Maryam ona Nezayeva bugun 102 yoshga kirgan bo'lsa-da, 85 yil avvalgi voqeani sira unutmaydi. Ikkinchi jahon urushi boshlanib, Boshqirdistonning Ufa shahridagi bolalar uyining 23 nafar tarbiyalanuvchisini front orti manzillariga evakuatsiya qilishdi. 16 yoshli Maryamni shu tarzda ikki dugonasi bilan Samarqand shahrida kutib oldilar.
— O'shanda… — og'ir so'lish olib so'z boshlaydi onaxon, — bizni kutib olgan kishi bilan 15 kilometr piyoda yurib, Dahbed degan qishloqqa kelganmiz. U yerda ikki o'g'lidan ham qoraxat olgan yolg'iz kampirga qiz bo'lganman. Yangi onam bolalarining alami bois, bo'lsa kerak, qattiq bemor bo'lib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgach, meni Oqdaryo tumanidagi Kallar qishlog'iga olib kelishgan. U manzilda bir oycha Qo'chqor Xudoyberdiyev degan otaning uyida yashadim. Keyin meni Qarqara qishlog'idagi Ortiq aka Rahmatovning oilasiga olib kelishdi. O'sha oilaga qiz bo'ldim.
Donishmandlar ne voqea bo'lsa-da, “yaxshilikka” deyishni maqbul ko'rishgan. 16 yoshli Maryamning mudhish urush tufayli O'zbekistonning Samarqandiga, Oqdaryosiga kelib qolishi ham yaxshilikka bo'lgan ekan. U urushning front orti og'ir kunlarini Ortiq Rahmatovning qizi bo'lib, o'zbeklar bilan birga o'tkazdi. Erkaklarning aksariyati frontga ketib, kolxozning paxta, pilla, bug'doy yetishtirish ishlarining bari ayollar zimmasida bo'lgani uchun, xotin-qizlar uyda ayol, dalada erkak bo'lib ishlashardi. Mehnat og'ir, qahatchilik, urush musibatlarining ko'pligi undan ham og'ir kunlarda elning saboti ham, sabri ham, odamiyligi, insonparvarligi ham sinovdan o'tardi.
Maryam ham barcha qishloqdoshlari qatori, tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib, nima mehnat bo'lsa, el bilan birga bajarib, hayot sinovlaridan o'tdi. 25 yoshga kirganida, urushda og'ir yaralanib, o'pka qismida oskolka bilan qaytgan Zokir ismli tatar yigitga turmushga chiqdi. Zokir ham, Maryam ham O'zbekistonning faqat quyoshi, tuprog'i, suvigina emas, odamlari ham mehrli, muhabbatli ekanini o'z hayotlarida ko'rdilar. Aniqrog'i, yurtimizda asl o'zbek bo'lib yashadilar. To'y, azada el bilan birga bo'lishdi. Urfu odatlarimizni maromida bajarishdi. Uch o'g'il, uch qiz ko'rib, bariga o'zbekcha ism qo'yishdi. Bolalarini o'zbek maktablarida o'qitib, o'zbekcha tarbiyalashdi. Uch o'g'lini o'zbek qizlariga uylantirib, uch qizini o'zbek yigitlariga uzatishdi.
Zokir aka urush janggohlaridan birga olib kelgan o'pkasi yonidagi oskolka ko'p qiynadi. U 1995 yili vafot etdi. Maryam ona bolalariga endi ham ota, ham ona bo'lib yashay boshladi. O'zbek mahallasining odatlariga ko'ra, qo'ni-qo'shnilar uning suyanchig'i bo'lishdi. U esa mahalla ayollarining biriga opa, biriga singil bo'lib yanayam o'zlashib ketdi.
— Bu yerda orttirgan ko'p do'stlarim o'tib ketishdi, — ohista gapiradi Maryam ona. — Bizdan ikki eshik naridagi Rohatxon 1933 yili tug'ilgan, Norxol esa 1936 yilda tug'ilgan edi. Ularning biri mendan to'qqiz yosh, biri o'n ikki yosh kichik bo'lsa-da, qadrdon bo'p ketuvdik. Har bahorda birga sumalak pishirardik. Bir-birovimizning to'y-to'ychig'imizda, turli marosimlarda qatlama, patir pishirib, savat ko'tarib kirardik. Uchalamiz mahallaning eng yoshi ulug'i bo'lib, har bir yig'inda to'rda o'tirardik. Birga bo'lardik. Yoshligimizni birga eslab, suhbatlashardik. Attang, meni tashlab o'tib ketishdi. Joylari jannatdan bo'lsin ularning… Men ularga doim urush tufayli bu manzillarga kelib qolganimga shukronam ko'pligini aytardim. Rost-da, men bu mamlakatda mehribonlarim, baxtimni topdim. Elga qo'shildim. Bolalarimning to'ylarida o'zbek qudalarimdan sarupolar kiyib, to'rlarda qo'r to'kib o'tirdim. Yuz yoshga yetganimda, Prezidentimizdan orden (“Shuhrat” medali demoqchi) keldi. Ordenli bo'ldim. Erim ko'p takrorlagan gap, ya'ni 41-yilgi evakuatsiya men uchun xayrli bo'lgan ekan…
Maryam onaning shukronasi bejiz emas, o'sha davrda Samarqanddan Dahbedgacha piyoda, daryo kechib kelgan bo'lsalar, bugun onaxon yashayotgan mahallaning har bir xonadonida yengil avtoulovlar bor. Yangi ravon yo'llar, mustahkam ko'priklar qurildi. Yangi imoratlar qad ko'tardi.
Yurtboshimizning nuroniylarni ardoqlash, ularning faolligini oshirish, sog'liklarini tiklash, tajribalaridan foydalanish borasidagi ko'plab qarorlari amalga oshirilyapti.
Maryam ona Nezayevaning Toirjon, Zoirjon, Zopirjon, Gulnoraxon, Zamiraxon, Jamilaxon degan o'zbekcha ismli, chinakam o'zbek bo'lib ketgan olti farzandining bari ta'lim-tarbiyali, hunarli, bilimli, mehnati bilan elda obro' topishdi. Shu kunda hammasi nuroniylar safida. Olti farzandi kelinlaru kuyovlar bilan o'n ikki nafar bo'lgan. Nevara, evara, chevaralar bilan esa yuzga yaqin bo'lib qolgan. Maryam ona barakasi uchadi, deb hech qachon ularning necha nafar ekanligini aytmaydi.
Tabarruk Maryam onani nevara-chevaralarning qay biri buvi deydi, kim katta buvi, yana kimlari momo deyishadi. Onaxonga har safar sovg'a bilan kelishadi. Kim ro'mol, kim ipakli matodan ko'krak burma ko'ylak, kim maxsi-kalish keltiradi. Sovg'a keltiruvchilar yoppa jamlansa bormi, hovliga sig'may ketishadi.
Maryam ona bugun kenja o'g'li Zopirjon va Zoirjon bilan birga yashayapti. Zoir akaning ayoli Tuymagul onaning parvarishi bilan band. Zokir otadan qolgan bu xonadon barcha uchun katta eshik deb ataladi. Unda Zokir ota (Olloh rahmat qilsin) va Maryam onaning o'z qo'llari bilan ekkan o'n xilga yaqin mevali daraxtlari, fayzli tomorqasi bor. Maryam ona hamisha xonadonida sigir-buzoq bo'lishini istagani uchun hozir chorva boqiladi. Axir keldi-ketdi ko'p, mehmon uzilmaydigan uyda qaymoq, sut, qatiqning bo'lgani yaxshi-da…
Maryam ona yashaydigan “Amir Temur” mahallasi aholisi onaxonni ziyorat qilish uchun kelib turishadi. 102 yoshli tabarruk momo esa ularga bugungi farovon kunlarning qadriga yetish, xalqimizning qadim qadriyatlarini unutmaslik, yaxshi o'qib, elga xizmat qilish darkorligi haqida gapiradi. “Qarisi bor uyning parisi bor”, deb shunga aytsalar kerak-da.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.