Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, “Andijon devzira oshi” geografik ko'rsatkich sifatida davlat ro'yxatidan o'tkazildi.
“Andijon devzira oshi asrlar davomida shakllangan oshpazlik an'analari, o'ziga xos tayyorlanish usuli va noyob ta'mi bilan ajralib turadigan milliy taom hisoblanadi. Ushbu osh turi, asosan, Farg'ona vodiysida yetishtiriladigan mashhur devzira guruchi asosida tayyorlanadi. Devzira guruchi o'zining qizg'ish tusli, zich va sifatli donalari bilan ajralib turib, oshga betakror ta'm, xushbo'ylik hamda dona-dona ko'rinish bag'ishlaydi. Geografik ko'rsatkich maqomining berilishi “Andijon devzira oshi” nomi va uning an'anaviy tayyorlash texnologiyasini huquqiy jihatdan himoya qilish, mahsulotning o'ziga xosligini saqlab qolish hamda uning sifat kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mazkur maqom Andijon viloyatining gastronomik salohiyatini namoyon etish, milliy brendlarni rivojlantirish, turizmni qo'llab-quvvatlash va o'zbek oshpazlik madaniyatini xalqaro miqyosda targ'ib etish uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.