Ikkinchi jahon urushida frontda qon kechib jang qilgan, janggohlar ortida mardona mehnat qilib, g'alabaga o'z hissasini qo'shgan, har qancha qiyinchilik va ochlikni yengib, bugungi dorilomon kunlarga yetib kelishimiz uchun o'z hissasini qo'shgan har bir insondan umrbod minnatdormiz, albatta.
Shunday fidoyi kishilardan sanoqlilarigina bugungi kunda hayot, garchi yoshlari 100 dan o'tgan bo'lsa ham, ular hamon tetik, duogo'y, beg'araz maslahatchilarimiz bo'lib, yonimizda umrguzaronlik qilmoqdalar. Afsuski, vaqt o'tgani sayin ularning safi siyraklashib, borgan sari tansiqlashib, aziz va mo''tabar ekanliklarini yanada eslatayotgandek tuyuladi. Ularni ziyorat qilishga shoshilish, qimmatli xotiralarini tinglash, bebaho nasihatlarini eshitishga ulgurib qolish lozimligini tobora his qilib bormoqdamiz. Shunday tabarruk otaxonlarimizdan biri Mahmud bobo Isayevdir.
Mahmud bobo Isayev 1924 yil 1 iyulda Samarqand viloyati Narpay tumani “G'alaba” jamoa xo'jaligida tug'ilgan. 1938 yilda yangi tashkil etilgan “Pobeda” kolxozida 14 yoshidan ish faoliyatini boshlagan. Ikkinchi jahon urushi boshlangan davrlarda barcha yigitlar frontga ketib, ish, asosan, yosh bolalar, ayollar, qariyalarga qolgan edi. Keyinchalik urushdan nogiron bo'lib qaytganlar ham ular safiga qo'shildi. Og'ir mehnat, to'yib ovqat yemaslik, to'yib uxlamaslik odamlarning rosmana tinkasini quritar edi. Lekin ertangi kunga bo'lgan ishonch, umid ularni yana oyoqqa turishga undardi. Bor topgan-tutganlarini frontga jo'natsalar-da, askarlarga oziq-ovqat yetmayapti, degan xabarlar kelardi tinmay… Qand lavlagi ekish, bug'doy, arpa ekish uchun ho'kizlarda omoch bilan yer haydardilar. Sillasi qurigan ho'kizlarga rahm qilib, o'zlari ham omoch tortardilar. O'zlari qattiq sovuqlarda yupun kiyingan bo'lsalar ham issiq kiyimlarini frontga yuborardilar.
Urush g'alaba bilan yakunlanib, oradan ikki yil o'tgandan so'ng frontdan qaytgan jangchilar va yosh-yalanglar bilan birga, Mahmud bobo Isayev ham ko'ngillilar safida Kattaqo'rg'on suv omborini qazishga borganlar. Hasharchilar qoplarga tuproq to'ldirib, yelkasiga ortib, tepaga olib chiqqancha ming mashaqqat bilan mehnat qilgan holda, suv omborini bitkazganlar. O'sha paytda suv ombori qurilishini “Ikkinchi front” deb nomlagan edilar.
Mahmud bobo partiyaga a'zo bo'lganliklari uchun s'yezdlarga deputat qilib saylanganlar. Ularning ko'p yillik mehnatlari munosib baholandi. Jumladan, otaxon 1984 yilda “Mehnat veterani” nishoni, 1994 yilda “Shuhrat” medali, 1995 yilda “G'alabaning 50 yilligi”, 2025 yilda “Ikkinchi jahon urushidagi g'alabaning 80 yilligi” yubiley nishonlari bilan taqdirlangan.
Otaxon bugun 6 nafar o'g'il, 30 dan ortiq nabira, evaralar qurshovida umrguzaronlik qilmoqda. Mahmud bobo farzandlari, nabira-yu evaralari jam bo'lgan damlarda uzun va mashaqqatli umr hikoyalaridan aytib beradilar. Yoshlarga bugungi kunga shukrona keltirish, qadriga yetishni uqtiradilar. Holidan xabar olib turadigan mahalla faollari, nuroniylar, ziyoratga kelib turuvchi insonlardan minnatdor bo'ladilar va duolarga qo'l ochadilar. El-yurtga tinchlik, xotirjamlik, xalqimizga farovonlik tilab charchamaydilar.
Asolat AHMADQULOVA,
“Nuroniy” muxbiri.