Respublika “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari Mirzajonova Xayriniso Xolmatovnani butun mamlakatimizda yaxshi tanishar edi. Davlat va jamoat boshqaruvi tizimlarida uzoq yillar samarali mehnat qilgan ushbu fidoyi inson el-yurtimiz manfaatlari yo'lida bor kuch-imkoniyatlari, bilim va tajribasini safarbar etgan faol yurtdoshlarimizdan biri edilar.
Xayriniso Mirzajonova 1947 yil 10 mart kuni Toshkent viloyatining O'rta Chirchiq tumanida tug'ilgan. 1969 yilda hozirgi Nizomiy nomidagi TDPUni tamomlagan. O'z faoliyatini maktab o'qituvchiligidan boshlab, Toshkent viloyati O'rta Chirchiq tumani 9-maktab direktori, Narimonov shahar xalq ta'limi bo'limi mudiri, Bektemir tumani xalq deputatlari Kengashi raisining birinchi o'rinbosari, Bektemir tumani xokimi o'rinbosari, O'zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo'mitasi bosh mutaxassisi, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi o'rinbosari, “Nuroniy” jamg'armasi Respublika Boshqaruvi bo'lim boshlig'i, rais o'rinbosari, Respublika “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari vazifalarida sidqidildan mehnat qilgan.
Xayriniso Xolmatovnaning mehnatlari davlatimiz tomonidan e'tirof etilib, “Shuhrat” medali, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Faxriy yorlig'i bilan taqdirlangan.
— Xayriniso Xolmatovna “Buvijonlar maktabi” guruhining barcha faollariga o'rnak edilar, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Samarqand viloyati bo'limi “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari Gulbahor Xusainova. — Mahallalarda hamjihatlik muhitini asrash, oilalarda totuvlikni ta'minlash, qizlarimizni milliy qadriyatlarimiz ruhida, zamonaviy, ilmli, kasb-hunarli qilib tarbiyalashda hamisha o'ziga xos tashabbuslarni ilgari surardilar. Har bir masalaga mulohaza bilan yondashib, muammolar yechimini topishda barchamizga o'rnak bo'lardilar. Xayriniso Xolmatovnaning ochiq chehraligi, shirinso'zligi, insonlarga samimiy muomala-munosabati, yoshlarning kelajagiga xayrixohligi, atrofidagilarga qo'lidan kelgancha yaxshilik qilishga urinishdek fazilatlari biz uchun katta maktab edi. Ham ishda, ham oilada mas'uliyatni birdek zimmalariga olib, el-yurt, insonlar roziligi yo'lida olib borgan halol va fidoyi mehnat faoliyatlari, o'ziga xos insoniy fazilatlari barchamizga ibrat hamda namunadir.
Xayriniso Mirzajonova, chin ma'noda, ibratli umr yo'lini bosib o'tdi. Hayotini el-yurt ravnaqiga hissa qo'shishdek ezgu ishga bag'ishlagan onaxonimizning porloq xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi.
Tahririyat.
Qashqadaryolik eng keksa faxriy vafot etdi
Joriy yilning 21iyunida Qamashi tumanining “Mang'it” mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ro'ziboy ota Sattorovning 116 yoshda vafot etgani haqidagi noxush xabar mamlakatimiz bo'ylab tarqaldi.
Ro'ziboy otaning yoshlik yillari kolxozlashtirish paytlariga to'g'ri keldi. Ot-arava bilan qishloq xo'jaligini rivojlantirish uchun astoydil ishladi. Ikkinchi jahon urushi boshlangach, ko'plar qatori Ro'ziboy Sattorov ham urushga safarbar etildi. Rossiya o'rmonlarida bir oy jangga tayyorlanishgach, urushga kirdi. Janglarning birida Ro'ziboy Sattorov o'ng oyog'idan yaralanib, 8 oy mobaynida harbiy gospitalda davolandi. Uning oyog'idagi jarohati to'liq bitmasdan yana urushga ketdi. Qishning izg'irinli sovug'i, o'rmonlardagi zax uning oyog'idagi jarohatni qaytalab, yana gospitalda yotib davolandi. 1941 yildan 1945 yilning 25 sentyabriga qadar harbiy xizmatda bo'lib, 1945 yilda Berlingacha borib, 8 oy mobaynida o'sha yerda jang qildi. 9 may kuni urush yakuniga yetgani rasman e'lon qilingach, 1948 yilda sog'-omon G'alaba bilan uyiga qaytdi. Urushdan qaytgach, G'uzor tumani xo'jaliklarida, so'ng Yakkabog' tumanidagi kolxozda aravakash bo'lib ishladi…
Ro'ziboy boboning ko'ksini to'ldirgan orden-medallar Ikkinchi jahon urushining har bir kunini, otaning jasoratlarini kishi yodiga solib turgandek bo'lardi.
— Ro'ziboy bobo Sattorov nafaqat tumanimiz, balki Qashqadaryoning faxri edi, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Qamashi tumani bo'limi raisi Normo'min Imomov. — “Mang'it” mahallasi yoshlari Ro'ziboy bobo bilan uchrashuvlar o'tkazib turishar, boboning mazmunli hayot yo'li, ko'rsatgan jasorati bilan haqli ravishda faxrlanishardi. Bugun O'zbekistondagi eng yoshi katta bo'lgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisini so'nggi manzilga kuzatib qo'ydik. Uning jasorati yoshlar uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Urushdan qaytgandan so'ng Ro'ziboy Sattorov mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi uchun o'z mehnatini ayamadi. 5 nafar farzandni voyaga yetkazib, uyli-joyli qildi. Bugun bobo oramizda bo'lmasa-da, uning pok ruhi doimo qalblarda yashaydi. Siz doimo qalbimizdasiz, Ro'ziboy bobo!
Shavkat SULTONOV,
“Nuroniy” muxbiri.