Usta Do'styor shoirni yod etib…

Baxshichilik qadim san'at turlaridan bo'lib, xalqimiz ma'naviyati va madaniyatining ajralmas qismlaridan hisoblanadi. Bugunga qadar ko'plab dostonlar, bir-biridan go'zal asarlar xalq baxshilari tomonidan maromiga yetkazib kuylab kelinmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilning 1 noyabr kunidagi 3990-sonli “Xalqaro baxshichilik san'at festivalini o'tkazish to'g'risida”gi va 2019 yilning 15 may kunidagi 4320-sonli “Baxshichilik san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarorlarining qabul qilinishi bilan Xalqaro baxshichilik san'ati festivalining har ikki yilda o'tkazilishi yo'lga qo'yildi. Bu, o'z navbatida, yurtimizda baxshichilik san'atini rivojlantirish yo'lida o'ziga xos tarixiy sahifa ochdi.

Ayni tashabbuslar doirasida Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida kitobxonlik festivali  o'tkazildi. Festivalda  Hasan hoji Aliyev va Shavkat Bobomurod hammuallifligidagi “Usta Do'styor shoir” nomli dostonining taqdimoti ham tashkil etildi. Taqdimotda bulung'urlik baxshi Usta Do'styor shoir va uning xalqimiz madaniyati va san'atida tutgan o'rni xususida fikr yuritilib,  u kishiga bag'ishlangan doston haqida o'zaro fikr almashildi.

Nurobodlik baxshichilik maktabi yoshlari ushbu dostonni o'qib, yod olib, do'mbira jo'rligida kuyladilar. Dostonni baxshi-shoir Shavkat Bobomurod yoshlarga o'rgatib, ustozlik qilib kelmoqda.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan so'nggi o'n yillikda xalqimizning milliy o'zligi, qadimiy tarixi, tili, uning hayot tarzi, an'ana va urf-odatlarini o'zida mujassam etgan baxshichilik san'ati, atoqli baxshi-shoirlarimizning hayoti va ijodini o'rganish, ular tomonidan qoldirilgan boy madaniy merosni kelajak avlodga  yetkazish, ushbu noyob san'atni  asrab-avaylash va rivojlantirish bo'yicha mamlakatimizda  tizimli ishlar amalga  oshirilmoqda. 2022 yilning 15 dekabrida yurtimizning atoqli baxshisi Fozil Yo'ldosh o'g'li  tavalludining 150 yilligi munosabati bilan o'tkazilgan tadbirda Nurobod tumanidan taklif etilgan baxshi-shoir  Shavkat Bobomurod  bilan tanishdim.  Shavkat baxshi bilan bobomiz Usta Do'styor baxshi haqida suhbatlashdik va u kishi haqida  doston yaratishga kirishdik, — deydi “Usta Do'styor shoir” dostoni mualliflaridan biri Hasan hoji Aliyev.

Mualliflar “Usta Do'styor shoir” nomli dostonni yozishga kirishishdan avval baxshi bobo haqidagi ma'lumotlarni jamladilar. Bu jarayonda baxshichilik tarixi haqidagi kitoblar bilan tanishib, Usta Do'styor shoirni taniydigan yoshi ulug' keksalardan so'rab-surishtirdilar. Bulung'ur tumanidagi, Samarqand viloyatidagi va Toshkent shahridagi arxivlar, shuningdek, O'zFA O'zbek tili, adabiyoti va folklori institutlari hamda kutubxonalardan hujjatlar to'pladilar. Shuningdek, asarni yaratishda O'zFA akademigi, filologiya fanlari doktori, professor, O'zbekiston Respublikasi fan arbobi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi To'ra Mirzayevning 1979 yilda chop etilgan “Xalq baxshilarining epik repertuari”, 1980 yilda e'lon qilingan “O'zbek xalq og'zaki poetik ijodi” kitoblari va yana qator olimlarning tadqiqot ishlari juda qo'l keldi.

Do'styor Xo'jayorov (Usta Do'styor shoir) 1868 yilda  Samarqand viloyati Bulung'ur tumanining Loyqa O'ray qishlog'ida tug'ilgan. Usta Do'styor shoir ajdodlari kasbi bo'lmish duradgorlik bilan shug'ullangan. Doira, dutor, rubob, do'mbira milliy cholg'u asboblarini ham yasaydi.  Qo'biz ohangiga maftun bo'lib, baxshichilik yo'liga kiradi. Uning yog'ochni sayratadigan cholg'u asboblari yasashini eshitgan baxshi, oqinlar Usta Do'styor bobodan soz yasab berishini iltimos qilib kela boshlashadi. Ular orasida mashhur baxshi Fozil Yo'ldosh o'g'li ham bor edi. Usta Do'styor bobo do'sti Fozil Yo'ldoshga o'zi mo''jazgina, ammo ovozi baland do'mbira yasab beradi. Usta Do'styor bobo “Baxshilarning ustasi — ustalarning baxshisi” degan e'tirofga erishib, el-yurtda hurmat-e'tibor qozongan edi.

— Kerakli ma'lumotlar to'plab bo'lingach, baxshi-shoir Shavkat Bobomurod bilan hamkorlikda bobomiz haqidagi dostonni ijod qildik. Farzandlarim, nevaralarim, chevaralarim, shunday shoir-baxshi bobongiz borligidan faxrlaning, shularga munosib, xalqqa, Vatanga xizmat qiladigan o'qimishli, bilimli inson bo'lib ulg'aying, — deydi doston muallifi — Usta Do'styor baxshining avlodi bo'lgan Hasan hoji Aliyev kitobning kirish qismida.

Darhaqiqat, ajdodlar sabog'i — aql qayrog'idir. Ularning shonli va sharafli hayot yo'lini o'rganib, bebaho hikmatlaridan xulosa chiqarar ekanmiz, baxtli avlod sifatida kamol topishimiz shubhasiz.

Maysara Nazarova. 

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan