Tinchlik va osoyishtalik qaror topgan yurtga bayramlar, tantanalar yarashadi. Ayniqsa, Vatan himoyachilari va ko'pni ko'rgan nuroniylarning o'zaro jam bo'lishi yoshlar qalbida g'urur va iftixor tuyg'ularini yanada jo'sh urdiradi.

El-yurtimizning bebaho boyligi bo'lmish mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida o'tkazilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar ham aynan ana shunday yuksak g'oyalarni o'zida mujassam etmoqda.

Shu munosabat bilan Pop tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda “Nuroniy” jamg'armasi Namangan viloyati bo'limi tashabbusi bilan uchrashuv tashkillashtirildi.

Tadbirda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi bo'lim boshlig'i A. Umarov, jamg'armaning viloyat bo'limi mas'ul xodimlari A. Boltaboyev va Sh. To'rayev, tuman bo'limi raisi           N. Abrorov hamda iste'fodagi polkovnik X. Xidirov ishtirok etishdi.

Ular mustaqillik sharofati bilan xalqimiz erishgan yutuqlar, xususan, oxirgi 10 yillikda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari hamda milliy armiyamiz qudratini oshirish borasidagi islohotlar haqida atroflicha to'xtalib o'tdilar.

Jarayon davomida nuroniylar harbiy qismda askarlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ularni kasb-hunarga o'rgatish hamda oliy ta'lim muassasalariga tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishishdi.

Tadbir nuroniy otaxonlar va yosh askarlar ishtirokidagi “Uch avlod uchrashuvi”ga ulandi.

Ilhom Abdusalomov.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan