasi yod etildi. O'xshashi yo'q qurilishlarning tashabbuskori bo'lgan muhtaram Yurtboshimizga minnatdorlik bildirilib, mamlakatimizdagi tinchlik, xotirjamlikning bardavom bo'lishi uchun duolar qilindi.
O'z navbatida, hayotimiz davomida umrimiz oxirigacha jonajon O'zbekistonimizning yanada gullab-yashnashi uchun bor kuch va ikmoniyatlarimizni ishga solish, tajribalarimizdan foydalanishni yuragimizga joyladik.
Abduvosit Xolmatov,
“Nuroniy” jamoatchilik kengashi a'zosi,
“Shuhrat” medali sohibi.