“Nuroniy” jamg'armasi huzurida tashkil etilgan “Buvijonlar maktabi” guruhi faollari bugun yosh avlodni vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat va shukronalik ruhida tarbiyalashda munosib xizmat qilib kelishmoqda.

Farzandlar, ayniqsa, qizlar tarbiyasida, shuningdek, mahalla va oilada hamjihatlik, tinchlik, o'zaro hurmatni shakllantirishda buvijonlarning tajribasi muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimizning barcha mahallalarida faoliyat yuritayotgan “Keksalar maslahati” guruhlari va “Buvijonlar maktabi” guruhi a'zolari oilalar totuvligi, yoshlar tarbiyasi kabi dolzarb masalalarda o'zlarining bilim va tajribalarini ishga solib, “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda ishlab kelishmoqda.

Joriy yil mamlakatimizning barcha hududlarida faoliyat yuritayotgan “Buvijonlar maktabi” guruhlari rahbarlari uchun xayrli boshlandi. “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi    tashabbusi  bilan  ular  Toshkent viloyatidagi “Navbahor” sihatgohida  dam olib, salomatliklarini tikladilar.

Toshkent shahridan Adiba Kamolova, Toshkent viloyatidan Habiba Sherova, Samarqand viloyatidan Gulbahor Husainova, Surxondaryo viloyatidan Muqaddas Ashurova, Qoraqalpog'iston Respublikasidan Rayhon Saparova, Sirdaryo viloyatidan Jo'raxon Karimova, Navoiy viloyatidan Dilorom Qodirova, Jizzax viloyatidan Nasibaxon Rahmatullayeva, Buxoro viloyatidan Shoira Ahmedova, Namangan viloyatidan Munavvar Boydedayeva, Xorazm viloyatidan Sayyora Karimova, Qashqadaryo viloyatidan Kommuna Ismailova, Andijon viloyatidan Nasibaxon Adhamova, Farg'ona viloyatidan Dilorom Muhammedovalar uchun bu kutilmagan sovg'a bo'ldi. Sihatgohdagi mavjud sharoitlar, hamshira va shifokorlarning shirin muomalasi, hurmat-izzat ko'rsatilganidan juda mamnun bo'ldilar. Dam olish va salomatliklarini tiklash davomida buvijonlar bir-birlari bilan yaqindan tanishib,  o'z faoliyatlari bo'yicha tajriba almashdilar va shu jarayonda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi, O'zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon    Turdiyev ishtirokida  sihatgohda “Mahalla tizimidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish hamda Yangi O'zbekiston yaratuvchilari bo'lgan yosh avlodni har tomonlama yetuk va barkamol etib tarbiyalashda buvijonlarning o'rni”  mavzusida davra suhbati ham bo'lib o'tdi. Tadbirda buvijonlarning jamiyatimiz hayotidagi o'rni va roli alohida e'tirof etildi.

“Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi “Buvijonlar maktabi”  guruhi rahbarlariga Yangi O'zbekistonimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, o'g'il-qizlarimizning baxtli-saodatli kelajagi yo'lida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi faol ishtiroki, mahallalarda hamjihatlik muhitini asrash, oilalar tinchlik-totuvligi va o'g'il-qizlarimizning har taraflama barkamol bo'lib voyaga yetishi yo'lida nuroniylar va buvijonlar oldiga qo'yilgan vazifalarni sharaf bilan bajarayotgani, Yangi O'zbekistonimizning eng faol buvijonlari qatorida mamlakatimizning barcha ayollariga ibrat namunasini ko'rsatayotgani va fidoyiligi uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Buvijonlar maktabi” guruhining hududlardagi rahbarlari 2025 yilda amalga oshirgan ishlari va 2026 yildagi rejalarini batafsil muhokama qildilar. Takliflar va mulohazalarga ham keng o'rin berildi. Yangi rejalar belgilab olindi.

— Inson o'ziga yuklatilgan vazifani ado etarkan, ayniqsa, u vazifa jamoatchilik asosida bo'lsa, albatta, e'tibor va rag'bat kutadi. “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi tashabbusi bilan bizga ko'rsatilgan bu g'amxo'rlik mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan keksa avlod vakillariga ko'rsatilayotgan e'zoz va e'tiborning yorqin namunasi bo'ldi. O'z hududlarimizda oilalar tinch-totuvligi, yoshlar tarbiyasi, ularning hayotda o'z o'rnini topishi uchun qilgan harakatlarimizning e'tiborga olingani, mehnatimiz samarasini ko'rishdan mamnunmiz. Yurtimizning barcha hududlaridan kelgan hamkasblarimiz bilan suhbatlashdik, tajriba almashdik, o'zaro muloqotlarni yo'lga qo'ydik. Bu ham faoliyatimiz davomida o'z samarasini beradi, albatta, — deydi “Nuroniy” jamg'armasi Samarqand viloyati bo'limi “Buvijonlar maktabi” guruhi rahbari Gulbahor Husayinova.

Hamroxon Musurmonova.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan