O'zbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 35 yilligi tantanalari arafasida prezidentimiz farmoniga ko'ra, Farg'ona viloyati Qo'shtepa tumanilik 102 yoshli Iboxon aya Qosimova ham Prezidentimiz farmoniga ko'ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Onaxonga yuksak mukofotni Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov topshirdi.
Prezidentimizning “O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining o'ttiz besh yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to'g'risida”gi Farmoniga binoan, asr bilan tenglashgan bir guruh tabarruk otaxon va onaxonlarimizning “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani mamlakatimizning insonparvar siyosatida keksalarni asrab-avaylash hamda ularga g'amxo'rlik qilish borasidagi yuksak e'tiborning yorqin namunasi bo'ldi.
Aslini olganda, uzoq umr — taqdirning eng ulug' tuhfasi. Mazmunli, ezgulik va mehr-oqibat bilan o'tsa, saodatmandlik sururi yanada ortadi. Bir asrdan ortiq yashab, necha avlodning kamolini ko'rish har kimga ham nasib etavermaydi. Bunday uzoq umr ortida qancha xotiralar, taqdirning ne-ne sinovlari, qancha quvonchli kunlar hamda nihoyatda qimmatli hayotiy saboqlar mujassam. Ulug' va aziz shodiyona oldidan bir asrdan ortiq umr yo'lini bosib o'tgan onaxonlarning hayot haqidagi o'ylari, qalbidagi shukronaligi, avlodlarga tilagi va insoniy qadriyatlar haqidagi samimiy fikrlariga quloq tutdik.
Shukr — qalbimdagi eng katta boyligim
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Yuqori Machay” mahallasida istiqomat qilayotgan 107 yoshli Menglixol ona Jo'rayeva uchun istiqlolimizning 35 yilligi qutlug' keldi. U kuni kecha “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Menglixol onaning bolaligi sobiq tuzumning ilk davriga, navqiron yoshligi esa Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi og'ir yillarga to'g'ri kelgan.
— Inson qanaqa qiyinchilikni boshdan kechirmasin, bardosh berarkan, — deydi u. — Oilada o'n farzandning uchinchisi edim. Ota-onamiz oddiy mehnatkash odamlar, dalada ishlab bizni katta qilishdi. Maktabni tugatgach, Machay kolxoziga sut sog'uvchi bo'lib ishga kirdim. Qirq yilga yaqin shu sohada mehnat qilib, ro'zg'or yuritishda otamga yelkadosh bo'ldim.
Menglixol ona umr yo'ldoshi Jo'ranazar ota Amonturdiyev bilan 48 yil ahil hayot kechirdi. Oilada olti o'g'il va olti qiz dunyoga keldi. Kolxozda hisobchi bo'lib ishlagan Jo'ranazar ota farzandlarining o'qimishli insonlar bo'lishini orzu qildi va bu niyatiga erishdi. Farzandlarning bari ziyoli, jamiyatda o'z o'rniga ega bo'lib yetishdi. 1994 yilda ota vafot etganida, farzand va nabiralar onaxonga suyanch bo'lishdi. Biroq ikki yil avval onaizorning boshiga og'ir musibat tushdi: to'ng'ich farzandi Zarxol hamda uchinchi o'g'li — “Surxon ovozi” gazetasi bosh muharriri, el hurmatidagi jurnalist Qurbon aka Jo'ranazarovdan ayrilib qoldi. Farzand dog'i bag'rini kuydirgan damlarda Menglixol ona qolgan 10 farzandi, 80 dan ziyod nabirasi va 60 dan ortiq evara-chevaralarining shirin so'zidan yupanch topdi.
— Yuz yoshdan oshib, umrimning har bir kuniga shukr aytib yashayapman, — deydi Menglixol ona. — Bir asrdan ortiq yashagan inson ortiga qarab, qancha yaxshi-yomon kunlar o'tganini o'ylaydi. Ammo qalbimdagi eng kuchli tuyg'u — shukronalik. Meni shu yoshlarga yetkazgani uchun Yaratganga beadad shukr. Bizdek keksalarni izzat-hurmat qilib, davlat mukofotlari bilan taqdirlagani uchun Yurtboshimizga rahmat. Duodamiz doim: yurtimiz tinch bo'lsin!
Har bir kun — yangi imkoniyat
— Yuz yoshdan oshdim. Har tong uyg'onganimda, “Bugun ham Yaratgan menga bir kun umr berdi”, deyman. Bu Allohning bergan yangi imkoniyati.
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi “Shirin” mahallasida umrguzaronlik qilayotgan 106 yoshli Barno momo Rajabovaning so'zi shunday boshlandi. U ham Prezidentimiz Farmoniga binoan, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Onaxonning ham umrini mehnat bezadi. Daladagi chopiqdan tortib, paxta terimigacha bo'lgan yumushlarda doim ilg'orlar safida bo'ldi. Sobiq jamoa xo'jaligida terimchi ayollar orasida birinchi bo'lib uning nomi tilga olinardi. Shu bilan birga, 40 yilga yaqin ipak qurti parvarishlab, har mavsumda rejadan orttirib “kumush tola” yetishtirdi.
Oilaviy mas'uliyatni ham unutmadi. Yetti farzandi — to'rt o'g'il va uch qizining ilmli bo'lishiga harakat qildi. Barchasi oliy ma'lumot oldi, tadbirkor sifatida el xizmatiga bel bog'ladi. Yetti farzand Barno momoga 26 nabira, 62 evara va 4 chevara tuhfa etdi. Barnoxon momoning fikrlari teran, mulohazalari mazmunli.
— Yurtimizdagi o'zgarishlarni ko'rib, beixtiyor xursand bo'laman, — deydi u. — Yoshlar o'qiyapti, yangi binolar, shifoxonalar va maktablar barpo etilyapti. Ayniqsa, farzand va nabiralarim zamonaviy sharoitlarda bilim olayotganini ko'rib, ko'nglim xotirjam bo'ladi. Ayni gullagan yoshligimiz urushdan keyingi qiyinchilik yillariga to'g'ri keldi. Biz ko'rgan u kunlarni hech kim ko'rmasin. Yoshlarga aytar gapim: ota-onangizni qadrlang, bir-biringizga mehrli bo'ling. Insondan faqat yaxshi nom va ezgu ishlar qoladi. Insonning eng katta boyligi — sog'lik, xotirjamlik va shukronalik. O'tgan umrimdan roziman, bugungi kunimdan minnatdorman. Inson qadri baland yurtda yashash — chinakam huzur.
Mehnat bilan yuksalgan qadr
Eng ulug' ayyom arafasida Toshkent viloyati Bo'ka tumanida yashovchi 105 yoshli Jangil buvi Agzamova xonadonida ham o'zgacha quvonch hukm surdi. Piru badavlat onaxon ko'ksini davlatimiz rahbari Farmoniga binoan, “Shuhrat” medali bezadi.
— Umrim davomida turli kunlarni ko'rdim. Quvonchli damlar ham, sinovli yillar ham bo'ldi. Lekin inson sabr bilan yashasa, qalbida shukr bo'lsa, har bir kunning qadrini anglaydi, — deydi Jangil buvi.
Jangil Agzamova 1921 yilda tug'ilgan. Qirq yilga yaqin Bo'kadagi sobiq O. Yo'ldoshev nomli xo'jalikda mehnat qilib, 1971 yilda nafaqaga chiqqan. Ikki farzandi, kelini va kuyovi onaxonni ardoqlab kelishmoqda. To'qqiz nabira, sakkiz evara va ikki chevarani duo qilayotgan onaxon ularga umr yo'ldoshi Kenja ota bilan kechirgan ibratli hayot yo'li haqida so'zlab beradi.
— Eng katta boyligim — bolalarim. Ularning kamolini ko'rish — dunyodagi hech bir boylik bilan tenglashtirib bo'lmaydigan baxt. Nabira va evaralarimni ko'rganimda qalbim quvonchga to'ladi. Bir vaqtlar qo'lidan ushlab yurgan farzandlarim bugun meni ardoqlab turganining o'zi katta davlat emasmi?! — deya to'lqinlanib so'zlaydi Jangil buvi.
Darhaqiqat, 100 yoshdan oshgan insonlarning bunday e'zozlanishi bir asrlik hayot yo'li, mehnatu sabr, avlodlar tarbiyasiga bo'lgan yuksak hurmat ifodasidir. Zero, ularning har bir kunida tarix, har bir xotirasida ibrat, har bir duosida esa kelajak avlodga ezgu tilaklar bor.
Shahlo TOShBEKOVA,
“Nuroniy” muxbiri.