Davlatimiz mustaqilligining qutlug' 35 yillik bayrami oldidan Andijon shahrining  muhtasham saroylaridan biri — “Ko'hinur” restoranida viloyatning eng faol va ibratli nuroniylarining bir guruhiga “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlarini tantanali topshirish marosimi bo'lib o'tdi.

Unda “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev hamda viloyat hokimining o'rinbosari Komiljon Komilov ishtirok etib, bugungi kunda yurtimizda nuroniylarni qo'llab-quvvatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish, faolligini oshirish, oltinga teng tajriba va bilimlaridan yosh avlodni kamol toptirish, aholi farovonligini oshirishda samarali foydalanishga katta e'tibor berilayotganini alohida ta'kidladilar. O'z navbatida, ko'krak nishonlari bilan taqdirlanganlarni chin dildan muborakbod etdilar.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O'zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 4906-sonli Farmoni hamda 2017 yil 14 iyuldagi “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonini ta'sis etish to'g'risida”gi 3133-sonli qarori ijrosini ta'minlash bo'yicha mamlakatimizda tizimli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, turli sohalarda uzoq yillar samarali mehnat qilgan nuroniylar “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlanayotganligi keksa avlod vakillari ko'nglini tog'dek ko'tarmoqda.

Viloyatimizda ko'p yillar turli sohalarda samarali mehnat qilib, hozirgi kunda ham yurtimiz rivojiga munosib hissa qo'shib kelayotgan tashabbuskor, fidoyi nuroniylarimizdan 61 nafari  “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari bilan taqdirlandi.    Mukofotlanganlarning 35 nafariga I, 19 nafariga II va 7 nafariga III darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishonlari hamda viloyat hokimligining sovg'alarini “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi raisining birinchi o'rinbosari Sharof Ubaydullayev, viloyat hokimining o'rinbosari Komiljon Komilovlar tantanali ravishda topshirdilar.

“Nuroniy” jamg'armasi Andijon viloyati bo'limi jamoatchilik Kengashi a'zolari hamda faol yoshlar taklif etilgan “Nuroniylarga hurmat va izzat” deb nomlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bir piyola choy ustida nuroniylarning dilkash suhbatlari asosida o'tkazilganligi nur ustiga a'lo nur bo'ldi.

Yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu tadbirda san'atkorlar o'zlarining  kuy-qo'shiqlari bilan davraga fayz kiritdilar.

Ma'murjon Ikromov,

“Nuroniy” jamg'armasi Andijon viloyati

bo'limi raisi o'rinbosari.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan