9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Ma'lumotlarga qaraganda, Ikkinchi jahon urushiga jalb etilgan vatandoshlarimiz soni 1 million 950 ming nafarni tashkil etib, bu ko'rsatkich o'sha davrdagi aholining qariyb uchdan bir qismiga to'g'ri kelgan. Urushda halok bo'lganlar soni 538 mingdan ziyod, bedarak yo'qolganlar esa 158 ming nafardan ortiq ekani ko'rsatilmoqda. Shuningdek, 4 ming 555 nafar o'zbekistonlik xotin-qizlar frontga safarbar etilgan.
Joriy yilning 6 may holatiga ko'ra, O'zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari (urush qatnashchilari hamda unga tenglashtirilganlar) jami 60 nafarni tashkil etadi.
9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo'ylab Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, frontorti mehnat faxriylariga yuksak hurmat-ehtirom ko'rsatildi. Keksa nuroniylar holidan xabar olindi, ularga Prezident tabrigi o'qib eshittirilib, sovg'alar topshirildi.
Yo'qlov tadbirlari davomida Namangan viloyati Yangiqo'rg'on tumanida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 104 yoshli Muhammadibrohim ota Inomov xonadoni, Toshkent shahri Chilonzor tumanida yashovchi, yaqinda qutlug' 100 yoshni qarshi oladigan Antonina Kolomenseva xonadoni, Xorazm viloyati Hazorasp tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Bekchon ota Matnazarov xonadoni, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Beruniy tumanida yashovchi frontorti mehnat faxriylari xonadonlari juda gavjum bo'ldi. Ularga davlatimiz rahbarining sovg'alari va tabrigi yetkazildi.
Namangan viloyati Chust tumanida 30 nafar frontorti mehnat faxriylari hayot kechirmoqda. Bayram kunlari tumanning “Hisorak” mahallasida yashovchi Sobiraxon aya Munavvarova, “Sabzazor” mahallasida istiqomat qiluvchi Aminjon ota Valiyev hamda boshqa nuroniy faxriylar holidan xabar olinib, ularga bayram sovg'alari taqdim etildi. Keksalar duoga qo'l ochib, tinch-omon zamonga shukrona aytishdi, el-yurtimizga tinchlik-omonlik tilashdi.
Shuningdek, front ortida fidokorona mehnat qilgan, hozirda Navoiy viloyati Karmana tumanida yashayotgan 97 yoshni qarshi olgan H.Egamov hamda 90 yoshni qarshi olgan faxriy o'qituvchi X. Rahmatovlarning xonadoniga “Nuroniy” jamg'armasi Navoiy viloyati bo'limi raisi Shabon Nabiyev, mahalla faol nuroniylari, o'quvchi-yoshlar borib, jamg'arma tomonidan pul mukofoti va esdalik sovg'alari topshirildi.
Sana munosabati bilan Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani “Beruniy” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi frontorti mehnat faxriysi Mohinisa aya Qo'chqorova holidan xabar olindi. Viloyatning Chinoz tumanida istiqomat qiluvchi 101 yoshli mehnat faxriysi Qo'ysinoy aya Mansurova xonadoniga yo'qlab borildi. Keksalar Yurtboshimizning nuroniylarga ko'rsatayotgan g'amxo'rligi, davlatning e'tiboridan mamnun bo'lib, dorilomon kunlar uchun shukrona aytib, duolarga qo'l ochdilar.
Darhaqiqat, yurtimiz bo'ylab tashkil etilayotgan yo'qlov tadbirlari, har yili an'anaviy tarzda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini moddiy rag'batlantirishning tashkil etilishi bayram tadorigi bo'libgina qolmay, O'zbekistonda inson qadri ulug' ekani, donishmand va ulug'vor xalqimizning dolg'ali yillarda ko'rsatgan buyuk jasorati yuksak e'tirofga munosib ekanini yaqqol ko'rsatmoqda.
S.SOBIROVA.