Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi “Yangi hayot” MFYda bundan 60 yil avval Rossiyaning Ufa shahridan kelib, ayoli vafot etgan Mardiqul Qodirovga rafiqa, uning besh nafar o'g'liga onalik mehrini bergan, bugun 102 yoshga yetgan Aptriyeva Shumotbika ism-sharifli onaxon istiqomat qiladi.
— Onamiz vafot etganda men uch yoshda ekanman. Onamni eslay olmayman, — deydi yuragi to'lib Bekmurod Qodirov. — Ammo Shumotbika onamning mehri bilan ulg'ayganim, to'rt akamdan, hatto o'z o'g'li Viktor akamdan ham meni ko'proq yaxshi ko'rganini har doim sezaman, yodda tutaman. Dunyoda o'gay degan ibora borligi yolg'on deb o'ylayman. Chunki ufalik onamiz bu iborani yo'qqa chiqargani ayni haqiqat.
Darhaqiqat, Shumotbika ona haqida barcha farzandlari og'zidan bol tomib gapiradi. 1983 yilda turmush o'rtog'i Mardiqul aka vafot etadi. Ammo Shumotbika ona o'zining o'g'li Viktor va Oqdaryoda tug'ilgan qizi Gulsora bilan jami yetti nafar bolani voyaga yetgazguncha ham ota, ham ona bo'ldi. Kolxozda yer chopdi, g'o'za chilpidi, yagana qildi, paxta terdi, pillakor bo'lib yuqori hosil yetishtirdi. Kolxozning zo'r pillakori deya “Moskvich” avtomobili bilan mukofotlandi ham. Bo'sh qoldi deguncha chevar bo'lib kiyimlar tikdi, ip yigirib, junpaypoq to'qib, to'quvchilik ham qildi.
Uyda sigir sog'di, kir yuvdi, ovqat pishirdi. Tandir to'latib non yopib, yetti farzandining og'ziga tutdi. Tomorqasiga ekin ekib, parvarish qildi. Tunlari alla aytib, beshik tebratdi. Xullas, asl o'zbek ayoli bo'ldi. Kiyinishi, o'zbekcha odatlarni jon dili bilan bajarishini ko'rgan el uning boshqa millat ayoli ekanini butunlay unutdi. Axir, mahalla-ko'yning to'y-to'rkinida, musibatli aza kunlarida ko'krak burma ko'ylak, o'zbekcha kamzul kiyib, Samarqandcha ro'mol yopinib, ishtirok etdi. Ko'pga ibrat bo'ldi.
Mardiqul Qodirovni Oqdaryoda duradgor usta deyishardi. Qishloqdagi uylarning sakson foizini shu usta qurgan. Shumotbika ona bundan faxrlanar, o'g'li Viktorga doim “Dadangning kasbi zo'r. Duradgor usta deb hamma hurmat qiladi. Sen ham o'rgan, bolam”, — deya yuragiga havas solib, duo qilardi. Onaning farzandga duosi ijobat deganlari rost. Shumotbikaning Ufada tug'ilgan o'g'li Viktorjon aynan ustachilikka mehr qo'ydi. Dadasining yonida yurib, uning hunarini puxta egalladi.
— Norbonu yangam Viktor akamning ayoli, — deydi Bekmurod aka. — Viktor akam ota kasbini e'zozlab obro' topdi. Qo'li gul usta bo'lib yetishdi. Qishloqda Viktor akamni yaxshi ko'rgan qizlar ko'p edi. Norbonu yangam bilan sinfdosh bo'lishgan. Juda baxtli yashashdi. Afsus, Viktor akam vafot etib qoldi.
Shumotbika ona olti nafar o'g'ilni o'zi sovchilikka borib uylantirdi. Olti keliniga beozor va mehribon qaynona bo'ldi. Oltov kelin ham uning izmida ro'zg'or tutib, bilmaganini o'rgandi.
Onaxon 102 yoshga yetib, ancha-muncha narsani esdan chiqarishi mumkin, ammo 1983 yilda eri Mardiqul otaning, 2018 yili o'g'li Viktorjonning, 2021 yilda esa to'ng'ich o'g'li Shodiqulning vafot etganini sira esdan chiqarmaydi. Esladi deguncha mehribonliklari, ishchanliklarini gapirib, ko'ziga yosh oladi.
Norbonu kelin ham uni juda yaxshi ko'radi. O'g'li Elyorbek, kelini Feruzaxon bilan birga bu jannatiy buvini parvarish qilishadi.
— 102 yosh deymiz, ammo qaynonam hamon jonsarak, bir joyda o'tirib qolgani yo'q, — deydi Norbonu kelin. — Ona-bola sigiru buzog'imizdan har kuni bir marta o'zi xabar oladi, nabiram bilan borib suv tutadi. O'ti, yemini beradi. Keyin hovlimizdagi dov-daraxt, gullarni uzoq tomosha qiladi. Onajonimizning aytishicha, u O'zbekistonni mana shu yashil go'zalligi uchun, saxiy tuprog'i, qo'li gul odamlari uchun ham juda yaxshi ko'radi. Oqdaryoni Vatan deb biladi. Taqdiridan rozi yashaydi. Rahmatli turmush o'rtog'im Viktor akaning qalbiga ham shu mehr, shu muhabbatni singdirolgan. Aslida men ham unga yurtimizga bo'lgan mehr-muhabbati, oqdaryoliklarni qattiq hurmat qilganligi uchun turmushga chiqqanman.
102 yoshli Shumotbika ona va uning o'g'li Viktor haqidagi bu gaplarni eshitib, shoir Muhammad Yusufning “Momolar har qayda bor, Bizda bori qayda bor, O'zbekiston qayda bor?!” degan otashin satrlarini esladim. Samarqandning Oqdaryo tumanidagi benazir, muhabbati ulkan bu onaxonning kenja qizi Gulsoraxon ham allaqachon 54 yoshga yetib, nafaqaga chiqdi. O'g'il-qizli, uch nafar nabirali bo'ldi. O'zbekistonga kelganlarida, yetimlikdan ko'zlari yoshlangan besh nafar o'g'ilchaning bari bugun nuroniyga aylangan. Shumotbika onaning esa qaridim degisi kelmaydi. Qulog'i biroz og'irlashganini aytmasa, gap-so'zi butun, g'ayrati-yu jonsarakligi ketmagan.
O'sha — uch yoshida onasidan ajrab, Shumotbika onaning qo'ynida katta bo'lgan Bekmurod Qodirov bugun “Yangi hayot” MFY “ettiligi”da “Keksalar maslahati” guruhi rahbari bo'lib faoliyat yurityapti.
Shumotbika onaning 27 nafar nevara, 50 nafardan ko'proq evara, 30 ga yaqin chevarasi bor. Ular gapu gashtak yoki bayramlarda jam bo'lishsa bormi, yuz nafardan oshib ketishadi. Xalqning: “Tup yozib, palak otdi” degan naqli Shumotbika ona Aptriyeva kabi piru badavlatlar uchun aytilgani aniq.
Zamira RO'ZIYEVA,
“Nuroniy” muxbiri.