Narpayda “Obi hayot” deb atalgan mahalla bor. Odamlari mehmondo'st, biri-biriga mehribon. Shu bois bo'lsa kerak, hududda o'zgalardan pand-nasihatlarini ayamaydigan, yoshlarga to'g'ri yo'l ko'rsatadigan piru badavlat nuroniy otaxonu onaxonlar talaygina.

Tumanning “Totkent” mahallasi hududida joylashgan “Oqsaroy” tantanalar majmuasida “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi tashabbusi bilan tashkil qilingan “Qo'sha qarish saodati” nomli ma'naviy-ma'rifiy tadbirda  bunga yana bir karra amin bo'ldik. Tadbirga 60-70 yil birga yashagan oilalar taklif etildi. Uzukka ko'z qo'ygandek bir-biriga yarashib turgan keksa otaxonu onaxonlarga ko'zingiz tushar ekan, xursandchiligingizni yashirolmaysiz, ularga havas-la boqib, beixtiyor ezgu niyatlar qilasiz.

150 nafardan ortiq ishtirokchining gulduros qarsaklari ostida davraga birinchi bo'lib Rayimqul ota va u kishining turmush o'rtog'i Salomat ona Ergashevalar tashrif buyurishdi. So'ngra birin-ketin Nurullo bobo va Mahkam momo Hamrayevalar oilasi, Bekmurovlar oilasi, Berdiqulovlar oilasi, Berdiyev, Narzullayev, Egamberdiyev, Xo'jayev, Safarov, Bozorov, Hasanov, Bo'ronov, Beknazarov, Imomov, Quvvatov kabi oilalarning piri badavlat otaxonu onaxonlari davra to'rini bezadilar.

Uchrashuvni “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Sh.Habibov kirish so'zi bilan ochdi. Tadbirda tuman hokimi o'rinbosari Sh.Samadov, “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limi raisi o'rinbosari D.Toshboyevlar ham so'z olib, tadbir ahamiyatiga to'xtalib o'tdilar. Katta avlod vakillarining ibratli hayoti va faoliyati barchamiz uchun mahorat maktabi bo'lib xizmat qilishini alohida ta'kidladilar. Shundan so'ng davra to'ridagi mehmonlar — qo'sha qarish saodatiga erishgan otaxonu onaxonlar oila, unda ota-onaning o'rni va roli, farzandlar tarbiyasi, hayot mashaqqatlarini yengib o'tish, baxtli turmush poydevorini yaratish sirlari xususida so'z yuritdilar.

— Bunday ruhdagi tadbirlar aholi, ayniqsa, yoshlar uchun juda muhim, — deydilar Nurullo bobo. — Nega desangiz, bunday uchrashuvlarda yoshlar ulug'larning tajribasidan o'zlari uchun juda kerakli jihatlarni oladilar. Turmush davomida er ayolini, ayol esa erini hurmat qilish, qadriga yetish, shu orqali jamiyatda obro'-e'tibor qozonishni o'ylaydi. Shunday ekan, bu kabi tadbirlar bardavom bo'lishi kerak.

Tadbir san'atkorlar ijrosidagi dilrabo kuy-qo'shiqlarga ulanib ketdi. Uchrashuv yakunida “Nuroniy” jamg'armasi hududiy bo'limi hamda tuman hokimligi tomonidan qo'sha qarish saodatiga erishgan oilalarga esdalik sovg'alari va tashakkurnomalar topshirildi.

Bahodir QILIChEV,

Samarqand viloyati. 

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan