Mamlakatimizda barakali umr yo'lini bosib o'tib, 100 yosh bilan yuzlashib turgan piru badavlat insonlar juda ko'p. Ana shunday insonlardan biri el suygan murabbiy Xudaybergan Bazarovdir.

Xudaybergan og'a Bazarov bugungi kunda 96 yoshga to'ldi. U bolalikdan tug'ilib o'sgan qishlog'i — Yangiyo'l tumanidagi “Qoratepa”  mahallasida istiqomat qilib, farzandlari, nevara-chevaralari qurshovida keksalik gashtini surmoqda.

Otaxon 1930 yil 3 mayda dunyoga kelgan. Otasi Bozorboy og'a dehqonchilik bilan kun kechirar, keyinchalik qishlog'ida tashkil etilgan jamoa xo'jaligiga a'zo bo'lgan edi.  Onasi Jannat aya uy bekasi bo'lib, birin-ketin dunyoga kelgan  6 nafar — Ilyos, Turg'unboy, Zeyne, Rohatoy, Xudaybergan, Ibrohim kabi farzandlarni  oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazgan.

Oilaning  turmushi amal-taqal o'nglanib kelayotgan paytda Ikkinchi jahon urushi  boshlanib, el boshiga ayriliq, musibatlar yog'ila boshladi.

Xonadonning to'ng'ich farzandi Ilyos 1942 yili urushga safarbar etildi.  1945 yil 11 aprelda bedarak yo'qolgani xaqida qoraxat keldi. Bu musibat  qarshisida  xonadon boshlig'i Bozorboy bobo kasalmand bo'lib qoldi.  Bu paytda oilaning  voyaga yetgan qizi  Zeyne oq-qorani tanigan, o'qimishli, jamoa xo'jaligining yetakchi qizlaridan biri edi. Boshqa farzandlar ham  oilaga qanot  bo'lishga harakat qilardi. Jumladan, o'smir yoshdagi Xudaybergan ham qishloq maktabida o'qish bilan birga,  jamoa xo'jaligida kuchi yetgan ishlarda  yordamlashib yurardi.  Xudaybergan og'a o'sha og'ir damlarni eslar ekan, shunday hikoya qiladi:

— Dalada frontga ketgan erkaklar o'rniga,  asosan, ayollar, o'smir yoshlar mehnat qilar edi. Men ham bolalik paytimda kolxozchi onaxon, otaxonlarga  yaqindan ko'maklashardim. U paytlarda texnika yetishmas, asosan, otlar kuchidan foydalanilar  edi. Ayol kishi otga qo'shilgan  so'qa bilan yer bag'rini yumshatar, bizga o'xshagan bolakaylar esa ot ustiga minib, jilovidan mahkam tutib, uni boshqarar edik. Mehnatimizga yarasha to'yib ovqat ham yemas edik. Onalarimiz yopib bergan zog'ora, kezi kelganda, kepak  nonlar bilan qorin to'qlardik. Oila boshiga o'lchab beriladigan  oz miqdordagi  bug'doyni yanchib  kelish uchun olis masofadagi  suv tegirmonlariga  qatnardik. Avariya holatidagi maktablarda ta'lim olganmiz. Saydali, Boltavoy, Zemfira, Jamol tengdoshlarim kabi turmush qiyinchiliklariga qaramay, a'lo o'qigan  sinfdoshlarimdan ortda qolmaslikka harakat qilardim. Bilimga chanqoq o'quvchilardan edik.

El baxtiga urush ham tugab, uning musibatlari, qiyinchiliklari ortda qola boshladi. Yosh Xudaybergan  qishloqdagi 7 yillik maktabni tugatgach, ilk ta'lim bergan  ustozi Adilbay Beysenbayev kabi o'qituvchi bo'lish niyatida Toshkent shahriga yo'l oldi.  Dastlab poytaxtdagi bilim yurtiga  o'qishga kirib, uni muvaffaqiyatli tugatdi. Bir muddat boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lib ishladi. So'ng  bilimini oshirish maqsadida, hozirgi Nizomiy nomidagi TDPUning fizika-matematika fakultetiga o'qishga kirib, mazkur oliy dargohni 1952 yili tugatdi. Uch yil muddat mobaynida OTM yo'llanmasi bilan viloyatning olis qishloqlarida  o'z mutaxassisligi    bo'yicha o'qituvchilik qildi.  Bu yillarda uning ota-onasi vafot etgan, o'zi esa Melixon ismli qiz bilan ahdu paymon qilib, yangi turmush boshlashgan edi.

Shuni  ta'kidlash lozimki, qiyinchiliklarni  yengib o'tishida  yosh Xudayberganning katta opachasi  Zeyne unga yaqindan ko'maklashdi. U o'z tug'ilib o'sgan qishlog'iga qaytgach, Muqimiy nomidagi 17-umumiy o'rta ta'lim maktabida dars bera boshladi.  Unga yoshlikdan ta'lim bergan  Belgi Mirzahmedov, Hamro Yunusov,  Aristan Balg'abayev,  Tangat Turkebayev, Mahmudjon Ergashev va yana qator  ustozlari safida turib, o'z hamqishloqlari  farzandlarini  mehr berib o'qitishdan  sira-sira charchamadi.   Shuningdek, Saydali G'aniyev,  Mahamat Yakubov, Hamza O'razbekov, Barot Risdavletov, Ubaydulla Abdurahmonov, To'lan O'rolov, Rashida Xalitova, Polina Solovyova, Lyudmila Kim,  Ma'mir O'ngarboyev, Abdumalik Bo'riyev, Rahima Qo'chqorova, Ramil Saxabutdinov,  Ra'no Ergasheva, Asiya Yunusova, Haydar Asqarov,  Gulchehra Po'latova,  Dilorom Nurmatova, Lazokat Botirova, Darixa O'rmonova, Hurmatoy Ergasheva, Shinnigul Mirzaxmedova, Rahim Qipchakboyev, Marat Anarbayev kabi safdoshlari bor ediki, ular bilan doimiy ravishda o'zaro tajriba almashib, o'z pedagogik mahoratini oshirib borardi.

O'sha kezlari qishloq maktabida ta'lim olgan Sarvar Qo'chqorov, Abdurazzoq Mahamatov, Zokir Mirzahmedov kabi iqtidorli o'quvchilar keyinchalik oliy ta'limni muvaffaqiyatli bitirib, fan nomzodligi dissertatsiyalarini yoqlab, turli oliygohlarda faoliyat ko'rsatganlar.

Xudaybergan og'a Bazarov salkam yarim asrlik pedagogik faoliyatida katta o'qituvchilik maqomiga erishgan. Uning samarali mehnatlari  yuqori tashkilotlarning faxriy yorliqlari bilan taqdirlangan. Tinimsiz xizmatlariga nisbatan e'zozu ehtirom bugungi kunda ko'plab shogirdlarining    g'amxo'rliklarida namoyon bo'lmoqda. Har bir shogirdning  mehr-muruvvatidan ustozning qalbi tog'dek yuksaladi.

Sadoqatli umr yo'ldoshi Melixon aya bilan qariyb 60 yillik birgalikdagi umrlari davomida  To'raboy, Olim, Gulnora, Rustam, Sayyora, G'ayrat, Furqat, Shavkat kabi sakkiz nafar farzandni voyaga yetkazib, el koriga yaraydigan insonlar qilib tarbiyaladilar.  Shunisi quvonarliki, Gulnora, Sayyora kabi farzandlari ota izidan borib, o'qituvchilik kasbini  bir umrga e'zozladilar. Ne baxtkim, bu kun 96 yoshni qarshilagan el ardog'idagi murabbiy Xudaybergan og'a  Bazarov nafaqat suyukli farzandlari  kamolini, balki nabira va chevaralarining va shogirdlarining ham baxtli damlarini, bugungi Yangi O'zbekiston davrining dorilomon kunlarini, e'zozu e'tiborini ko'rmoqdalar.

Darhaqiqat, otaxonning asrga teng bosib o'tgan ibratli hayot yo'li har bir insonga namuna, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.

Yusup Mamadiyorov,

faxriy pedagog.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan