Yurtimizda nuroniylarning ijtimoiy faolligini qo'llab-quvvatlash, ularga g'amxo'rlik ko'rsatish, yuksak hayotiy tajribalaridan yosh avlod kamoli, xalq farovonligini oshirishda oqilona foydalanish bilan bog'liq tizimli ishlarni amalga oshirishda Qoraqalpog'iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan nuroniylarning ham alohida hissasi bor. Xususan, Taxiatosh tumanida amalga oshirilayotgan tadbirlarda ham keksa avlod vakillari o'zlarining tashabbuskorligi, faolligi bilan barchaga o'rnak bo'lib kelishmoqda.

Taxiatosh tumanida ayni paytda  77 ming nafar aholi istiqomat qilayotgan bo'lsa, ulardan 7000 dan ortig'ini faxriy nuroniylar tashkil etadi. “Nuroniy” jamg'armasi Taxiatosh tumani bo'limi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 15 martdagi “Nuroniylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 167-sonli, 2023 yil 11 martdagi “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo'llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 92-sonli qarorlari va yana qator hujjatlar ijrosini ta'minlash yuzasidan ko'plab tashabbuslar amalga tatbiq etilmoqda.

Joriy yilning 6 oyi davomida olib borilayotgan ezgu tashabbuslar doirasida “Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturining 1-bosqichida 14 mahalladan 42 nafar faol nuroniyga kambag'allik reestrida turuvchi 210 nafar kambag'al oila biriktirilgan edi. Faol nuroniylar o'zlariga biriktirilgan oilalarga tomorqadan samarali foydalanish, daromadli ekin turlarini ekib, parvarishlash,  ehtiyojmand oila farzandlarini qo'llab-quvvatlash, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, mahallalardagi hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirish, shuningdek, ushbu oilalarning ta'lim muassasalarida o'qiyotgan farzandlarini o'quv jihozlari, qurollari hamda sport kiyimlari bilan ta'minlash borasida amaliy yordamlar ko'rsatib kelmoqdalar.

Ushbu amaliy sa'y-harakatlar natijasida 210 ta oiladan
170 tasi  kambag'allik reestridan chiqarildi. 2-bosqichda ham 42 nafar faol nuroniyga 210 nafar kambag'al oila biriktirilib, 5 oy davomida 58 foiz oila kambag'allik reestridan chiqarildi. Masalan, “Aydin jol” MFYdan faol nuroniylarga biriktirilgan Jalilova Og'ulsheker, Bekimbetova Bibajar, Tajidinov Xamidullalarning oilasi uchun tegishli tashkilot va korxonalar homiyligida yangi uy qurib berildi. O'quvchi farzandlari “Nuroniy” jamg'armasi tomonidan stol-stul hamda sport kiyimlari bilan ta'minlandi. Hozirgi kunda 3-bosqich ishlari davom ettirilyapti.

“Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul”  loyihasi asosida joriy yilning yanvar oyida tumandagi 14 ta mahalladan 17 nafar faol nuroniyga 170 nafar yosh biriktirib berilgan. Ular ayni yo'nalishda uyushmagan, tarbiyasi og'ir, ma'naviy ko'makka muhtoj yoshlar bilan yaqindan ishlab, mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish, ajrim yoqasida turgan yosh oilalar o'rtasida o'zaro hamjihatlikni ta'minlash,  mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan ta'sirchan choralarni qo'llamoqdalar. Targ'ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirilgan tartibda olib bormoqdalar.

Nuroniylarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug'ullanishga jalb etish, keksa avlod vakillarining sog'lig'ini mustahkamlash, har tomonlama jismoniy faolligini oshirish, mahallalarda sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilishda “G'ayratli keksalar” shiori ostidagi sport musobaqalari o'zgacha ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu musobaqalarda 14 ta mahalladan 143 nafar nuroniy ishtirok etib, sportning 4 ta turi — shaxmat, shashka, mini-futbol, milliy kurash bo'yicha faol ishtirok etgan nuroniylar ichidan g'olib va sovrindorlar aniqlanib, ular tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandilar.

 Yuqoridagilar bilan birga, tumanda “Uch avlod uchrashuvlari”, “Qo'sha qarish saodati”, “Faxriylar — faxrimiz”, “Yuz bilan yuzlashganlar” va yana qator loyihalar asosida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkillashtirilib, ularda keksa, o'rta va yosh avlod vakillarining faol ishtiroki ta'minlanmoqda.

Bo'lim o'z faoliyatida mehr-e'tiborga muhtoj keksalarga, yuz yosh bilan yuzlashgan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va frontorti mehnat faxriylarining holidan xabar olishga asosiy masalalardan biri sifatida e'tibor qaratadi. Jumladan, bir guruh mutasaddilar “Keneges” ovul fuqarolar yig'inida istiqomat qilib, 100 yoshni qarshi olayotgan, front ortida mardonavor xizmat qilgan nuroniy otaxon Tajimurat Allayarov xonadoniga bordilar.

— Yurtimizning taraqqiy topishiga o'zining ulkan hissasini qo'shgan nuroniylarimizni har qancha qadrlasak, shuncha kam, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Taxiatosh tumani bo'limi raisi Aminbay Ersaidov. — Shu ma'noda, aytish kerakki, Tajimurat ota Allayarovning qishloq xo'jaligi sohasini rivojlantirish, xalqimiz dasturxonining to'kin-sochinligini ta'minlash yo'lidagi jonkuyar, fidoyi va olijanob mehnatlari tahsinu e'tirofga sazovor. Bunday insonlarning xalq manfaatlarini ta'minlash yo'lidagi jonbozliklari aslo unutilmaydi.

Uchrashuv yakunida otaxonga mutasaddi tashkilotlarning sovg'alari topshirildi.

Darhaqiqat, hayotiy tajribaga ega, turmush tashvishlarida sinalgan, ko'pni ko'rgan keksalarning pand-nasihatlari yosh avlod tarbiyasida katta ahamiyatga ega. Inson farzandining barkamol shaxs sifatida kamol topishi, jamiyatda munosib o'rin egallashi, xalqi hamda Vatani uchun kerakli inson bo'lib ulg'ayishida nuroniylarning yordami va maslahatlari hech qachon o'z qimmatini yo'qotmaydi. Shunday ekan, Taxiatosh tumanida ham nuroniylarning ijtimoiy faolligini oshirishdagi tashabbuslar bardavom bo'lib qolaveradi.

Nodira Atiyazova,

“Nuroniy” jamg'armasi Taxiatosh tumani bo'limi mutaxassisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan