Turkiyalik davlat va jamoat arbobi, mamlakatning sobiq Bosh vaziri va parlament spikeri, ayni vaqtda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim O'zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o'zining samimiy tabriK va ezgu tilaklarini yo'lladi:
— Yaqin kunlarda qardosh O'zbekiston mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanadi. Biz, 86 millionlik turkiyaliklar ushbu quvonchli kunlarda Sizning quvonchingizga sherikmiz. Shu fursatdan foydalanib, turk millatining o'zbek birodarlariga salomi va samimiy mehr-muhabbatini yo'llaymiz.
Turkiy davlatlar tashkilotining muhim a'zosi bo'lgan O'zbekiston so'nggi yillarda ulkan taraqqiyotga erishdi. Har safar Turkiy davlatlar Oqsoqollar kengashi raisi sifatida bu diyorga borganimda, tamomila yangi va o'zgacha O'zbekistonni ko'raman.
Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qo'qon, Andijon, Namangan, umuman, barcha hududlarda rivojlanish, beqiyos taraqqiyot ko'zga tashlanadi.
O'zbekiston aholi soni jihatidan Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo davlatlar orasida Turkiyadan keyingi eng yirik mamlakatdir. Yana bir muhim jihatni ta'kidlash lozim: yoshlar ulushi va yosh aholi salohiyati jihatidan O'zbekiston turkiy dunyoda yetakchi. Inson bu — resurs. Yoshlar esa kelajak demakdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev faqat iqtisodiy taraqqiyot bilan cheklanib qolayotgani yo'q. Ayni paytda u turkiy xalqlarning qadimgi tarixidan bugungi kungacha bo'lgan sivilizatsion taraqqiyotini yosh avlodga taqdim etadigan muhim va ulkan markazlarning tamal toshini qo'ymoqda.
Buxorodagi bunyodkorlik ishlari, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasining yangi qiyofasi, Xiva shahrining yangidan obod qilinishigacha bo'lgan jarayonlarda turk-islom tamaddunining buyuk qadriyatlari qayta namoyon bo'lmoqda. Ayniqsa, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoda o'xshashi yo'q beqiyos inshootdir.
Joriy yil iyun oyida Namangandagi xalqaro maqom festivali va Andijonda o'tkazilgan “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti — 2026” tadbirlarida ishtirok etdim. Har borganimda bir yangilikka guvoh bo'laman. So'nggi tashrifimda Farg'ona vodiysidagi o'zgarishlarni ko'rib, quvondim.
Namanganda Prezidentning nutqini eshitib, san'atga, milliy-ma'naviy qadriyatlarni tiklashga bo'lgan ulkan sa'y-harakatlarga yana bir bor guvoh bo'ldim.
Men Turkiyada o'tkaziladigan uchrashuv va tadbirlarda doim O'zbekistonni targ'ib qilaman. Barchaga “Ota yurt — O'zbekistonni borib ko'ring!” deyman. Yoshlarimiz Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg'ona, Namangan, Andijonga borishi, ularning boy tarixi va qadriyatlarini o'z ko'zlari bilan ko'rishi kerak.
Ayniqsa, Prezident tashabbusi bilan bunyod etilgan O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini har bir turkiy yigit-qiz, albatta, ko'rishi zarur. Bu muazzam dargohda turkiylarning Islomdan avvalgi va muqaddas dinimiz qabul qilinganidan keyingi tarixi muhtasham tarzda namoyish etilgan. Zamonaviy texnologiyalar o'z o'rnida va ustalik bilan qo'llanilgan. O'zbekistonga bormasdan turib turkiy dunyoni, uning tarixi va kelajagini anglash mumkin emas.
Doimo yoshi ulug'lar va nuroniylarga bo'lgan hurmat-e'tiborni O'zbekistondan o'rganishimiz kerakligini ta'kidlayman va targ'ib qilaman. Bu yurt qadim turkiy an'ana bo'lgan mahalla va oqsoqollar institutini asrab qolgan, keyingi avlodlarga yetkaza olayotgan qadrli mamlakatdir.
Shu munosabat bilan Turkiya fuqarosi sifatida, Turkiy davlatlar Oqsoqollar kengashi raisi o'laroq, muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga o'z minnatdorligimni bildiraman va chuqur ehtiromimni izhor etaman. U kishining O'zbekiston ravnaqi, taraqqiyoti va xalq farovonligini ta'minlash yo'lidagi sa'y-harakatlari, turkiy davlatlarga ko'rsatayotgan birodarligidan juda mamnunmiz.
Inshoolloh, biz qo'lni-qo'lga berib, yelkama-elka turib, kelajak avlodlar uchun dunyodagi eng muhim va nufuzli hamjamiyatlardan biri sifatida birgalikda harakat qilishda davom etamiz.
O'zbekiston xalqi va Prezidentini Mustaqillikning 35 yilligi bilan yana bir bor qutlayman.
Mustaqilligingiz abadiy bo'lsin! Mamlakatdagi tinchlik va farovonlikka ko'z tegmasin.
Yana ko'p yillar muvaffaqiyat va taraqqiyot sari birgalikda odimlashda Yaratgan Parvardigor barchamizni qo'llasin.
“Dunyo” AA
Anqara shahri.