nuroniylar va yoshlar muloqotlari qizg'in pallaga kirmoqda

 Yurtimizda o'zlikni anglash, milliy ong va tafakkurni, shuningdek, milliy g'ururni yuksaltirish, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, yoshlar orasida vatanparvarlik, yurt taqdiriga daxldorlik hissi hamda mas'uliyatni qat'iy shakllantirish masalalariga ijtimoiy islohotlarning muhim keyslaridan biri sifatida qaraladi.

Ayniqsa, bugunga kelib, uzoq yillik tarix hamda tamaddun asoslarini chuqurroq o'rganish, zamonaviy bilim va ko'nikmalarni o'zlashtirish, jahon mehnat bozorida raqobatga chidamli kadr sifatida shakllanish yoshlar oldiga kechiktirib bo'lmas vazifalarni qo'ymoqda. Bu jarayonda uzoq yillik boy hayotiy tajribaga ega nuroniylarning yo'l-yo'riq, maslahatlari g'oyat qo'l keladi. Shu ma'noda, joylarda tashkil etilayotgan “Uch avlod uchrashuvi” doirasidagi tadbirlarning yoshlar tarbiyasida o'z o'rni, sezilarli ta'siri bor, deyish mumkin.

Keyingi kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida ushbu tadbirlarning yanada qizg'in pallaga kirganidan ko'rish mumkinki, mazkur uchrashuvlar o'rta va yosh avlod vakillari uchun o'ziga xos hayot maktabi vazifasini o'tamoqda.

Jumladan, Navoiy viloyatining Konimex va Tomdi tumanlarida bo'lib o'tgan   tadbirlar ham dolzarb mazmun-mohiyat kasb etdi. Konimex tumani texnikumida tashkil etilgan uchrashuvda “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limi raisi Shabon Nabiyev, mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etdilar. Tadbirda so'zga chiqqn Shabon Nabiyev yoshlar el-yurtning ertangi kunini belgilovchi katta kuch ekanini, ularning tarbiyasi, odob-axloqi, salohiyati, ma'naviy olamining shakllanishida nafaqat ota-onalar va maktab, balki keng jamoatchilik, xususan, mahalla, ayniqsa, keksa nuroniylarning o'rni katta ekanini ta'kidladi. Shuningdek, ularni Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida o'stirish, yot g'oyalar ta'siridan asrash, milliy mafkura va qadriyatlar, barkamollik tamoyillari asosida tarbiya qilish masalalariga jiddiy e'tibor qaratilishi lozimligini qo'shimcha qildi.

Tomdi tumanidagi 12-son musiqa va san'at maktabida bo'lib o'tgan tadbirda tuman hokimi o'rinbosari N.Beknazarov, tuman Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi L.Bayanasov, nuroniy otaxon va onaxonlar, tashkilot va muassasalar rahbarlari, jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdilar.

Uchrashuv davomida nuroniylar o'zlarining boy hayotiy tajribalari, bosib o'tgan yo'llari, mehnat faoliyati va hayot saboqlari haqida hikoyalar qilib, yoshlarga o'zlarining qimmatli maslahatlarini berdilar.

Umidjon EShPO'LATOV.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan