Qibray tumanida bir guruh nuroniylarga “Mehnat faxriysi” ko'krak

nishoni tantanali topshirildi

Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “Nuroniylar maskani”da “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoniga sazovor bo'lgan bir guruh faxriylarga mazkur mukofotlarni topshirishga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi.

Unda Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, senator, O'zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev, jamg'arma raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev ishtirok etdilar.

Ma'lumki, mazkur ko'krak nishoni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 iyuldagi tegishli qarori asosida mamlakatimiz iqtisodiyoti, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta'lim, sog'liqni saqlash, yurisprudensiya va boshqa sohalarda ko'p yillar davomida halol, fidokorona va samarali mehnat qilib, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo'shgan, oilada yuksak ma'naviy muhitni qaror toptirgan, farzandlarini Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalagan tabarruk otaxonu onalarimizni munosib rag'batlantirish maqsadida ta'sis etilgan.

— Bu yil Toshkent viloyatining faol faxriylaridan 70 ga yaqin kishiga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari topshirildi. Bu mukofotni olgan faxriylarning xonadoni eshigiga “Bu uyda “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi … yashaydi” degan temir lavh o'rnatiladi. Bu esa ularga  o'zgacha faxru iftixor bag'ishlaydi. Hech mubolag'asiz aytish mumkinki, bugunning faxriylari — eng baxtli faxriylar. Chunki ular muhtaram Yurtboshimizning e'tiborlari va g'amxo'rliklari ostida, — deydi Sharof Ubaydullayev.

— Yuksak mukofotga mening ham nomzodim munosib ko'rilganidan hursandman, — deydi “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibi Farida Yo'ldosheva. — Muhtaram Prezidentimizga buning uchun ulkan minnatdorlik bildiraman. Haqiqatan ham, madaniyat va ma'naviyat barqaror joyda inson qadri ulug' bo'ladi. O'zim ta'lim sohasida 40 yillik tajribaga ega o'qituvchiman. Bugun biz, buvijonlar, nuroniylar bunday ehtiromdan g'oyat baxtlimiz. Shunga javoban o'z ishimizda yoshlar bilan yaqin hamkorlikda ishlab, ularga saodatli oila sirlarini o'rgatib bormoqdamiz.

Tadbir davomida nuroniylar bir dasturxon atrofida shirin suhbat qurib, san'atkorlar tomonidan tashkillashtirilgan badiiy dastur, dilrabo kuy-qo'shiqlardan bahramand bo'ldilar.

Maysara Nazarova,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan