— deydi yaponiyalik tiba mari xonim
Kunchiqar mamlakat xalqining intizomi, sog'lom turmush tarzi, shu jumladan, uzoq umr ko'rish borasidagi peshqadamligi dunyo ahlini hayratga solib keladi. Dengiz bo'yi, qulay infratuzilma, yashash va faoliyat bilan bog'liq o'ziga xosliklar ularning kundalik hayot tarziga singib ketgan, ta'bir joiz bo'lsa. Ma'lumotlarga ko'ra, Yaponiyada 100 yoshdan oshgan fuqarolar soni 90 mingdan ortiqni tashkil etadi. Xo'sh, bu fenomenning asl siri nimada? Bu shunchaki genga bog'liqmi yoki davlat va jamiyat yaratib bergan muhit natijasimi? Biz bu borada yapon tili va madaniyati mutaxassisi Tiba Mari xonim bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdik.
— Mari xonim, ayting-chi, Yaponiyada keksa avlod vakillariga munosabat va davlat tomonidan ko'rsatiladigan g'amxo'rlik qanday yo'lga qo'yilgan?
— Bizda yoshi ulug' insonlarga hurmat va g'amxo'rlik ko'rsatish xalqimiz mentaliteti va milliy qadriyatlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Keksalarimizni jamiyat va oila hayotiga faol jalb etish, ularni ruhan va jismonan qo'llab-quvvatlash odatiy hol. Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan nuroniylar uchun ko'plab imtiyozlar va ijtimoiy dasturlar mavjud. Masalan, Tokio shahrida 70 yoshdan oshgan fuqarolarga jamoat transportida tekin va imtiyozli yurish uchun maxsus kartalar beriladi.
Shaharlardagi ijtimoiy muassasalar esa keksalarning doim yangi bilimlarni egallashlari, til o'rganishlari yoki hunar egallashlari uchun arzon va qulay sharoitlarni yaratib beradi.
— Jamiyatda yolg'izlik muammosi keksalar uchun juda og'ir ta'sir qiladi. Yaponiyada nuroniylarning yolg'izlanib qolmasligi va faol hayot kechirishi uchun qanday mexanizmlar ishlaydi?
— Har bir hududda (mahalliy provinsiyalarda) maxsus ijtimoiy markazlar faoliyat yuritadi. U yerda yoshi ulug' insonlar muntazam yig'ilib, yengil sport turlari bilan shug'ullanishadi, turli to'garaklarda qatnashadi va guruh bo'lib vaqt o'tkazishadi. Bundan tashqari, ijtimoiy xizmat xodimlari va volontyorlar yolg'iz yashaydigan nuroniylarning holidan xabar olib, ular bilan muloqotda bo'lib turishadi.
Eng ommaviy va e'tiborli an'analarimizdan biri — ertalabki jamoaviy gimnastikadir. Har kuni barvaqt mahalliy bog' va maydonlarda keksalar, yoshlar, hatto uy hayvonlarini sayr qildirayotgan aholi radio orqali beriladigan musiqa ostida to'planib, birgalikda badantarbiya mashqlarini bajarishadi. Bu nafaqat jismoniy sog'lomlikni saqlaydi, balki kishilarga kun bo'yi ko'tarinki kayfiyat bag'ishlaydi, ijtimoiy birlikni ta'minlaydi.
— Yaponiyalik nuroniylarning dunyoni hayratga solayotgan uzoq umr ko'rish sirini nimalarda ko'rasiz?
— Mening fikrimcha, eng muhim ruhiy omil — harakatdan, izlanishdan va foydali mehnatdan to'xtamaslikdir. Nafaqaga chiqqandan so'ng ham volontyorlik bilan shug'ullanish, yoshlarga va jamiyatga ta'lim berish yoki muhtojlarga yordam qo'lini cho'zish juda muhim. Inson kimgadir nafi tegayotganini va jamiyat uchun kerakligini his etsa, bu unga ruhiy quvvat beradi hamda umrini uzaytiradi. Ikkinchi muhim omil — kundalik ovqatlanish madaniyati va taomlar tarkibi. Ovqat tayyorlashda deyarli yog' ishlatmaymiz. Ratsionimizda fermentlangan (miso, natto kabi achitqili) foydali mahsulotlar va albatta, yangi ushlangan baliq hamda dengiz mahsulotlari asosiy o'rinni egallaydi.
— Bilamizki, sharqona va ayniqsa, o'zbek oilalarida uch avlod bir uyda yashaydilar. Yaponiyada esa yoshlar ko'pincha alohida yashashni afzal ko'rishadi. Buning sababi nimada?
— Bu yerda bir nechta tabiiy va maishiy omillar bor. Birinchidan, Yaponiyada xonadonlar va uy maydoni kichik. Ikkinchidan, ikkala avlod — yoshlar ham, keksalar ham kundalik turmushda bir-birlari bilan ortiqcha hurmat va cheklangan qoidalarni saqlash zaruratini istashmaydi va bir-birlarini bezovta qilmaslikni ma'qul ko'rishadi. Alohida yashash mehr-oqibat yo'qligini anglatmaydi — nuroniylarimizning o'z do'stlari, qiziqishlari va muloqot doirasi juda keng.
— Yurtimiz — O'zbekistonga qilgan sayohatingiz va Toshkentdagi faoliyatingiz haqida to'xtalib o'tsangiz. Taassurotlaringiz qanday?
— O'zbekiston — juda go'zal, xavfsiz mamlakat ekan. Mahalliy aholi juda mehmondo'st, issiq chehrali va oqibatli. Men yapon va o'zbek xalqlarining samimiyat hamda o'zaro hurmat borasidagi o'xshashliklarini his qildim. Yaqinda dugonalarim bilan birga Toshkentda milliy madaniyatimizni namoyish etdik. Tadbir doirasida o'zbek tomoshabinlariga ikebana (gul tuzish san'ati), kimono kiyish, furosiki (matodan tugunchalar tugish) va yudzen — matoga qo'lda surat solish san'atlarini ko'rsatib berdik. Bunday madaniy va ma'rifiy muloqotlar xalqlarimiz o'rtasidagi do'stlik va hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashiga ishonaman.
— Yaponiyaga sayohat qilishni va ajoyib tabiatingizni ko'rishni istagan yurtdoshlarimizga qaysi maskanlarni tavsiya etasiz?
— Yaponiyaga kelsangiz, albatta, Nati (Nachi) sharsharasini ko'rishingiz va Tokiodagi betakror muzey hamda ibodatxonalarga sayohat qilishingizni tavsiya qilaman. Agar go'zal tog'lar va dengiz qiziqtirsa, tarixiy Kamakura va xususan, Okinava oroli ayni muddao. Okinavaning dengizi, moviy sohillari va betakror tabiati hech kimni befarq qoldirmaydi.
— Suhbat uchun rahmat. Sizni yana O'zbekistonda kutib qolamiz.
Ilhomjon ABDUSALOMOV
suhbatlashdi.