Insonning haqiqiy boyligi u qoldirgan ilmiy merosi, tarbiyalagan shogirdlari va xalq ma'naviyatiga qo'shgan hissasidir. Ana shunday umrini ilm-fan, ta'lim va ma'rifat taraqqiyotiga bag'ishlagan fidoyi ziyolilardan biri Guliston davlat universiteti professori, falsafa fanlari nomzodi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Respublika “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo'limi Faxriylar kengashi raisi Ravshanbek Mahmudovdir.

Uning qariyb yarim asrlik mehnat faoliyatiga nazar tashlasangiz, ilm-fan, ma'naviyat va jurnalistika bir-birini to'ldirgan yaxlit hayot yo'lini ko'rasiz. Bu yo'lda bosilgan har bir qadam komil insonni tarbiyalash, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va jamiyat ma'naviyatini yuksaltirishdek ezgu maqsadlarga xizmat qildi.

1955 yil 28 iyunda Farg'ona viloyatining Beshariq tumanidagi Rapqon qishlog'ida ziyoli oilasida tug'ilgan Ravshanbek Mahmudov 1977 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti) filologiya fakultetini muvaffaqiyatli tamomladi. Ilk mehnat faoliyatini Muqimiy nomidagi Qo'qon davlat pedagogika institutida boshlab, talabalarga “Nutq o'stirish” fanidan saboq berdi.

1983-1984 yillarda “Sirdaryo haqiqati” gazetasida muxbir bo'lib ishlashi uning ijodiy kamolotida muhim bosqich bo'ldi. Bu davr unga hayot voqeligini tahlil qilish, jamoatchilik fikrini shakllantirish va qalam mas'uliyatini chuqur anglash maktabi vazifasini o'tadi.

1984 yildan boshlab esa uning butun mehnat faoliyati Sirdaryo oliy ta'lim tizimi bilan chambarchas bog'landi. G'afur G'ulom nomidagi Sirdaryo davlat pedagogika institutida o'qituvchi, katta o'qituvchi, kafedra mudiri, professor sifatida faoliyat yuritdi. Keyinchalik Guliston davlat universitetida kafedra mudiri, falsafa kafedrasi mudiri, tarbiyaviy ishlar bo'yicha prorektor, ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektor, yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor, rektor maslahatchisi va matbuot kotibi kabi mas'ul lavozimlarda samarali mehnat qildi.

22 yil davomida prorektor, 16 yil kafedra mudiri sifatida ishlash har qanday rahbar uchun yuksak ishonch va katta mas'uliyat demakdir. Ana shu yillar mobaynida universitetda ta'lim sifatini oshirish, ma'naviy-ma'rifiy muhitni mustahkamlash, yoshlarni milliy qadriyatlarga sadoqat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan ko'plab tashabbuslar amalga oshirildi.

Raqamlar olimning yuksak ilmiy salohiyatini ham yaqqol namoyon etadi. Uning muallifligi va hammuallifligida 74 dan ortiq kitob, 8 ta darslik, 12 ta o'quv qo'llanma, 15 ta monografiya, 19 ta risola, 10 ta fan dasturi hamda 20 dan ortiq metodik tavsiyanomalar nashr etildi. Shuningdek, respublika va xalqaro ilmiy jurnallar, to'plamlar hamda ommaviy axborot vositalarida 478 ta ilmiy va 800 dan ziyod ilmiy-ommabop maqolalari e'lon qilingan.

Bu raqamlar quruq statistika emas. Ular ortida yuzlab kunlik ilmiy izlanishlar, minglab auditoriya soatlari, yuksak mas'uliyat va Vatan taraqqiyotiga xizmat qilishga bag'ishlangan fidokorona mehnat mujassam.

Olimning hammualliflikda yaratilgan “Ma'naviyat yulduzlari”, “Buyuk siymolar va allomalar”, “Jahon falsafasi”, “Pedagogika tarixidan lavhalar”, “O'zbekiston falsafasi tarixi”, “Kasbiy ma'naviyat” kabi asarlari, shuningdek, “Notiqlik san'ati va nutq madaniyati”, “Odamlar — mening kutubxonam”, “Ma'naviyat targ'ibotchisi” kitoblari bugun ham talabalar, tadqiqotchilar va ma'naviyat targ'ibotchilari uchun muhim manbalardan biri hisoblanadi.

Quvonarlisi, ustozning tavallud ayyomi arafasida uning ilmiy merosi yana bir muhim asar bilan boyidi. Pedagogika fanlari doktori, professor Muhammadjon Quronov, pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent Shavkat Kenjayev hamda siyosiy fanlar bo'yicha falsafa doktori, dotsent Nuriddin Saidqulov taqrizi ostida “Ma'naviyatshunoslik” o'quv qo'llanmasi nashrdan chiqdi.

Mazkur qo'llanma bakalavriat talabalari uchun mo'ljallangan bo'lib, unda ma'naviyatshunoslikning nazariy asoslari, milliy qadriyatlar, ma'rifiy tarbiya, fuqarolik mas'uliyati va kasbiy ma'naviyat masalalari ilmiy yondashuv asosida yoritilgan. Bu asar olimning ko'p yillik ilmiy izlanishlari va boy pedagogik tajribasining mantiqiy mahsuli bo'lib, uning muborak tavallud ayyomiga munosib ma'naviy tuhfa bo'ldi.

— Insonni yuksaltiruvchi kuch — ilm. Uni komillikka yetaklovchi mezon esa ma'naviyatdir. Agar bu ikki tushuncha uyg'un bo'lsa, jamiyat ham, davlat ham taraqqiy etadi. Shuning uchun biz yoshlarga faqat bilim emas, yuksak ma'naviyat ham berishimiz kerak, — deydi olim.

Uning ta'kidlashicha, kitob yozish olim uchun shunchaki ijodiy mashg'ulot emas, balki yuksak mas'uliyatdir.

— Har bir kitobim orqali yoshlarni mustaqil fikrlashga, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga hissa qo'shishni maqsad qilganman. Kitobning haqiqiy qadri uning qancha nusxada chop etilganida emas, balki nechta insonning qalbi va tafakkuriga yo'l topganida namoyon bo'ladi, — deydi ustoz.

Bugun ham Ravshanbek Mahmudov faol jamoat arbobi sifatida el xizmatida. U O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo'limining Faxriylar kengashiga rahbarlik qilib, yosh jurnalistlarni qo'llab-quvvatlash, milliy jurnalistika an'analarini davom ettirish hamda ijodkorlar o'rtasida ustoz-shogird maktabini mustahkamlashga munosib hissa qo'shib kelmoqda.

Shuningdek, Sirdaryo viloyati Ma'naviyat va ma'rifat kengashi hamda qator jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda shahar va tumanlarda o'tkazilayotgan yuzlab ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va davra suhbatlarida faol ishtirok etib, yoshlar qalbida Vatanga muhabbat, milliy g'urur va fuqarolik mas'uliyati tuyg'ularini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Uning ko'p yillik samarali mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib e'tirof etildi. U “Oliy ta'lim fidoyisi”, “Ma'naviyat fidoyisi”, “O'zbekiston Respublikasi xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishonlari, O'zbekiston mustaqilligining yubiley nishonlari bilan taqdirlangan. 2022 yilda esa ta'lim, ilm-fan va ma'naviyat rivojiga qo'shgan salmoqli hissasi uchun “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

Ravshanbek Mahmudovning hayot yo'li bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlaydi: haqiqiy ustozning boyligi lavozim yoki mukofotlarda emas, balki tarbiyalagan shogirdlari, yaratgan kitoblari va jamiyat ma'naviyatiga qo'shgan beqiyos hissasida namoyon bo'ladi.

Zero, ma'naviyatni umrining mazmuniga aylantirgan insonning nomi vaqt o'tishi bilan unutilmaydi. Uning ezgu ishlari, boy ilmiy merosi va hayot falsafasi kelajak avlod uchun hamisha ibrat maktabi bo'lib qolaveradi.

G'ulom Primov.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan