Avval xabar berganimizdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida “Faxriylar to'g'risida”gi qonun loyihasi birinchi o'qishda ko'rib chiqilgan edi. “Nuroniy” jamg'armasi Respublika Boshqaruvi hamda O'zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi tashabbusi bilan davlat va jamoat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan Faxriylar kengashlari rahbarlari ishtirokida mazkur qonun loyihasi muhokamasiga bag'ishlangan kengaytirilgan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Unda O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev, Bosh prokuratura Faxriylar kengashi raisi, iste'fodagi general-mayor Botir Kalonov, Oliy sud Faxriylar Kengashi raisi Ubaydulla Mingboyev, Prezident davlat xavfsizlik xizmati Faxriylar Kengashi raisi, iste'fodagi general-mayor Axat Nosirov, Davlat xavfsizlik xizmati Faxriylar Kengashi raisi, iste'fodagi polkovnik G'ayrat Dadajonov, Milliy gvardiya Faxriylar Kengashi raisi, iste'fodagi polkovnik Murod Mamayusupov, Mudofaa vazirligi Faxriylar Markaziy Kengashi raisi, iste'fodagi polkovnik Abubakir Navro'zov, Ichki ishlar vazirligi Faxriylar Kengashi raisi, iste'fodagi general-mayor Erkin Norgitov, DXX Faxriylar Kengashi raisi o'rinbosari, Chegara Qo'shinlari Faxriylar Kengashi raisi, iste'fodagi polkovnik Xayrulla Sagdullayev, O'zbekiston “VETERAN”jangchi-faxriy va nogironlari Birlashmasi raisi Tal'at Murodov, Birlashma raisining birinchi o'rinbosari, iste'fodagi polkovnik Ilimdar Ilyasov, Birlashma raisi o'rinbosari, Toshkent shahar Kengashi raisi, iste'fodagi polkovnik Rustam Sultonov, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri maslahatchisi, iste'fodagi polkovnik Bahodir Umurzaqov, Birlashma raisi maslahatchisi, iste'fodagi polkovnik Anvar Rashidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo'mitasi a'zosi Azamat Pardayev, Mehnat, sog'liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo'mitasi a'zosi Anvarjon Nurmatov hamda OAV vakillari qatnashdi.
Tadbirda deputatlar ushbu qonun loyihasining mazmun-mohiyati haqida ma'lumot berdi. Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadi faxriylar maqomi va toifalarini aniqlash, ushbu sohadagi mas'ul vazirlik hamda idoralarning vakolatlarini belgilashdan iborat.
Shuningdek, hujjat bilan faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, imtiyozlari hamda davlat tomonidan taqdim etiladigan kafolatlari huquqiy jihatdan mustahkamlanmoqda.
Xususan, faxriy maqomini berish asoslari qonun loyihasida belgilangan tartibga muvofiq, muayyan bir soha, tarmoq yoki kasbiy faoliyatda uzoq yillar davomida vijdonan va namunali mehnat qilganlik, davlat va jamiyat oldidagi alohida xizmatlari uchun tegishli e'tirofga sazovor bo'lganlik mezonlari asosida beriladi. Mazkur maqomga ega bo'lgan fuqarolarni tizimli ravishda qo'llab-quvvatlash maqsadida ijtimoiy muhofaza, soliq va pensiya ta'minoti bo'yicha qator imtiyozlar joriy etilmoqda.
Jumladan, qonun loyihasida sanatoriy-kurort va sog'lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish hamda dori vositalari bilan imtiyozli shartlarda ta'minlanish, uy-joy kommunal xizmatlari to'lovlarini qoplash uchun majburiy kompensatsiya mablag'larini olish, shahar yo'lovchi transportidan bepul foydalanish hamda havo va temir yo'l chiptalarini imtiyozli (chegirmali) narxlarda xarid qilish, davlat xizmatlari markazlari va boshqa idoralarda navbatsiz xizmat ko'rsatilish huquqi ko'zda tutilmoqda. Shuningdek, madaniyat, sport va ko'ngilochar muassasalar, teatrlar, muzeylar hamda moddiy madaniy meros ob'yektlarining pulli xizmatlaridan imtiyozli tartibda foydalanish ham shular jumlasidandir.
Muhokamalarda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Faxriylar kengashlari rahbarlarining fikr va mulohazalari eshitildi. Ishtirokchilar qonun loyihasini qo'llab-quvvatlab, bugungi murakkab geosiyosiy jarayonlar fonida mazkur hujjatning qabul qilinishi davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan izchil va uzoqni ko'zlagan siyosatning naqadar dolzarb ekanligidan dalolat berishini ta'kidladilar.
Bundan tashqari, yig'ilishda “O'zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta'minlash, 2026–2030 yillarga mo'ljallangan qo'shma chora-tadbirlar dasturi loyihasi ham atroflicha ko'rib chiqildi. Dasturda keksa avlod vakillari, nogironligi bo'lgan shaxslar, jangchi-faxriylar hamda harbiy burchini bajarish chog'ida halok bo'lgan harbiy xizmatchilar oilalarining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash ham nazarda tutilgan.
Tadbir davomida Faxriylar kengashlari rahbarlari tomonidan dasturni yanada takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar ilgari surildi. Ta'kidlash joizki, mazkur muloqot jonli fikr va axborot almashinuvi orqali tizim faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiladigan samarali hamkorlik mexanizmiga aylandi.
Yig'ilish yakunida Dasturning maqsad va vazifalari, undan kutilayotgan natijalar hamda uning hayotga tatbiq etilishida Faxriylar kengashlarining o'rni va mas'uliyati yuzasidan munozaralar o'tkazilib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tal'at Murodov,
O'zbekiston “VETERAN”
jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi raisi.