Universitetni tamomlab, diplom olgan o'g'liga ota 50 yillar avval ishlab chiqarigan “Volkswagen Beetle” avtomashinasi kalitini berar ekan, shunday dedi:

—  Mana, o'qishingni a'lo baholarga tamomlading. Bu mashinani men ko'p yillar avval sotib olgan edim. Ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan. Lekin uni senga sovg'a qilishimdan oldin, shahar markazidagi avtosalonga olib borib, bu mashina uchun qancha narx taklif qilishlarini bilib kelishingni istayman.

O'g'il avtosalonga borib, otasining yoniga qaytdi va dedi: “Ular menga 10000 dollar taklif qilishdi, chunki mashina juda eskirib ketgan”.

Shunda ota: “Endi uni lombardga olib borib ko'rsat-chi, qanchaga olishar ekan?” — dedi.

O'g'il lombardga bordi va qaytib kelib: Mashina juda eskiligi uchun lombarddagilar 1000 dollarga narxlashganini aytdi.

Ota o'g'lidan mashinani antikvar avtomobillar ishqibozlari klubiga olib borib, u yerdagilarga ko'rsatishini so'radi. O'g'il mashinani klubga haydab bordi va hayajon bilan qaytib kelib, shunday dedi: “Klubdagilar menga naqd 100000 dollar taklif qilishdi! Ularning aytishicha, bu juda noyob va kolleksionerlar o'rtasida eng ko'p qidirilayotgan model ekan!”

Shunda ota o'g'liga qarab dedi:

— Seni bir haqiqatni tushunishingni xohlagan edim: faqat to'g'ri tanlangan makon qadringga to'g'ri baho bera oladi. Agar qaerdadir seni qadrlashmasa, aslo g'azablanma, bu shunchaki sen noto'g'ri joyda ekaningdan dalolatdir. Asl qiymatingni biladiganlar — bu seni chin yurakdan ardoqlaydiganlardir. Shunday ekan, qadringni tan olishmaydigan joyda hech qachon qolib ketma!”

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan