Hayotiy tajribaga ega, turmush sinovlarida toblangan, ko'pni ko'rgan yoshi ulug' insonlar, keksa va nuroniylarning purma'no o'gitlari, pand-nasihatlari xalq hayotida, ayniqsa, yosh avlod kamoloti, ta'lim-tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi “Yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi, 2023 yil 11 mart kunidagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 92-sonli Qarorlariga asosan, yurtimizdagi mahallalarda “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” loyihasi asosida faol nuroniy otaxonu onaxonlar turli toifadagi yoshlarga biriktirilgan.
Yurtimizda ayni kunlarda mazkur tanlovning tuman va shahar, viloyat bosqichlari qizg'in pallaga kirgan.
Jumladan, Qoraqalpog'iston Respublikasining Ellikqal'a tumanida ushbu ko'rik-tanlovning tuman bosqichi bo'lib o'tdi.
Tanlovni “Nuroniy” jamg'armasi Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi raisi Tursinbay Abdijabbarov kirish so'zi bilan ochib, yig'ilganlarni O'zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bayrami bilan tabrikladi.
Bellashuv “Tanishtiruv”, “Yoshlar — bizning kelajagimiz”, “Nuroniylar bellashuvi” shartlari asosida tashkil etildi.
Samimiy, taassurotlarga boy holda o'tgan tanlov natijalariga ko'ra, “Toshkent” mahallasi faoli Zamira Xudayqulova faxrli
1-o'rinni hamda tanlovning Qorakalpog'iston Respublikasi bosqichida ishtirok etish yo'llanmasini qo'lga kiritdi.
Beruniy tumanida bo'lib o'tgan ko'rik-tanlovda “Nuroniy” jamg'armasining Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'limi mutaxasissi G'.Xolmuratov, jamg'armaning tuman bo'limi raisi F.Annasafarovlar ishtirok etdilar.
Bellashuv jarayonlarida ishtirokchilar o'zlariga biriktirilgan yoshlar bilan ishlash, ularni ish bilan ta'minlash, kasbga o'qitish, subsidiya mablag'larini jalb qilish orqali bandligini ta'minlash, oilaviy ajrimlarning oldini olish yuzasidan olib borgan ishlari xususida axborotlar berib, faoliyatlariga oid fotoalbom hamda videolavhalarni namoyish etdilar.
Yakuniy natijalarga ko'ra, “Birlik” MFY vakili Gulnora Bekimova faxrli 1-o'rinni, “Xorazm” mahallasi faol nuroniysi Xudaybergan Ibadullayev 2-o'rinni, “Navoiy” OFY vakili O'g'iljon Nurumbetova 3-o'rinni egalladilar.
Shavkat SULTONOV.