Mamlakatimiz bo'ylab uzoq yillar davomida jamiyatimizning turli sohalarida fidokorona mehnat qilgan tabarruk faxriylarga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini topshirish marosimlari davom etmoqda.
Bunday ma'rifiy tadbirlar faxriylarga yuksak ehtirom ko'rsatish bilan birga, avlodlar o'rtasidagi ma'naviy rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, e'tirof va e'zoz jamiyat yuksalishi yo'lida faol qatnashayotgan nuroniylarga yangicha shijoat va g'ayrat bag'ishlayotgani ham ayni haqiqat.
O'zbekiston Prokuratura organlari tizimida uzoq yillar fidoyilik bilan xizmat qilgan faxriylarga ham “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari tantanali topshirildi. Bosh prokuraturaning majlislar zalida bo'lib o'tgan mazkur tantanali marosimda 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan Uzakov Shuhrat Sharapovich va Achilov Ilhom Kalandarovich, 2-darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan Jo'rayev Eshmurod Qarshiyevich taqdirlandilar.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi harbiy prokurori — Bosh prokuror o'rinbosari Qahramon Isroilov, O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev, Prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi Botir Kalonov hamda Prokuratura organlari faxriylari ishtirok etishdi.
Tadbirdan so'ng “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev Prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi Botir Kalonov hamda Prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash jamoatchilik markazi raisi o'rinbosari Ilhom Achilov hamrohligida prokuratura tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishdi.
Mehmonga O'zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyining tashkil etilish tarixi, ekspozitsiyalarning ilmiy konsepsiyasi hamda prokuratura organlarining ko'p yillik faoliyatini yorituvchi arxiv materiallari va tarixiy eksponatlar haqida ma'lumot berildi.
Mazkur muzey dastlab 2009 yilda tashkil etilgan bo'lsa-da, qisqa muddatdan so'ng o'z faoliyatini to'xtatgan edi. O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining 2020 yil 27 yanvardagi farmoyishi bilan prokuratura organlarining ko'p yillik tarixini aholiga xolis va haqqoniy tarzda yetkazish maqsadida, muzeyni qayta tashkil etish, uning ekspozitsiyasini boyitish va bu borada tadqiqotlar olib borishga kirishilgan.
O'zbekiston Respublikasi prokuraturasining 30 yilligi nishonlangan 2022 yilda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan hamda nodir tarixiy eksponatlar bilan boyitilgan O'zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyi davlat muassasasi sifatida rasman faoliyat boshlagan. Muzeyning birinchi bo'limida Markaziy Osiyo hududida ilk davlatlar shakllanishidan to hozirgi kungacha bo'lgan davrni qamrab olgan prokuratura tarixi aks etgan. Muzeyning mazkur ekspozitsiyasi 7 bo'lim, 36 ta stenddan iborat bo'lib, ko'rgazmani yaratishda 5 mingga yaqin hujjat, 7 mingdan ortiq foto va videomateriallar, 2 mingga yaqin eksponat jamlangan.
Muzeyning “Yangi O'zbekiston prokuraturasi faoliyati” nomli bo'limidan so'nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan prokuratura sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar haqida ma'lumot beruvchi eksponatlar joy olgan.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil 31 avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida berilgan konseptual fikrlar va topshiriqlarni so'zsiz ta'minlash bo'yicha tegishli tadbirlar, 2023 yil 11 sentyabr kuni “Qatag'on qurboni bo'lgan prokuratura organlari xodimlarining xotirasini tiklash va abadiylashtirish” yuzasidan Bosh prokurorning 40-F-son Farmoyishi ijrosi bo'yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida O'zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyida Qatag'on qurboni bo'lgan prokuratura xodimlari xotirasini abadiylashtirishga bag'ishlangan yangi ekspozitsiya o'z faoliyatini boshladi.
Muzeyning qatag'on qurboni bo'lgan prokuratura fidoyilariga bag'ishlangan bo'limida qatag'onga uchragan prokuratura xodimlarining hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi 20 ga yaqin stend, 30 ga yaqin maxsus mulyaj hamda zamonaviy texnologiyalar asosida aks ettirilgan ovozli-ko'rgazmali tasvirlar mavjud. Shuningdek, muzeyda sobiq mustabid tuzum davrida turli soxta ayblovlar, tuhmat va ig'volar bilan qatag'on qilingan 160 dan ortiq prokuratura xodimining taqdiri haqida tarixiy hujjatlar saqlanmoqda. O'zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyining yana bir o'ziga xos jihati shundaki, uning tarkibida axborot-kutubxona markazi ham tashkil etilgan.
Tomoshabinlar eng so'nggi texnologiyalar yordamida yaratilgan “Adolat — hamisha g'olib” nomli prokuratura sohasi tarixiga bag'ishlangan mapping shou bilan tanishishadi.
Ma'rifiy tadbir yakunida muzeyning ma'naviy-ma'rifiy ahamiyati, xususan, yosh avlodni tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashdagi o'rni xususida fikr almashildi.
Hamroxon MUSURMONOVA.