Mamlakatimiz bo'ylab 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlandi. Soha jonkuyarlari, faxriylar va faol ijodkorlarga yuksak ehtirom ko'rsatish maqsadida vazirlik, idora va tashkilotlarda, oliy ta'lim muassasalarida bayram tadbirlari, taqdirlash marosimlari tashkil etildi. Shunday tadbirlardan biri O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida ko'tarinki ruhda bo'lib o'tdi.
Tantanali marosimda jurnalistika sohasining yetakchi mutaxassislari, professor-o'qituvchilar hamda keng jamoatchilik vakillari jam bo'lishdi. Tadbirni universitet rektori, professor Sherzodxon Qudratxo'ja kirish so'zi bilan ochib, yig'ilganlarni qutlug' ayyom bilan tabrikladi. Ahamiyatlisi, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari, ustoz jurnalist va publitsist Sharof Ubaydullayev ham milliy matbuotimiz rivojiga qo'shgan ulkan hissasi, ko'p yillik sermahsul va mashaqqatli ijodiy faoliyati uchun universitetning “Faxriy professori” unvoni bilan taqdirlandi.
Milliy jurnalistikamizda o'z maktabini yaratgan ustoz ijodkorga ushbu yuksak unvon va tegishli diplom tantanali ravishda topshirildi. Bayram tadbiri doirasida, shuningdek, soha rivojida alohida o'rin tutgan bir qator taniqli ijodkorlar — Anvar Avazxo'jayev, Muhtarama Ulug'ova, Xayrulla Nuriddinov, Madamin Safarovlarga ham “O'zJOKUning faxriy professori” unvonlari topshirildi.
Bundan tashqari, yaqinda ilmiy daraja va unvonlarga sazovor bo'lgan hamda xalqaro “Scopus” ilmiy ma'lumotlar bazasidagi nufuzli nashrlarda maqolalari chop etilgan bir guruh professor-o'qituvchilar ham alohida e'tirof etilib, rag'batlantirildi. Tantanali marosimda so'zga chiqqan soha faxriylari va mehmonlar barcha hamkasblarini kasb bayrami bilan samimiy qutlab, bugungi o'zbek jurnalistikasining jamiyat hayotidagi o'rni va mas'uliyati haqida qimmatli fikrlarini bildirdilar.
Bir so'z bilan aytganda, ushbu tadbir soha fidoyilariga ko'rsatilayotgan yuksak e'tibor va e'tirofning yana bir yorqin namunasi bo'ldi.
Bahodir VALIYEV.