Kitob insonning eng sodiq do'sti, beminnat maslahatchisi, yolg'iz kunlarIning yo'ldoshi, bilimlar xazinasining kaliti ekanligi haqida ko'p va xo'p gapirilsa-da, so'nggi yillarda “Yoshlar kitob o'qimay qo'ydi” degan gapni ko'p eshitamiz. Shu o'rinda yana bir savol o'rtaga chiqadi: Ota-onalar kitob o'qiyaptimi? Oila davrasida, turmush tashvishlaridan ortib, badiiy asarlar muhokama qilinyaptimi?

Navoiy viloyati Nurota tumani “G'afur G'ulom” mahallasida istiqomat qilayotgan 85 yoshli Nizomiddin ota Karomov bilan suhbatimiz shu savollar atrofida kechdi.

Nizomiddin ota uzoq yillar marmar konida ishlab nafaqaga chiqqanlar, mahalla-ko'yda nimaiki tadbir, marosim, ma'rakalar bo'lsa, bosh-qosh. Yettita farzandi o'zidan tinib, uvali-juvali bo'lib ketgan, nevara-chevaralar, evaralari o'zlaridan ko'payib, bir mahalla bo'lgan…  Otaxonning o'zi tumandagi uchta kutubxonaning doimiy, faol a'zosi. Vaqt topdi deguncha, darrov qo'llariga kitob oladilar, mutolaa qilishdan hech qachon zerikmaydilar, to'xtamaydilar.

— Bolaligimda adirlarda, dashtlarda qo'y boqardim. Keng dala, suhbatdosh yo'q. Kechgacha qo'ylar ortidan yurib, o'zim bilan o'zim so'zlashib rosa zerikardim, — deydi Nizomiddin ota Karomov. — Shunday kunlarning birida ustozimning topshirig'i bilan maktab kutubxonasiga kirdim va “Go'ro'g'li” dostoniga ko'zim tushdi. Shu dostondan bir parcha eshitgandim. Davomiga rosa qiziqib qoluvdim. Kitobni qanday olib o'qish mumkinligi haqida so'rab bilib oldim va shu kuni kutubxonaga a'zo bo'ldim. Dars tugagach, uyga shoshildim, keyin dalaga. Kitobni qo'ltig'imga qistirdim, belimga bir burda non bog'ladim. Dalada qo'ylarni o'tlashga yoydimu, kitobni o'qishni boshladim. Kechgacha “Go'ro'g'li” dostonini o'qidim. Kunning qanday kech bo'lganini sezmadim. G'ira-shirada uyga qaytar ekanman, xayolimda faqat dostonning davomi. Bilasiz, “Go'ro'g'li” turkum dostonlari yuzga yaqin xilma-xil mazmundagi asarlarni o'zida birlashtirgan ulkan silsila. Ushbu silsilaga oid dostonlarda afsonaviy xalq bahodirining tug'ilishi, yoshligi, ozodlik o'lkasi Chambil shahrining bunyod etilishidan boshlab batafsil o'quvchiga tushuntiriladi. Dostonlarning asosiy g'oyasi qahramon va sevimli yor sadoqati, ota-ona va farzand burchi, birodarlik va do'stlik masalalaridan bahs yuritadi. Ifodasining serbo'yoqliligi, jozibadorligi bilan kitobxonni o'ziga rom etadi.

Shunday qilib, kitobning sehrli olamiga kirib keldim. Qachon, qaerda bo'lmay, qo'limdan kitob tushmasdi. Yigirma yildan ko'p qo'y boqdim. Kitob doimiy hamrohim bo'ldi. Keyinchalik marmar koniga ishga kirdim. Baribir kitobni qo'limdan qo'ymasdim. Dam olish damlaridami, ovqatlanish soatlaridami, vaqt topdim deguncha, kitobga yopishardim. Qiziqib ketganimdan ba'zida ovqat yeyish ham esimdan chiqib ketardi. Bugungacha qancha kitob o'qiganimni ham bilmayman… chunki ular juda ko'p. Halq dostonlari eng sevimli kitoblarim. Alisher Navoiy asarlari, “Payg'ambarlar tarixi”, “Qobusnoma”, Chingiz Aytmatov, Tohir Malik asarlari eng yaxshi ko'rib o'qiydiganlarimdir. Chet el adabiyotidan ham ko'plab kitoblarni mutolaa qilaman. Tarjima qilinmagani bo'lsa, rus tilida ham o'qiyman. Asar tarjima qilingan bo'lsa, ba'zan asl manbasiga murojaat qilaman. Masalan, Lev Tolstoyning “Urush va tinchlik” romanini asl manbasida o'qib chiqdim. Bu menga tarjimasidan ham ko'proq yoqdi. Shundan keyin asarlarni asl manbasi bilan o'qishni o'rgandim”.

Otaxon o'z uyida kutubxona tashkil etgan. Xontaxtaning ustida o'qishga tayyorlab qo'yilgan kitoblarga ko'z yugurtiraman: Doktor Oiz Qarniyning “O'kinma”, Gabriel Garsia Markesning “Yolg'izlikning yuz yili”, “Buzrukning kuzi”, O'tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, Tohir Malikning “Odamiylik mulki”…

Meni, ayniqsa, hayratga solgani — otaxon shu yoshidayam ko'zoynaksiz kitob o'qiydilar!

— Kitob eng sodiq do'st, yaxshi-yomon kuningda yoningda hamdam, yaxshi maslahatchi, ajoyib suhbatdoshdir. Ko'p yaqinlarim, do'stlarim dunyoni tark etib ketdilar. Yolg'izlikdan qiynalgan damlarimda ham shu kitoblar sirdoshim bo'ldi, — deydi Nizomiddin ota Karomov.

Kitobxon otaxonning oilasida tarbiya topgan farzandlar ham hayotda o'z o'rinlarini topib, allaqachon nafaqaga chiqib ketganlar. Nabiralari, evaralari bugungi kunda jamiyat hayotida faol. Hammasi kitobxon, o'z fikri, o'z dunyoqarashiga ega insonlar. Bunga sabab esa, oila boshlig'ining kitobxon ekanligida, deb bemalol aytish mumkin.

Asolat AHMADQULOVA.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan