Shahar o'zining ko'p yillik tarixi, boy madaniy merosi va san'ati bilan dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qo'shib kelayotgan Sharq gavharidir. Azaldan Buyuk Ipak yo'lining eng muhim va gavjum nuqtalaridan biri bo'lib kelgan, asrlar davomida karvonlar kesishgan, savdo va madaniyat gullab-yashnagan bu zamin bugungi kunda ham dunyo ahlini o'ziga ohanrabodek tortishda davom etmoqda.

Qadimiy Ichan-Qal'a ko'chalarida tarixiy ulug'vorlik va bugungi kunning shiddatli nafasi bir-biri bilan uyg'unlashib, zamonaviy infratuzilma loyihalari hamda turizm va xizmatlar sohasidagi izchil islohotlar qadimiy shaharning mutlaqo yangi qiyofasini yaratdi. Bu o'zgarishlar tarixiy obidalarga shunchaki o'tmish yodgorligi sifatida emas, balki kelajak avlodlar  uchun xizmat qiladigan tirik manba sifatida qaralayotganidan dalolat.

Xiva jahon turizm sanoatida o'zining mutlaqo innovatsion loyihasi bilan tarixga kirmoqda. Ichan-Qal'a dunyodagi birinchi yagona immersiv “aqlli” shahar-muzeyga aylantirilmoqda. Sayyohlar uchun raqamli navigatsiya, interaktiv ekskursiyalar va zamonaviy axborot xizmatlari joriy etilib, butun Ichan-Qal'a tom ma'noda jonli va interaktiv madaniy muhitga aylanadi.

Biz, nuroniylar, shahrimizdagi o'zgarishlarga yillar davomida guvoh bo'lib kelyapmiz. Ayniqsa, keyingi yillarda Xivaning nafaqat tarixiy qiyofasi, balki zamonaviy infratuzilmasi ham tubdan yangilanayotganini ko'rib turibmiz. Bu o'zgarishlar sayyohlar uchungina emas, avvalo, Xiva aholisi uchun ham yangi imkoniyatlar yaratayotgani bilan ahamiyatlidir.

Joriy yil 17 avgust kuni Prezidentimiz Xivada yirik tadbirlar o'tkazilishi uchun qad rostlagan yangi infratuzilmalar bilan tanishib, 90 yoshga yaqinlashgan nuroniy otaxonlarimiz Atanazar Pirnazarov va Shavkat Jumaniyozovlar bilan dildan suxbatlashdi. Shuningdek, shaharda yangi xalqaro turistik shaharcha barpo etish loyihasi taqdim etildi. So'nggi to'qqiz yilda Xorazmda 280 ta mehmonxona va mehmon uylari barpo etildi, mehmonxona fondi to'rt barobar oshib, o'n ming o'ringa yetkazildi.

Menimcha, bu jarayonning eng muhim jihati — Xivaning tarixiy merosi zamonaviy imkoniyatlar bilan uyg'unlashayotganidadir. Turizm rivojlansa, bu — hunarmandchilik, savdo, xizmat ko'rsatish va oilaviy tadbirkorlik uchun ham yangi imkoniyat degani. Demak, bugungi bunyodkorlik ishlarining samarasi ertangi avlod hayotida yanada yaqqol namoyon bo'ladi.

Turizm infratuzilmasini  rivojlantirish  maqsadida “Farovon-Xiva” 5 yulduzli zamonaviy mehmonxona milliy me'moriy uslub va zamonaviy xizmat ko'rsatish standartlari doirasida qurib bitkazilib, 106 ta turli toifadagi xonalar mehmonlar uchun barcha zarur qulayliklar bilan jihozlangan. Mehmonxonada 3 ta restoran va bar, yopiq basseyn, fitnes markazi, banket zali, konferensiya zali va uchrashuv  xonalari faoliyat ko'rsatadi.

Keyingi o'n yilda shahrimizda ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida beqiyos yangilanishlar, o'zgarishlar, shuningdek, yaratuvchanlik g'oyalarining amalga tatbiq etilayotgani yurtdoshlarimizni benihoya quvontirmoqda. Ayniqsa, 2025 yil xivaliklar uchun ulkan quvonchlarga boy yil bo'ldi. Chunki O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Xiva shahrida turizm yo'nalishidagi eng yirik loyiha “G'ovuk” ko'li atrofida 1,2 trillion so'm investitsiyalar o'zlashtirilishi hisobiga 26 gektar maydonda 200 dan ortiq turizm ob'yektlarini o'z ichiga olgan, o'zida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan “Arda Xiva” yirik turistik majmuasi barpo qilindi.

Majmuada 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, har biri kuniga 2 ming sayyohga xizmat qiladigan ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming o'rinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, ko'rgazmalar paviloni, 70 ta do'kon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, sharq bozori va zargarlik markazi, musiqali favvoralar, bolalar o'yingohlari, sohil bo'yi yo'laklari,  bir qancha xordiq chiqarish uchun maskanlar barpo etildi. “Arda Xiva” Xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz so'zlagan nutqida “Bunday ishlar hisobidan viloyatga turistlar oqimi qo'shimcha ravishda 1 million nafarga oshadi, xizmatlar 1,2 trillion so'mga qo'payadi, kamida 2 mingta ish o'rni yaratiladi. Ishonchim komil,  “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qog'ozi”ga aylanadi. Ushbu betakror maskan Xorazmga, butun xalqimizga muborak bo'lsin”, deya  alohida qayd etdilar.

Keyingi yillarda Xiva shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan xalqchil islohotlar hayotimizda o'zining amaliy ifodasini topmoqda. Biz, nuroniylar, bu yangilanishlarni nafaqat kuzatib, balki ularni keng jamoatchilikka yetkazishga ham o'z hissamizni qo'shib kelyapmiz.

Xususan, nuroniylar ommaviy axborot vositalarida mamlakatimizda, jumladan, Xiva va Xorazmda amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida munosabat bildirmoqda. Ularda xalqimiz hayotidagi ijobiy o'zgarishlar, shahrimizning obodonlashib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgani, turizm, tadbirkorlik, transport va ijtimoiy sohalardagi yangilanishlar haqida fikr-mulohazalar qayd etilmoqda.

Ayniqsa, mahallalarda o'tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi”, “Qo'sha qarish saodati”, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” kabi qator tadbirlarda bugungi o'zgarishlarning mazmun-mohiyatini yoshlarga, umuman, keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e'tibor qaratyapmiz. Eng muhimi, mazkur sa'y-harakatlar orqali avlodlar o'rtasidagi ma'naviy bog'liqlik mustahkamlanib, yoshlarda Vatan taqdiriga daxldorlik, yurt taraqqiyotiga ishonch va shukronalik tuyg'ulari yanada kuchaymoqda.

Qurbonboy XOLIQOV,

“Nuroniy” jamg'armasi Xiva shahar bo'limi raisi.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan