To'raqo'rg'on tumanidagi Shahand qishlog'ining o'z tarixi, fayzi, barakasi bor. Bu betakror go'sha odamlarining mehmondo'stligi, piru badavlat nuroniylarining xokisorligi, bebaho tabiati, bobodehqonlarining mehnati, toza havosi bilan tillarda doston.
Shahand qishlog'ining “Bozorboshi” mahallasi ahli azaldan kulolchilik bilan shug'ullanib kelsalar, “Majnuntol” mahallasidagilar qandolatchilik bilan dong taratishgan. Yo'ldoshali kulol, Sharifxon otalar qo'lida sayqal topgan kulolchilik mahsulotlari xaridorgirligi bilan mashhur bo'lgan.
“Manjuntol”dagi piru badavlat nuroniylarning duolari elni asramoqda. Ana shunday nuroniylardan biri Qumriniso aya Temirova bo'lib, momo tabarruk 101 yoshni qarshi oldilar.
— Qumriniso ona bilan ellik yildan buyon qo'shni bo'lib yashab qelamiz, — deydi Abdimutal ota Akromov. — Shahand azaldan buyuklar yurti bo'lib, Mirzo Bobur ham shu yurtning farzandi ekanligidan faxrlanamiz. Olloh momoning umrlarini ziyoda qilsin. Momo mahallamizning yoshu qarisiga birdek mehribon. Shirin so'zlari bilan barchaga ibrat bo'lib kelyaptilar. “Yomg'ir bilan yer ko'karar, duo bilan el” degan naql bejiz aytilmagan. Qumriniso momo qo'llarini doimo duoga ochib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik tilaydilar.
Qumriniso momo yoshlik yillarini shunday xotirlaydilar:
— Yoshligimizda kolxozning pillasini yetishtirib, farzandlarimizni og'ir mehnat bilan ulg'aytirdik. Bir parcha non topish mashaqqat edi. Buning uchun kecha-kunduz yelib-yugurardik. Hozirgi zamondan aylanay. Davlatimiz rahbari biz, keksa avlod vakillarining hurmatini joyiga qo'yganliklari uchun rahmatlar aytamiz. Iloho, umrlari uzoq bo'lsin. Barcha sharoitlarni yaratib beryaptilar. Qishlog'imiz odamlari azaldan qandolatchilik bilan shug'ullanib, ro'zg'or tebratishgan.
Darhaqiqat, hozirda ham Shahand holvapazlarining tayyorlaydigan parvarda-yu novvotlari, pechak, dondon qandlari, savanak, pashmak, kunjutli holvalari elga mashhur.
Momo yostiqdoshi Ikromxon ota bilan 6 nafar fazandni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Turmush o'rtog'i Ikromxon otaning vafotidan so'ng farzandlar tarbiyasi bilan Qumrixon ayaning o'zi astoydil shug'ullanib, ularni elga qo'shdi. Turmush qiyinchiliklarini ortda qoldirib, bolalarini oq yuvib-oq taradi. Ularni sog'-omon ulg'aytirganiga shukronalar aytdi. Onaxon hozirda ham o'zlari mustaqil ravishda harakat qilib, birovga og'irlarini tushirmaydilar. Ko'rish va eshitish qobiliyati yaxshi.
Insonning boshi toshdan ham qattiq deyishadi. Momoning Tursunmuhammad hamda Nurmuhammad ismli farzandlarining bevaqt vafoti onaxonni anchayib g'amga botirib qo'ydi. Shunda yaqinlari, qishloq ahlining shirin so'zlari momoga anchagina dalda bo'ldi. Momoning 27 nafar nabira, 74 nafar chevara va 17 nafar evarasi bor. Kenja farzandi Shermuhammad Temirov bilan birga yashayotgan onaxonga kelini Shahribonu qarashib turadi. Bundan momo xursand.
Namangan viloyati hokimligi mutasaddilari, To'raqo'rg'on tuman hokimi Sherali Qosimov, “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Odilxon Xo'jayevlar imzosi bilan frontorti mehnat faxriysi bo'lgan Qumriniso momo Temirovaga “Tabriknoma”lar hamda esdalik sovg'alari, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 25 fevraldagi Farmoniga muvofiq, “Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaning 80 yilligi” esdalik medali va sovg'alari topshirildi.
Odilxon Xo'jayevning ta'kidlashicha, tumanda 27 ming nafardan ortiq nuroniy bo'lib, Qumriniso aya Temirova tumanda ikki asrga guvohlik beruvchi yagona nuroniy hisoblanadi. Ko'pchilikning yo'li Shahandga tushib qolgudek bo'lsa, albatta, momodan duo olib qaytishadi.
Agar yo'lingiz tushib, To'raqo'rg'onga borib qolgudek bo'lsangiz, to'raqo'rg'onlik 101 yoshni qarshilagan Qumriniso momoning duolarini oling. Shunda qadimiy Axsikent arxeologiya parki yodgorliklari hamda “Ishoqxon Ibrat — qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyini ham ziyorat qilib qaytasiz.
Shavkat SULTONOV,
“Nuroniy” muxbiri.