Yurtimizda inson qadrini ulug'lashga qaratilgan sa'y-harakatlarning amaliy natijasi va hayotiyligi, eng muhimi, islohotlarning markaziy shaharlardan tortib, chekka qishloq, ovullargacha har bir xonadonga kirib borishi mas'uliyat barobarida, javobgarlik, daxldorlik hissini kuchaytirmoqda.

Quvonarlisi, mamlakatimiz bo'ylab nuroniylarning shaxsiy namunasi, jumladan, ijtimoiy hayotdagi faolligi va tashabbuskorligi, fidoyi xizmatlari Yangi O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida katta kuch mexanizmiga aylanib borayotir. Sababi, mahallalargacha yangilanishlar nafasi kirib borayotgan, aholi islohotlar natijasini o'z hayotida his etayotgan mana shu kunlarda faol nuroniylar davlat va jamiyat o'rtasidagi bog'liqlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar ko'lami yil sayin kengayib, yoshlar hayotida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilda ham mazkur tanlov asosida olib borilayotgan ishlar o'zining ijobiy natijasini bermoqda.

Ayni kunlarda tuman bosqichlari g'oliblari aniqlanmoqda. Jumladan, Navoiy viloyati Nurota tumanida  o'tgan tanlovda “Mirishkor” mahallasining faol nuroniysi Shodigul aya Husenova birinchilikni qo'lga kiritdi. U qariyb 70 yoshda bo'lishiga qaramay, mahalladagi 10 nafar muammoli yosh bilan shug'ullanib, ularning hayotini to'g'ri yo'lga qo'yish, oilada barqaror ma'naviy muhitni shakllantirishga ko'maklashmoqda.

Aslini olganda, Shodigul aya ellik yildirki, xalq bilan birga: ijtimoiy muammolarni o'rganish hamda ularga muvofiq yechim topish, aholini har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasida qator natijalarga erishgan.

— Tanlov doirasida biriktirilgan yoshlar bilan ishlash jarayonida ularning muammolarini o'rgandim. Tushuntirish-targ'ibot ishlari olib borildi. Ijtimoiy ko'makka muhtoj yoshlarga “mahalla yettiligi” hamkorligida yordamlashdik, tuman hududida duradgorlik, ustachilikka nisbatan yuqori talab bo'lgani sabab, ishsiz yoshlar ayni sohalarga yo'naltirildi hamda bandligi ta'minlandi. Ular orasida ustaga shogird tushgani ham, kundalik daromaddan foydaga o'tgani ham yo'q emas. Quvonarlisi, yoshlarning oilasi bilan munosabatlari yaxshilanmoqda. Birgina misol, Buxoro davlat muhandislik va texnologiya universiteti energiyani tejash-energiya audit fakultetida o'qiyotgan bola bilib-bilmasdan taqiqlangan manbalarni o'z profilidan tarqatgani ortidan 4 yilga ozodligi cheklangandi. Sa'y-harakatlarimiz natijasida 4 yilning 2,5 yilga qisqartirilishiga erishildi. Hozirgi kunda bu bola Janubiy Koreyada magistratura bosqichida tahsilini davom ettirmoqda. Shukrki, yurtimizda ro'y berayotgan yangilanishlar yoshlar hayotida, umuman, aholining turmushida aks-sado beryapti, — deydi Shodigul aya Husenova. — Imkoniyati cheklangan yoshlarning faol hayotga qaytishi hamda o'z iqtidorini namoyon etishiga ham ko'maklashilmoqda. Xususan, bunday yoshlarning bandligini ta'minlash hamda sportga jalb etishga jiddiy e'tibor qaratdik. Qolaversa, biznesga qiziqishi bo'lgan yoshga “Biznesga ko'mak” loyihasi bo'yicha 30 million mikroqarz ajratilishi, savdo-sotiqni yo'lga qo'yishiga erishdik.

Shodigul aya ayni paytda Nurota tumani  “Buvijonlar maktabi” rahbari. Uzoq yillar maktab direktori, hokim o'rinbosari lavozimlarida ishlab, xalq manfaatlari yo'lida xizmat qilgan. Unga ko'ra, oilaviy farovonlik jamiyat taraqqiyotiga hissa qo'shishning asosiy omillaridan bo'lib, ijtimoiy muammolar kelib chiqishining oldini oladi. Onaxonning uzoq yillik mehnatlari munosib qadrlanib, II darajali “Mehnat faxriysi”, shuningdek, “Mo''tabar ayol” ko'krak nishoni bilan taqdirlangan, O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi. Farzandlarining hammasi o'qimishli, oila mahallaning ziyoli, ma'rifatli xonadonlari qatorida e'tirof etiladi.  She'riyatga, adabiyotga ixlosi baland onaxonning “Tushlarimda kechgan umrim”, “Hayot haqiqatlari”, “Men izlagan dunyo” to'plamlari chop etilgan. Unga biriktirilgan yoshning Shodigul aya muharrirligida “Xalqim uchun duodaman” nomli she'riy kitobi ham nashr etildi.

Xulosa o'rnida shuni qayd etish joizki, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosida tashkil etilayotgan ishlar muammoli hamda uyushmagan yoshlar siyosatining tizimli yo'nalishini tashkil etib, mahallalarda sog'lom muhitni shakllantirish, ma'naviy ko'makka muhtoj yoshlar bilan samarali ishlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, ezgulik va insonparvarlik ruhida tarbiyalash hamda nuroniylarning hayotiy tajribasini yoshlar tarbiyasida tatbiq etishga xizmat qilmoqda.

Sug'diyona SOBIROVA,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan