Ochig'ini aytsam, e'tirofdan g'oyat mamnun bo'ldim. Mamlakatimizda jamiyat barqarorligiga jiddiy e'tibor qaratilayotgan bir paytda, ko'plab ijtimoiy sohalar, jumladan, ta'lim, xavfsizlik, moliya, sanoat, qishloq xo'jaligi qatori sog'liqni saqlash tizimiga va ushbu soha xodimlariga ham imkoniyat va yengilliklar yaratib berilayotgani, ularning mehnatlari qadr topayotgani quvonarli, albatta. O'z navbatida, salomatlik posbonlarining vazifasi insonlarga sog'lom kelajak barpo etishga ko'maklashish, aholi salomatligini qo'llab-quvvatlashda davlatga ko'makdosh bo'lishdan iborat.

Shu choqqa qadar endokrinologiya bo'yicha olib borgan izlanishlarimiz natijasi sifatida bir qator ilmiy maqolalar, uslubiy qo'llanmalar yuzaga keldi, amaliyotda esa qand kasali, yurak-qon tomir kasalliklari va yondosh kasalliklar profilaktikasi yo'lga qo'yilib, aholi salomatligini barqarorlashtirishga erishdik. Faoliyatim davomida qandli diabetga chalingan ko'plab bemorlarni davoladim. Ilgariga solishtirganda, bugungi tibbiyot amaliyotida kasalliklarni davolashga qaratilgan chora-tadbirlarning ko'lami ancha keng.

Shuni ta'kidlash kerakki, kasalliklar, xususan, qandli diabet faqat muolajalar bilangina davolanadigan kasallik emas, turmush tarzini tashkil etishdagi shaxsiy odatlar ham katta rol o'ynaydi. Masalan, ko'p kaloriyali ovqat va kam harakatlilik mazkur kasallikning bosh omillaridan hisoblanadi. Demakki, aholi orasida sog'lom turmush tamoyillarini keng ommalashtirish zarur. Bu jarayonda nafaqat shifokorlar, balki keng jamoatchilik ishtiroki muhim.

Mehnatlaring el-yurt tomonidan qadrlansa, bundan ulug'roq sharaf bo'lmaydi. Shu ma'noda, “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni men uchun yurtdoshlarimiz, davlatimiz hamda Prezidentimiz ishonchi va e'tirofining ramziy namunasi sifatida alohida qiymatga ega, shu barobarda, sog'liqni saqlash tizimining faxriy xodimi sifatida yelkamizga mas'uliyat yuklamoqda hamda yangi reja va vazifalarga yo'l ochmoqda.

Oydin ABDULLAYEVA,

oliy toifali shifokor-endokrinolog,

I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni sohibasi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan