Hayot undagi bag'rikeng, xushfe'l, odamoxun, fidoyi insonlar bilan go'zal, aslida. Tiniq buloq suvi chanqog'ingni qondirgani kabi yaxshi insonlar suhbatida bo'lgan chog'ingda o'zingni yengil va xotirjam his qilasan. Ulardan kuch va ilhom olasan.
Qashqadaryo viloyati Ko'kdala tumanidagi “Ko'kdala” mahallasida istiqomat qilib, 80 yoshni qarshilagan Juman bobo Shoyimov ana shunday zamondoshlarimizdan biri. Otaxon o'tgan yillarini shunday xotirlaydi:
— Ayni kuchga to'lgan yigitlik davrimiz Ikkinchi jahon urushidan keyingi tiklanish yillariga to'g'ri keldi. Qornimiz to'yib non yemaganmiz, to'g'risi. Bir hovuch bug'doy ko'zimizga to'tiyo ko'ringan. Hatto tirik qolish uchun kunjara yeganlar ham bo'lgan. Yoshimiz ulg'aygani sari hayotni teran angladik. Qariyb 30 yildan ortiq vaqt davomida “Xalqqa xizmat — oliy himmat” shiori ostida savdo sohasida faoliyat yuritdim. O'shanda qishlog'imiz bilan tuman markazini bog'lovchi yo'l juda olis edi. Tuman markaziga borib, ish bitirish uchun ikki-uch kunlab vaqtimiz ketardi.
Muhtaram Yurtboshimizning bevosita tashabbuslari bilan biz, keksalar orzu qilgan zamon keldi. Ko'kdala tumani tashkil etilib, bu yerda bir-biridan ko'rkam va shinam binolar qurildi. Mehnatlarim inobatga olinib, I darajali “Mehnat faxriysi” ko'krak nishoni bilan taqdirlandim. Hozir Ko'kdalaga tashrif buyurgan mehmonlar bu yerdagi o'zgarishlarni ko'rib, hayratdan yoqa ushlashi tayin… Zamonaviy “Nuroniylar maskani”da keksalar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Yaqinda mahallamizda tuman hokimi tashabbusi bilan “Nuroniylar choyxonasi” binosi foydalanishga topshirilganligi nur ustiga a'lo nur bo'ldi. Bularning barchasi biz, nuroniylarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlikning yorqin ifodasi bo'lib, dorilomon kunlarimizga shukrona aytib yashamoqdamiz.
Juman boboning shukronasi zamirida ayni haqiqat yotadi. Otaxon pensiyaga chiqqandan so'ng ham xalq farovonligi yo'lida samarali mehnat qildi. “Ko'kdala” mahallasi raisining o'rinbosari bo'lib faoliyat yuritgan davrida mahallani obodonlashtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda katta hayotiy tajribalaridan foydalandi.
Otaxon katta bir oilaning sardori. 8 nafar farzand, 33 nafar nabira va 16 nafar evaraning suyukli bobosi. Ikkinchi guruh nogironi bo'lsa-da, qo'ltiqtayoq bilan mahallaning barcha tashkiliy ishlarida faollik ko'rsatadi.
“Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi “Keksalar maslahati” jamoatchilik Kengashi a'zosi sifatida otaxonni goh maktabda, goh mahallada yoshlar bilan suhbatlashib turganini ko'rasiz. Juman boboga “Kambag'allikdan — farovonlik sari” dasturi doirasida jami 5 ta kambag'al oila, “Bir nuroniy — o'n yoshga mas'ul” loyihasi doirasida 10 nafar ijtimoiy ko'makka muhtoj yoshlar biriktirilgan. Otaxon mazkur loyihalar doirasida qator amaliy ishlar bilan band bo'lib, oilalarni kambag'allikdan chiqarish, e'tibor, qo'llab-quvvatlovga muhtoj yoshlarning hayotda o'z o'rinlarini topishlarida bevosita ko'mak berib kelmoqda.
Bir so'z bilan aytganda, bugungi kunda Juman bobo ko'kdalaning ko'rkiga ko'rk, hayotiga yanada farovonlik ulashish bilan bog'liq sa'y-harakatlarda zimmasidagi mas'uliyatli vazifalarni faollik bilan ado etib, o'rta va yosh avlod vakillariga o'rnak bo'lib kelmoqda.
Shavkat SULTONOV,
“Nuroniy” muxbiri.