Davlatimiz rahbarining joriy yil 16 apreldagi 9 may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida G'ijduvon tumanida ham keng ko'lamli tadbirlar davom etmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri “Sayyora” tantanalar saroyida tuman hokimligi va “Nuroniy” jamg'armasi tashabbusi bilan o'tkazildi. Unda el ardog'idagi nuroniylar, ziyolilar hamda oliy ta'lim va maktablar tizimida tahsil olayotgan faol yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni tuman hokimi Farhod Umarov kirish so'zi bilan ochib berar ekan, yig'ilganlarni yaqinlashib kelayotgan bayram bilan qutladi va uch avlod vorisiyligining ahamiyatiga alohida to'xtaldi.
— Ajdodlar merosi, ota-onalar mas'uliyati va farzandlar kamolotining mushtarakligi ushbu fayziyob uchrashuvimiz mohiyatini tashkil etadi. Bu falsafaga ko'ra, katta avlod — hayotiy hikmat va an'analar xazinaboni, o'rta avlod — bugungi kun bunyodkori va tarbiyachi, kichik avlod esa yangi g'oyalar bilan ertangi kunni barpo etuvchi kuchdir, — dedi tuman hokimi.
“Nuroniy” jamg'armasi tuman bo'limi raisi Rahmatullo Mahmudov esa o'z nutqida milliy qadriyatlarni asrashda keksalarning o'rni beqiyos ekanligini ta'kidladi. Ayni paytda tumandagi har bir mahallada tajribali nuroniylardan iborat “maslahat guruhlari” tashkil etilgani, ular yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini yo'lga qo'ygani amaliy samara berayotgani aytildi.
Jarayon davomida “Soktare” mahallasi faoli G'ayniddin Nosirov, mirakonlik M. Ikromova hamda zahiradagi polkovnik Nurmat Umurovlar so'zga chiqib, Vatanga sadoqat va insoniylik fazilatlari haqida fikr yuritishdi. Keksalar o'gitlaridan ruhlangan yoshlar ham o'z mulohazalarini bayon etib, yurt tinchligi va taraqqiyoti yo'lida astoydil xizmat qilishga va'da berdilar.
Bu kabi uchrashuvlar nafaqat avlodlar o'rtasidagi rishtalarni mustahkamlaydi, balki yoshlar qalbida milliy o'zlikni anglash va vatanparvarlik tuyg'ularini yanada yuksaltiradi.
Rajab AVEZOV,
III darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni,
“Mehnat faxriysi” va
“Xalq maorifi a'lochisi” ko'krak nishonlari sohibi.