“Belarus daftari”dan

Tong. O'rmonning qoq o'rtasi. Minskdan o'ttiz chaqirim naridamiz. Ya'ni Puxovichi degan tumanda. Shu yerlik fotojurnalist Dimitriy hamda sakson yoshdan oshgan ozg'in, lekin chaqqon va chayir tarixchi Aleksandr Aleksandrovich hamrohim. Biz o'rmonni kesib o'tib, qishloqqa kirdik. Menga Ikkinchi jahon urushi payti, bolaligida Toshkentga evakuatsiya qilingan, o'smirligi ona yurtimizda kechgan bir kampirni ko'rsatishmoqchi. Darvoqe, qishloqdoshlari uni Toshkent momo deyisharkan.

Keksayib-qartaygan kampir bilan yuzlashish juda hayajonli kechdi.

Kampir kimligim, qaerdan kelganimni bilgach, kulbasining yog'och zinasiga o'tirib yerga tikilib qoldi. Anchagacha miq etmadi. Keyin so'lg'in nigohlari namlandi.

Ha, Xotira o'lmaskan… Bolalik o'lmaydi. Yaxshilik o'lmaydi! O'lmaydi! O'lmaydi! O'lmaydi!!!

Vujudi qartaygan kampirning botinida hali xotira mavjlari tirikligi, xotira ummon bo'lib to'lqin urayotgani, oqayotgan ko'z yoshlar esa xotira ummonining tomchilari ekanligini xis qildim. Xuddi uzoq yillardan beri dom-daraksiz yo'q bo'lib ketgan o'g'li bag'riga qaytgan mushtipar kabi titrar edi u.

Ochig'i, mening ham ko'zimdan yosh siza boshladi. Sheriklarim kampirga hazil-huzil qilishdi: “Nega yig'layapsiz? Mana, ataylab Toshkentdan sizni izlab kelishibdi. Undan ko'ra topgan-tutganingizni opchiqib, dasturxon tuzamaysizmi?”

Kampir menga angrayib qaradi-da, jilmaydi… Bu yog'ini endi she'rga soldim:

 

Kulba. Qaqshoq kampir tinmaydi bir pas

Shamolni qamagan kabi ichiga…

Dasturxon tuzaydi — non, pishloq, kvas…

“Bolam, xush kelibsan, Puxovichiga…”.

 

O'g'li jangdan qaytgan kabi ko'ngli to'q,

O'zini qo'yarga topmayapti joy.

Xijolat tortadi: “Bizda choynak yo'q…”

Istokonda damlab uzatar ko'k choy.

 

Albom varaqlarkan jilmayar kampir —

Go'yo ko'z o'ngimda gullaydi og'och…

Ozg'in barmoqlarda titraydi taqdir:

“Bu – men! Bolaligim… Toshkent. Beshyog'och…”.

 

Kampir nigohida miltillaydi cho'g',

Zaminni ko'tarib turar kiprigi.

So'zlarkan bo'g'ziga sog'inch urar tig':

“Hali ham shirinmi, Toshkent o'rigi?!”.

 

So'ngra ma'yus boqar — titraydi albom,

Havolarda ingrar jon zarralari…

Mening ko'z o'ngimdan o'tadi shu dam

Qiyomatning qonli manzaralari…

 

Belarus yerini o'q, olov oldi —

Tanklar zanjirida aylanar falak.

O'zbek qo'l uzatdi. Sog'-omon qoldi

Zambarak og'zida turgan qizaloq…

 

Tiriklikni qirib qaytmaydi izga

Urush ko'kni yorib qilar tantana.

Yeru osmonidan ayrilgan qizga

Toshkentning osmoni bo'lar boshpana.

 

Qaytar chog'im quchdi: “Bolam, ko'p yasha!”

Ko'ksimga bosh qo'ydi. Titradi labi…

Ko'zlari javdirab boqardi… O'sha,

urush uloqtirgan qizaloq kabi…

 

Kampir der: “Unutmam… Yaratgan Egam

Ko'nglimda borini ko'rib turibdi.

Bolam, Senga aytsam, ko'ksimda shu dam

O'zbekning yuragi urib turibdi!..”.

Qo'chqor Norqobil,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan