Sodiqjon TURDIYEV, “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, senator, O'zbekiston Qahramoni.

Yangi O'ZBEKISTONDA nuroniylarni ijtimoiy himoya qilish, ularning salomatligini asrash, turmush sharoitini yaxshilash davlat siyosati darajasiga ko'tarilgani inson qadrini ulug'lash yo'lida olib borilayotgan ezgu islohotlarning amaliy ifodasi sifatida barchamizda chuqur shukronalik hissini uyg'otmoqda.

Ayniqsa, mahallalar va oilalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni kasb-hunarli, bilimli, salohiyatli qilib vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yo'lida Prezidentimizning nuroniylarga bildirayotgan  yuksak ishonchi va e'tibori ularga kuch-quvvat berib, g'ayratlantirib yubordi, desak, mubolag'a bo'lmaydi.

Keksalar hayot maktabi, sabr-toqat, halollik va fidoyilik timsolidir.  Bugun nuroniylar mahallaning ma'naviy ustuni va yoshlar tarbiyasida zamonaviy ta'lim hamda milliy qadriyatlarni bir-biriga tutashtiruvchi ma'naviy ko'prikka aylandi. Yoshlarga hayotiy tajribasi, ibratli maslahatlari bilan yo'l ko'rsatayotgan otaxon va onaxonlarimiz mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish, oilalarda sog'lom muhitni mustahkamlashga bebaho hissa qo'shib kelmoqdalar.

Dunyoda notinchliklar sodir bo'lyotgan, davlatlar o'rtasida iqtisodiy qarama-qarshilik, xavfsizlikka tahdidlar ortib borayotgan bugungi kunda mahallalarda hamjihatlik muhitini asrash, yoshlar tarbiyasiga, ayniqsa, ularni turli zararli odatlar ta'siriga tushib qolmasligiga  alohida e'tibor qaratish eng dolzarb masala bo'lib turibdi.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025 yilning 26 dekabrida Oliy Majlis va xalqimizga yo'llagan Murojaatnomasida bu masalaga alohida to'xtalib, “Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh — bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qo'yishga aslo yo'l qo'ymaymiz. Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yo'qotish, yoshlarimizda kuchli ma'naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish bo'yicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz”, — dedi.

Shuningdek, davlatiiz rahbari mazkur Murojaatnomada: “Oldimizga qo'ygan maqsadlarni faqat o'zimiz — katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, hurmatli nuroniylarimiz, opa-singillarimiz, serg'ayrat yoshlarimiz, ziyolilarimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz, Vatan posbonlari, bir so'z bilan aytganda, butun xalqimiz bilan birgalikda amalga oshiramiz”, — deya alohida ta'kidladi.

Murojaatnomada belgilangan vazifalar mohiyatini aholi o'rtasida keng targ'ib etayotgan nuroniylar o'z oldiga yangi mas'uliyatli vazifalarni belgilab olishdi va amaliy ishlarni boshlab yuborishdi.

O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi ham O'zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida 2026 yil 30 yanvar kuni qabul qilingan qo'shma qarorga ko'ra, mahallalarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, aholi o'rtasida hamjihatlikni mustahkamlash hamda milliy urf-odatlar va qadriyatlar asosida hashar ishlarini samarali tashkil etish maqsadida mamlakatimiz mahallalaridagi 159931 ta ko'chaning har biriga nuroniylarni “ko'chabay” biriktirish belgilandi.

Mazkur hujjatga ko'ra, mahallalar faoliyatini yanada samarali tashkil etishda mahalla fuqarolari yig'ini raisi, uning keksalar va faxriylar ishlari bo'yicha maslahatchisi, “mahalla yettiligi”, “Keksalar maslahati” guruhining hamkorlikdagi faoliyatini tizimli ravishda amalga oshirilishini ta'minlashga e'tibor qaratildi.

Tahlillar shuni ko'rsatadiki, mahallalarda yuzaga kelayotgan ko'plab muammolar — oilaviy nizolar, yoshlar bandligi, ijtimoiy beparvolik, jinoyatchilikka moyillik — eng avvalo, ma'naviy bo'shliq bilan bog'liqdir. Bu bo'shliqni esa nuroniylarning  hayotiy tajribasi, yoshlarga bo'lgan mehri, ishonchi, maslahat va o'gitlari bilan to'ldirish yaxshi samaralarni bermoqda.

Shuningdek, kambag'allik, ishsizlik va jinoyatchilik darajasi yuqori bo'lgan mahallalarda nuroniylarning hayotiy tajribasi va ma'naviy ta'siri aholi bilan o'zaro suhbatlarda, olib borilayotgan tizimli ishlarda ijobiy samara bermoqda. Chunki yoshi ulug'larimiz nafaqat muammoni ko'radi, balki uning sababini tushunadi va har bir ko'chada aholi bilan suhbatlashib, o'zaro ishonch asosida ish olib boradi. Bu esa joylarda islohotlar ijrosini samarali ta'minlashga xizmat qilmoqda.

Xususan, bugun aholining eng ehtiyojmand qatlamlari bilan ishlashda ham nuroniylar o'z hayotiy tajribalari va yuksak ma'naviy nufuzi bilan faol qatnashmoqdalar.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 25 noyabrdagi “Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 405-sonli Qaroriga ko'ra, 2025 yilda  mamlakatimizning  9452 ta mahallasida 28356 nafar nuroniy 211426 nafar kambag'allik reestrida turgan oila bilan ish olib borishdi. Faol nuroniylarning amaliy ishlari natijasida 156693 ta oila kambag'allikdan chiqarildi. Kambag'allik reestrida turgan oilalarning 130918 nafar farzandlari qo'shimcha darslar va to'garaklarga jalb etilgan bo'lsa, 27371 nafar yosh hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirilib, kasb-hunar egallashi ta'minlandi.

Kambag'allik reestrida turgan oilalarning farzandlariga o'quv jihozlari, parta va stullar, sport kiiymlari olib berildi. Shuningdek, nuroniylar ko'magida kambag'allik reestrida turgan oilalarga bo'lib to'lash sharti bilan texnika vositalari (ko'chma do'kon, kichik ishlab chiqarish uskunalari) olib berildi.

“Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi doirasida nuroniylar davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda faqatgina iqtisodiy ko'mak berish bilangina cheklanib qolishmayapti. Balki ma'naviy tarbiya, sabr-toqat, shukronalik va mehnatga hurmat kabi qadriyatlarni yoshlarga singdirib, mahallalarda boqimandalik kayfiyatidan voz kechish, mehnat qilish orqali farovon hayotga erishish g'oyasini ham keng targ'ib etishmoqda. Bu esa, o'z navbatida, mahallalarda barqaror farovonlikning ma'naviy poydevorini yaratishga xizmat qiladi

Shu bilan birga, nuroniylar oilalardagi muammolarni barvaqt aniqlab, qiyinchilikka tushib qolgan yoshlarga tegishli tashkilotlar orqali ko'maklashib, mahallada o'zaro hamjihatlik va yordam muhitini shakllantirishmoqda. Natijada yoshlar, yosh oilalar, ishsiz fuqarolarning davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlarga nisbatan xabardorligi ta'minlanib, imtiyozli kreditlar, subsidiya va bandlik dasturlaridan foydalanishga bo'lgan ishonchi ortmoqda. Aynan shu ishonch kambag'allikdan chiqish yo'lidagi eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

Nuroniylar tashabbusi bilan ta'lim maskanlarida olib borilayotgan  “Nuroniylar soati” ma'rifiy darslari, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosidagi tizimli ishlar ham yuz minglab yoshlarimiz hayotiga yangilanishlar va o'zgarishlar olib kirmoqda.

Nuroniylar tashabbusi bilan ta'lim maskanlarida olib borilayotgan  “Nuroniylar soati” ma'rifiy darslari, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” tamoyili asosidagi tizimli ishlar ham yuz minglab yoshlarimiz hayotiga yangilanishlar va o'zgarishlar olib kirmoqda.

Ekologik barqarorlikni ta'minlash va ma'naviy tarbiyani uyg'unlikda  olib borishda ham  nuroniylarning muhim o'rni bor. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida nuroniylarning faol ishtiroki yosh avlod uchun jonli namuna bo'lib xizmat qilmoqda. Kuzgi va bahorgi ko'chat ekish mavsumlarida daraxt ekish shunchaki tadbir emas, balki tabiatga mas'uliyatli munosabatda bo'lish, kelajak oldidagi burchni his etishda ma'naviy maktab vazifasini o'tamoqda.

Mahallalar va oilalardagi hamjihatlik, ahillik va totuvlik ko'p jihatdan nuroniy otaxon va onaxonlarga bog'liq. Ular oilalarda sabr, matonat, qanoat, o'zaro hurmat kabi qadriyatlarni targ'ib etish orqali mojarolarning oldini olishmoqda.

“Nuroniy” jamg'armasi va O'zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida har bir ko'chaga faol nuroniylarning “ko'chabay” biriktirilishi esa  qadriyatlarimizni yanada sayqallash, mahallaning  ijtimoiy-ma'naviy muhitini sog'lomlashtirishda muhim ahamiyatga ega bo'ladi. Mahallalardagi hasharlar, obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish ishlari, Navro'z va sumalak sayllarida nuroniy oqsoqollarning bosh-qosh bo'lishi qo'ni-qo'shnilar va mahalla ahli o'rtasida o'zaro hamjihatlik, ahillik muhitini mustahkamlaydi. Yoshlarning o'zi tug'ilib o'sgan mahallasiga bo'lgan  mehrini kuchaytiradi.

Albatta, hali oldimizda turgan vazifalar juda ko'p.   Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning bilim olishi, salohiyatini yuzaga chiqarishi, kasb-hunar egallab, el-yurtimiz ravnaqi yo'lida munosib xizmat qiladigan yetuk kadrlar bo'lib ulg'ayishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgan, ularning tarbiyasiga alohida e'tibor qaratilayotgan bugungi kunda farzandlarimizning adashib turli yot g'oyalar ta'siriga berilishidan, jinoyatchilik yo'liga kirib qolishidan asrash, sog'lom va totuv oilalarda, bag'ri butunlikda ulg'ayishini ta'minlash biz, keksalarning avlodlar oldidagi burchimizdir.

Bu borada, ayniqsa, yoshlarimizga milliy qadriyatlarni va ona Vatanimizga mehr-muhabbat ruhini singdirishimiz  muhim ma'naviy-ijtimoiy poydevor hisoblanadi. Shu ma'noda, biz, nuroniylardan bugun mamlakatimizdagi har bir yoshning, har bir o'g'il-qizimizning taqdiriga daxldorlik mas'uliyati bilan ishlashimiz, o'z hayotiy tajribalarimiz asosida oilalardagi totuvlik muhitini asrashimiz talab etilmoqda.

O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi bilan O'zbekiston mahallalari uyushmasi hamkorligida mamlakatimizdagi har bir ko'chaga nuroniylarning “ko'chabay” biriktirilayotgani milliy qadriyatlarimizni asrash va yoshlarimizni zamonaviy ruhda tarbiyalashda o'zaro uyg'unlikni ta'minlashga va  jamiyatda ma'naviy yuksalish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash yo'lida xizmat qilishi, bu jarayonda mahallalarda tarbiya borasidagi o'zbekona go'zal qadriyatlarimiz qayta sayqallanib, nuroniylarning  bugungi islohotlardagi  faol ishtiroki va tashabbuskorligi yanada kuchayishi shubhasiz.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan