Mamlakatimizda nogironligi bölgan şaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilişga eʼtibor kuçayib, şunga qaratilgan tizimli normativ-huquqiy baza şakllantirildi. Xususan, 2020 yilda yangi tahrirdagi “Nogironligi bölgan şaxslarning huquqlari töğrisida”gi Qonunning qabul qilinişi hamda BMTning “Nogironlar huquqlari töğrisida”gi Konvensiyasining ratifikatsiya qilinişi uşbu sohadagi islohotlarning muhim huquqiy poydevori böldi. Biroq milliy taʼlim tizimiga inklyuziv yondaşuvni töliq tatbiq etiş va konseptual asoslarini mustahkamlaş hali ham dolzarb vazifalardan biri bölib qolmoqda.
Umuman, inklyuziv taʼlim tuşunçasi zamonaviy pedagogika va huquq fanlarida nisbatan yangi paradigma hisoblanib, uning mohiyatini töğri anglaş uçun terminologik asoslariga aniqlik kiritiş lozim. UNESCO hujjatlarida inklyuziv taʼlim “barça öquvçilarning turli ehtiyojlariga moslaşuvçi, ularning taʼlim jarayonidagi iştirokini kengaytiruvçi hamda taʼlim tizimi içidagi va taşqarisidagi kamsitişlarni kamaytiruvçi jarayon” sifatida tavsiflanadi. Yaʼni, inklyuziv taʼlim — bu barça bolalarni, ularning imkoniyatlari, ehtiyojlari va öziga xosliklaridan qatʼi nazar, umumiy taʼlim tizimida qamrab olişni nazarda tutadi. Şu bois, bugungi kunda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanişi, inson huquqlariga bölgan eʼtiborning ortişi inklyuziv taʼlimni ustuvor yönaliş sifatida belgilamoqda.
Mazkur konsepsiyaning boş ğoyasi — taʼlim tizimining özini har bir bolaning individual ehtiyojlariga javob bera oladigan darajada moslaştirişdan iborat. Nogironligi bölgan bolalarning taʼlim oliş huquqi xalqaro huquqda bir neça tarixiy bosqiçlarda rivojlanib bordi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida har bir insonning taʼlim oliş huquqi umumiy tarzda eʼlon qilingan bölsa-da, unda nogironligi bölgan şaxslarning maxsus ehtiyojlari alohida aks ettirilmagandi. BMTning Bola huquqlari töğrisidagi Konvensiyasi sohada muhim buriliş yasadi. Konvensiyaning 23-moddasida nogironligi bölgan bolaning alohida ğamxörlik va davlat tomonidan kömak oliş huquqi tan olingan bölsa, 28 va 29-moddalarida taʼlim oliş huquqi va taʼlimning umumiy maqsadlari mustahkamlandi. Biroq uşbu matnda ham “inklyuziv taʼlim” atamasi bevosita qöllanilmagan. Salamanka deklaratsiyasi va Harakat dasturi inklyuziv taʼlimning xalqaro miqyosdagi ilk fundamental poydevori böldi. Unda “barça uçun taʼlim” tamoyili ilgari surilib, hukumatlarga inklyuziv taʼlim tizimini joriy etiş böyiça konseptual tavsiyalar berildi.
Yurtimizda nogironligi bölgan bolalarning taʼlim oliş huquqini tartibga soluvçi milliy normativ-huquqiy baza sönggi yillarda yangi bosqiçga kötarildi. Konstitutsiyamizning yangi tahririda bahs yuritilayotgan masala ilk bor konstitutsiyaviy darajada mustahkamlandi. Boş qomusimizning 50-moddasida davlat inklyuziv taʼlimni rivojlantiriş va taʼlimning uzluksizligini taʼminlaş uçun şart-şaroitlar yaratişi belgilab qöyildi. “Taʼlim töğrisida”gi Qonunning 2020 yilgi tahriri 9-moddasida nogironligi bölgan bolalarning taʼlim oliş şakllari sifatida — inklyuziv, integratsiyalaşgan va maxsus taʼlim şakllari huquqiy jihatdan aniq klassifikatsiyalandi.
Tizimli tahlillar şuni körsatadiki, sohadagi normativ-huquqiy baza şakllangan bölsa-da, amaliyotda inklyuziv taʼlimni töliq röyobga çiqarişga tösqinlik qilayotgan bir qator huquqiy böşliqlar mavjud. Birinçidan, milliy qonunçilikda inklyuziv taʼlimning poydevori hisoblangan “oqilona moslaştiriş” tuşunçasining aniq huquqiy taʼrifi, mazmuni va çegaralari detallaştirilmagan. Bu esa amaliyotda uşbu normaning subʼyektlar tomonidan ixtiyoriy va turliça talqin qilinişiga şaroit yaratmoqda. Ikkinçidan, normativ hujjatlarda inklyuziv taʼlimni moliyalaştirişning aniq mexanizmlari mavjud emas. Xususan, umumtaʼlim maktablari infratuzilmasini jismonan moslaştiriş, maxsus texnik jihozlar (Brayl displeylari, surdotexnika vositalari) xarid qiliş hamda jarayonga qöşimça mutaxassislar (tyutorlar)ni jalb etiş uçun mablağlar manbai va ajratiliş tartibi aniq belgilanmagan. Uçinçidan, taʼlim muassasalarida inklyuziv taʼlim sifatini, öquv dasturlarining moslaşuvçanligini va bolaning rivojlaniş dinamikasini nazorat qiluvçi mustaqil monitoring va baholaş tizimi yölga qöyilmagan.
Muxtasar aytganda, milliy qonunçilikdagi uşbu kemtiklarni bartaraf etiş, konseptual atamalarning huquqiy maqomini aniqlaştiriş hamda moliyaviy-iqtisodiy kafolatlarni kuçaytiriş nogironligi bölgan bolalarning taʼlim oliş huquqini amalda töliq taʼminlaşning boş mezoni hisoblanadi.
Jasurbek JUMANIYAZOV,
Toşkent davlat yuridik universiteti
katta öqituvçisi,
Kamronbek KARIMOV,
Toşkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik litsey öquvçisi.