Inson hayotida avlodlar o'rtasidagi ma'naviy bog'liqlik, hayotiy tajriba va ezgu maqsadlarning avloddan-avlodga o'tishi jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Keksa avlodning boy hayotiy tajribasi, o'rta avlodning tashabbuskorligi va yoshlarning shijoati bir maqsad yo'lida birlashsa, bunday hamjihatlik yurt taraqqiyotining mustahkam tayanchiga aylanadi.
Toshkent shahar Yunusobod tumanining “Billur” mahallasida “Yagona xalq, yagona Vatan, yagona maqsad!” shiori ostida navbatdagi “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo'lib o'tdi.
Unda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi o'rinbosari Shuhrat Usmonov, jamg'armaning Toshkent shahar bo'limi raisi, senator Rustam Kalonov, Yunusobod tumani hokimining birinchi o'rinbosari Avazbek To'laganov, “Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Iqbolxon Ashrapova, nuroniy otaxonu onaxonlar, o'rta va yosh avlod vakillari ishtirok etdilar.
Ochiq va samimiy muloqot tarzida tashkil etilgan tadbirda “Billur” mahallasida istiqomat qiluvchi 85 yoshli olim, texnika fanlari doktori, professor, fantast yozuvchi va rassom Qudrat Do'stmuhammad o'zining hayotiy tajribasi hamda ibratli saboqlari bilan o'rtoqlashdi. Shuningdek, sportning beshkurash turi bo'yicha xalqaro musobaqalar g'olibi, maktabni oltin medal bilan tamomlab, bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetida davlat granti asosida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlardan biri Samira Abzalova o'z yutuqlari, maqsad va rejalari, hozirda yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar haqida so'z yuritdi.
Hozirda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda faol nuroniylar ish olib bormoqdalarki, ularning bevosita ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar o'zining munosib samaralarini bermoqda.
Buning yorqin isbotini joylarda o'tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi” ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarida yaqqol ko'rishimiz mumkin. Ushbu tadbirlar o'rta, ayniqsa, yosh avlod vakillari uchun o'ziga xos ibrat, hikmat va rag'bat bo'lib xizmat qilayotganligi ayni tashabbuslarning ahamiyatini yanada oshirmoqda.
Shuningdek, poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 202-sonli umumtalim maktabida ham “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri o'tkazilib, unda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisi o'rinbosari Shuxrat Usmonov, poytaxtlik faol nuroniy va yoshlar ishtirok etishdi.
Muloqotlar davomida nuroniylar yoshlarga o'zlarining boy hayotiy tajribalaridan so'zlab, Vatanga sadoqat, ona yurtga chin dildan xizmat qilish, xalq manfaatlari yo'lida fidoyilik ko'rsatish muhimligini aytib o'tdilar.
Ularda ishtirok etgan yoshlar olam-olam taassurotlarga ega bo'lish bilan bir qatorda, o'z maqsadlarini yanada aniqlashtirib, kelgusidagi rejalarini yana bir karra mustahkamlab oldilar.
Hojiakbar Vapayev,
Toshkent shahri.