Britaniyaning The Legatum instituti tahlil markazi har yili “Farovonlik indeksi”ni e'lon qiladi. 2026 yil natijalariga ko'ra, Shveysariya mazkur ro'yxatni boshlab bergan. Umuman olganda, Shveysariya so'nggi yillarda dastlabki yuqori pog'onalardan joy oladi. Markaz jami 161 ta davlatni 300 ga yaqin statistik ko'rsatkich asosida tahlil qiladi. Xususan, davlat muassasalari sifati, iqtisodiy erkinlik, (jumladan, tadbirkorlar uchun sharoitlar), aholi osudaligi, sog'liqni saqlash, ta'lim kabi insoniyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi faktorlar baholashda bosh mezonlardan bo'lgan.

Dastlabki o'ntalikda Yevropa mamlakatlari (Norvegiya, Irlandiya, Daniya, Finlandiya, Islandiya, Shvetsiya, Germaniya, Niderlandiya), shuningdek, Avstraliya qayd etilgan. Reytingning quyi qismidan, asosan, Afrika davlatlari o'rin olgan.

O'zbekistonning farovonlik darajasi 161 ta davlat orasida 94-o'rinni egallaydi.

Shu o'rinda ta'kidlash kerak, mamlakatimizda so'nggi yillarda ro'y bergan iqtisodiy-siyosiy voqeliklar xorijiy tadbirkor va investorlar uchun O'zbekistonning jozibadorligini oshirishda, iqtisodiy erkinlikning barqarorlashishiga erishishda muhim qadam bo'lmoqda.

 

Zavqlanib yashang — deydi britaniyalik 106 yoshli Edit Xill

Britaniyalik 106 yoshli keksa nuroniy Edit Xillning hayot hikoyasi ko'pchilikning e'tiborini tortdi. Keksa onaxonning fikriga ko'ra, uzoq umr ko'rish falsafasi u qadar murakkab emas: mustaqil yashash, shokolad iste'mol qilish, yaxshi kayfiyatda yurish va sog'lom turmush tarziga amal qilishning o'zi kifoya. Bu omillar Edit Xillning bir asrdan oshiq yashashiga sabab bo'lgan faktorlardan hisoblanadi.

Ma'lumot uchun, Xill umri davomida dunyodagi yirik voqealar, xususan, ikkala jahon urushiga ham guvoh bo'lgan. U haliyam ishonadiki, umrning har bir lahzasidan quvonch topa olish va shukronalik bilan zavqlanib yashash uzoq va mazmunli umr kechirish uchun muhim aspekt hisoblanadi.

 

Haqiqiy baxt nimada?

Sizni ranjitishdimi? E'tiborsizlik bilan qalbingizga ozor beishdimi? Qattiq xafa bo'ldingizmi?

Shuning uchun qalbingiz g'ijimlab og'riyaptimi? “Nega unday qildi, axir, men shunga munosib edimmi”, deb ezilib o'ylayapsizmi?..

Kun bo'yi bunday og'ir hislarni ko'tarib yurish azob emasmi? Axir, og'riqli o'ylar kuchingizni oladi, tanangizdan mador, ruhingizdan quvvat ketadi-ku…

Sizni, albatta, begona xafa qilmaydi.  Atrofingizdagi yaqinlaringiz, oilangizdagilar yoki qo'ni-qo'shningiz, jigarlaringizdan kimdir beparvolik bilan ranjitgan bo'lsa, ularni kechiring.

Kattalar kechirimli bo'ladilar… Kichiklar esa keyinroq xulosa chiqaradilar. Ozor yukini qalbingizga yuklamang, sizni ranjitgan odamning yaxshi fazilatlarini o'ylang… Hayotni boricha qabul qiling, yaqinlaringiz xatosini kechiring.

O'zingizni yaxshi ishlar, yaxshi o'ylar bilan chalg'iting. O'ylamang, og'ir o'ylarni  uloqtiring, tin olasiz. Kuch-quvvatga to'lasiz. Qalbingz xotirjam bo'ladi.

O'zingiz bilan suhbat quring, yaxshi niyatlarga andarmon bo'ling — yangilanasiz.

Har tongni yaxshi niyatlar bilan qarshi oling. Axir, har bir kun ne'mat, har bir kun g'animat…

Baxt esa atrofimizdagilarni kechira olishimizdadir.

Gulchehra Latif.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan