Mamlakatimizda turizm salohiyatini oshirish, sayyohlarga xizmat ko'rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida Xiva hamda Toshkent shahrini o'zaro bog'laydigan “Jaloliddin Manguberdi” nomli tezyurar poezdi harakati yo'lga qo'yilgan edi.
Darhaqiqat, “Xiva-Samarqand-Toshkent-Xiva” marshruti bosib o'tiladigan yo'l masofasini qisqartiribgina qolmay, ortiqcha ovoragarchiliklarga ham barham berdi. Bu, tabiiyki, yurtimizda turizm uchun o'ziga xos qulayliklar yaratdi.
Xorazm viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Keksalar uchun turizm” loyihasi doirasida faol nuroniylar ishtirokida sayohat tashkil etildi.
— Bu galgi sayohat barcha nuroniylar ko'nglini tog'dek ko'tardi, — deydi sayohat ishtirokchisi, “Nuroniy” jamg'armasi Xorazm viloyati bo'limi jamoatchilik kengashi a'zosi Zaripboy Ibragimov. — Turli soha vakillaridan iborat 45 nafar xorazmliklarning Jamg'arma viloyat bo'limi raisi Rustam Sultonov boshchiligida “Jaloliddin Manguberdi” nomli tezyurar poezdida Samarqand va Toshkent shaharlariga sayohatga chiqqani ayni muddao bo'ldi. Men ham ushbu safardan olam-olam taassurotlar oldim. Ularni o'z mahallamda aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida keng targ'ib qilaman. Maqsadim — Vatanimiz va xalqimiz farovonligi, yuksalishiga munosib hissa qo'shish.
Guruh a'zolari shu kuni Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasi, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishdilar. Sayohatchilar ushbu e'tibor va imkoniyat uchun tadbir tashkilotchilariga tashakkur bildirib, duoga qo'l ochdilar.
Shavkat SULTONOV,
“Nuroniy” muxbiri.