O'z davrida ulug' xalqimizning ulug' yo'lboshchisi bo'la olgan davlat arbobi

9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Toshkent viloyati Yangiyo'l shahrida O'zbekistonga eng og'ir yillarda rahbarlik qilgan, uning rivojiga ulkan hissa qo'shgan, ko'plab shogirdlar tarbiyalagan, qanchadan-qancha iste'dodlarni kashf etgan taniqli davlat va jamoat arbobi Usmon Yusupov xotirasiga bag'ishlangan uch avlod uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Yangiyo'l shahridagi “Usmon Yusupov uy-muzeyi”da bo'lib o'tgan tadbir avvalida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tayyorlangan gulchambarlar keksa, o'rta va yosh avlod vakillari ishtirokida Usmon ota poyiga qo'yilib, u kishining pok ruhiga ehtirom bajo keltirildi. Mehmonlar uy-muzey faoliyati bilan yaqindan tanishdilar, Usmon Yusupovning o'zbek xalqi farovonligi, O'zbekiston manfaatlarini ta'minlash yo'lidagi fidoyi xizmatlari yodga olindi. Toshkent viloyati hokimi maslahatchisi Farhod Mirzayev, Usmon Yusupovning jiyani Komila Sadikova, uy-muzey direktori Sayyora Mamadaliyevalar so'zga chiqib, Usmon Yusupovning hayoti va faoliyatiga doir noyob ma'lumotlarni yoshlarga taqdim etishdi.

Tadbirda, shuningdek, akademik Aziz Qayumov qalamiga mansub “Usmon ota” nomli kitob taqdimoti ham bo'lib o'tdi. “Nuroniy” jamg'armasi respublika Boshqaruvi tomonidan kitobning bir nusxasi Usmon Yusupov uy-muzeyi direktori Sayyora Mamadaliyevaga tuhfa qilindi.

Taqdimotda mazkur kitobning yaratilishi tarixi, Usmon Yusupovning davlatimiz va jamiyatimiz tarixida tutgan o'rni va maqomi, yosh kadrlar va iste'dodlarni saralash, ularga qanot bo'lishdek umuminsoniy fazilatlari, mazkur kitob sahifalaridan joy olgan qimmatli materiallar haqida so'z yuritildi. O'z navbatida, mazkur kitob nafaqat Usmon otaning hayoti va faoliyatidan hikoya qilishi, balki bugungi kunning yetti yoshdan tortib, yetmish yoshgacha bo'lgan har bir kishisi uchun ulkan hayot maktabi ekanligi alohida e'tirof etildi.

 * * *

“Usmon ota” xotira kitobi haqida filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov shunday yozgan edi: “Tarixdan ma'lumki, O'zbekiston va o'zbek xalqi o'zining buyuk rahnamolariga ega bo'lib kelgan. Shulardan biri Usmon Yusupovich Yusupovdir. U kishi ayni mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy siyosati og'ir davrni boshdan kechirayotgan bir vaqtda rahbar bo'lgan. Usmon Yusupovning jamiyat hayotidagi o'rni beqiyosdir.

Usmon Yusupov 1937 yildan to 1954 yilgacha O'zbekistonda va ittifoq miqyosida eng yuqori xizmat vazifalarida ishlagan. Ayni urush yillarida O'zbekistonning butun mamlakat iqtisodiy hayotiga munosib hissa qo'shdi, juda katta ishlarni amalga oshirdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O'zbekistonni yirik industrial-agrar mamlakatga aylantirish, frontni qurol-aslaha, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta'minlovchi markaz sifatida qayta qurish ishiga boshchilik qildi.

Mingdan ortiq sanoat korxonalari, urush davrida boshpanasiz qolgan oilalar, yetim bolalar O'zbekistondan panoh topdi. O'zbek o'g'lonlari 1941-1945 yillarda frontda mislsiz qahramonliklar ko'rsatib, mardonavor jang qildilar. Front ortida esa bor imkoniyatni ishga solib g'alaba uchun tunu kun mehnat qildilar.

…Usmon Yusupovich Yusupov san'at va adabiyotni jonu dildan sevar, uning rivoji to'g'risida doimo g'amxo'rlik qilar edi. Yirik san'atkorlar va adiblar bilan do'stona munosabatda bo'lgan edi. Jumladan, Aziz Qayumovni farzandlari qatorida tarbiyalab, unga mehribonlik ko'rsatib, hayotida tub burilish yasagan ham Usmon Yusupovich Yusupov bo'lgan. Aziz Qayumov tarbiya olgan muhit, ustozlar o'gitlariga munosib hayot kechirdi. Ilm jabhasida katta yutuqlarga erishdi. Mamlakat ijtimoiy hayotida rahbar lavozimlarida faoliyat yuritar ekan, halollik, to'g'rilik, mehnatsevarlik, vatanparvarlik, o'z ishiga sadoqat, yoshlarni qo'llab-quvvatlash, katta avlodga hurmat kabi fazilatlarni o'zida namoyon etdi.

Aziz Qayumov ko'plab ilmiy ijodiy ishlarida buyuk siymolar, zamondosh allomalar, rahnamolar va ustozlarining hayot yo'llarini yoritdi. Jumladan, akademik olimning shakllanishida katta o'rin tutgan Usmon Yusupov xaqidagi xotira asari muhim ahamiyatga egadir. Chunki unda Usmon Yusupov bilan Aziz Qayumov oralaridagi munosabatlar, davlat rahbarining xalqiga bo'lgan muhabbati aks etgan.

Aziz Qayumovning Usmon Yusupov to'g'risidagi bu kitobi 1994 yilda yozilgan. Uni akademik olim vaqti-soati kelganida jamoatchilikka taqdim qilishni mo'ljallagan. Yangi O'zbekiston ijtimoiy hayotidagi o'zgarishlar natijasida buyuk tarixiy shaxslar faoliyatini keng o'rganish hamda nomlarini hurmat bilan abadiylashtirish ishiga katta e'tibor qaratilmoqda. Ajdodlarni munosib e'tirof etmoq, ularning qilgan xizmatlarini ulug'lamoq hozirgi avlodning sharafli burchidir.

Bu kitob akademik Aziz Qayumovning ta'biri bilan aytganda, “Shonli davlat rahbari, o'zbek xalqining asl farzandi Usmon Yusupovich Yusupovning hayoti va faoliyati yosh avlodni vatanparvarlik va xalqparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasizdir”.

* * *

Usmon Yusupov 1900 yilda Farg'ona viloyati Vodil tumanining Kaptarxona qishlog'ida dunyoga kelgan. Otasi Yusuf Saydaliyev, onasining ismi Oyimniso bo'lgan.  Ikki bolalik bo'lgan Yusuf ota oilasini boqish uchun ish izlab Farg'onadan yo'lga tushadi. Ko'p azob-uqubatlarni boshdan kechiradilar va Yangiyo'lga (eski nomi Qovunchi)ga kelib tushishadi…

…1937 yil 27 sentyabrida u O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari lavozimiga tayinlangan. Usmon Yusupov rahbarlik qilgan yillarda O'zbekiston industriyasi shakllandi. Shuning uchun ham uni mamlakatimiz industriyasining otasi deya ta'riflashadi. Uning rahbarligida, 1938 yilda Popda 9 km. uzunlikda Langar kanali qurildi va 600 gektar yangi yerlar o'zlashtirilib, suv bilan to'liq ta'minlandi. 1939 yilda Farg'onadagi Shohimardon soyidan Isfarayram soyigacha uzunligi 37 km. bo'lgan Log'on kanali jamoa xo'jaligi dehqonlarining qo'l kuchida 18 kunda qurib foydalanishga topshirilgan. 1939 yilning yozida 170 ming jamoa xo'jaliklari a'zolari, mashinist, ekskavator va buldozerchilardan iborat quruvchilar 270 km. uzunlikdagi Katta  Farg'ona kanalini 45 kun ichida ishga tushirishdi.  Shundan so'ng  Shimoliy Farg'ona kanali, Janubiy Farg'ona kanali, 1940 yil Xalqobod hududida Shimoliy Toshkent kanali,  1942 yili Xalqobodning yuqori qir hududida Yuqori Toshkent kanali, Toshsoqqa kanali (Xorazm), Kattaqo'rg'on suv ombori va boshqa ko'p sug'orish inshootlari, 1943 yilda Farhod gidroelektrostansiyasi va shunga o'xshash boshqa qurilishlar ana shu maqsad yo'lida qo'yilgan dadil qadamlar edi.

Usmon Yusupov O'zbekistonga metall zavodi qurish zarurligi haqida Markazga “O'zbekistonga o'z metallurgiya korxonasi zarur”, degan telegramma yubordi va 1943 yil noyabr oyida Bekobod metallurgiya kombinati foydalanishga topshirildi. Usmon Yusupov boshchiligida 1941-1945 urush yillarida O'zbekistonda 9 ta GES qurilib ishga tushirildi. Uning tashabbusi bilan 1948 yilda Xorazm va Qoraqalpog'istonni respublikamizning boshqa viloyatlari bilan bog'lovchi, mamlakatimizni iqtisodiy rivojlantirishda hamma tomondan mustahkam bog'lovchi bo'lgan “Chorjo'y — Qo'ng'irot” temir yo'li ishga tushirilgan. 1950 yilda Qashqadaryo viloyatiga Zarafshon suvini keltiruvchi Angor kanali tiklandi. Chimqo'rg'on suv ombori, Pachkamar inshooti qurilishlari ham Usmon ota rahbarligida amalga oshirilgan.

Toshkent viloyatining Piskent, o'sha paytdagi Kirov tumanidagi kanallar qurib ishga tushirildi. Buxorodagi qadimiy Zindona kanali qayta qazilib, tiklandi.

Usmon ota ijtimoiy, madaniy qurilishlarga katta e'tibor qaratgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida sobiq Ittifoq davrida qurilgan yagona teatr binosi, Toshkent shahridagi Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri qurilishiga ham Usmon Yusupov rahbarlik qilgan. Urushdan keyin Markazqo'mning yangi binosi qurilib, ishga tushirildi. Usmon Yusupov 14 yil davomida O'zbekistonni boshqargan binoda hozir O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyat olib bormoqda. Aytish kerakki, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi binosi 1943 yili Usmon Yusupov tashabbusi bilan qurilgan.

Uning jonbozligi tufayli Yangiyo'l shahrida ikki zallik “G'alaba” nomli kinoteatr, katta kutubxona, madaniyat saroyi, viloyat teatri qurib, foydalanishga topshirildi. Yangiyo'l shahri viloyat markaziga aylandi. Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri kabi zalvorli qurilishlar, albatta, hashar yo'li bilan bajarilgan.

Usmon Yusupov O'zbekistondagi barcha millat va elatlarga katta hurmat bilan qarar edi. O'z o'rnida yurtimizdagi boshqa millat vakillarining ham Usmon otaga ishonch va ehtiromi baland edi. U rahbarlik qilgan yillarda yurtimizda milliy nizo umuman bo'lmagan. Barcha xalqlar tinch va hamjihatlikda yashar edilar. Urush vaqtida Qrimdan, Shimoliy Kavkazdan, Zakavkazyedan ba'zi millatlar ko'chirib kelindi. Mesxeti turklari, qorachoylar, chechenlar, greklar, qrim-tatarlar, qisman nemislar shular jumlasidandir.

O'zbekiston — eng olis frontorti hudud edi. Urush vaqtining sharoiti va talablari juda keskin bo'lgan. Qanchadan-qancha kavkazlik va qrimlik xalqlar O'rta Osiyo va Qozog'istonga ko'chirib kelingan. Ular yashovchanligi va bizning tabiiy sharoitimizning qulayligi tufayli bu yangi joyda o'z hayotlarini qaytadan qura oldilar.

Uning ko'z oldiga o'zga o'lkalardan yuk vagonlarda ko'chirib kelingan abgor va nochor, och, yupun, xasta keksalar, bolalar, ayollar, oilasi bilan badarg'a qilingan begunoh qrim-tatarlar, qorachoylar, koreyslar, mesxeti turklar, chechenlar, polyaklar, qisman nemislar kelardi. Urush olovi ichidan olib kelinayotgan  yuz minglab yetim bolalarni O'zbekiston o'z bag'riga oldi. O'zbek onalari ularga xuddi tuqqan bolasidek mehr ko'rsatdi, ularni bolalarining bir tishlam noniga, bir dona lavlagisiga, bir qoshiq sutiga sherik qildi.

O'zbek xalqi Usmon Yusupovga o'z Otasiga ishongandek ishondi va g'alaba qildi. Ulug' davlat arbobi 1954 yil O'zbekiston Ministrlar  sovetining raisi lavozimidan ozod etilib, respublikaning eng qoloq cho'l hududida joylashgan Toshkent viloyati Boyovut tumanidagi “Boyovut – 2” sovxoziga direktor qilib yuborildi.

U mana shu sharoitda ham benihoya katta g'ayrat bilan ish boshladi. Ona zaminga mehr, qishloq xo'jaligini boshqarish, dehqonchilik texnologiyasi, sho'r yuvish, yer unumdorligi ustida ishlash, sug'orishni ixtisoslashtirishning allomasi bo'lib ketgan Usmon ota haftalab oyog'idan etik yechmasdan “Boyovut –2” (keyinchalik unga “Boyovut – 4” sovxozi ham qo'shib berildi) sovxozida mehnat qildi. 8 yillik zahmatlari uni yana va yana ona Zamin tuprog'iga bog'ladi. Qaqroq dala-dashtlarda bog'u rog'lar barq ura boshladi. Mo'l-ko'l paxta va g'alla xirmonlari qad ko'tardi. Bu orada Boyovut respublikada eng ilg'or xo'jalikka aylandi. Sovxozning paxta yetishtirish tajribasi xalqaro miqyosda  tajriba  maktabiga  aylandi. Shundan so'ng unga Yangiyo'l tumanidagi “Xalqobod” agrosanoat birlashmasining rahbarligi topshirildi. Bu lavozimda ham jonbozlik ko'rsatib, to umrining oxirigacha el-yurtimizga sadoqat bilan xizmat qildi.

 * * *

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 5598-sonli Farmoyishiga asosan, Respublika “Nuroniy” jamg'armasi tashabbusi bilan 2020 yilda Boyovut tumanida Usmon Yusupov muzeyi tashkil etildi, OTA ning byusti o'rnatildi. 10 gektarli joyda Usmon Yusupov bog'i barpo etildi.

Yangiyo'l shahridagi Usmon Yusupov muzeyi qayta ta'mirdan chiqarildi. Yangiyo'l tumanida ham Usmon Yusupov nomli bog' barpo etildi.  O'zMTRK ning “Mahalla” kanali ijodkorlari tomonidan Usmon Yusupov xotirasiga bag'ishlangan “Inson aziz” nomli telefilm yaratildi.

Atoqli davlat rahbari Usmon Yusupov hayotini, siyosiy faoliyatini o'rgangan yoshlar qalbi shunday bobolari o'tganidan faxru g'ururga to'ladi. Zero, ulug'larimiz bosib o'tgan g'oyat og'ir, mashaqqatli yo'llarini unutishga haqqimiz yo'q. Ochlik, qashshoqlikning o'pqonidan butun bir xalqni omon olib chiqish, yaxshi kunlarga odamlarni ishontirib, kanallar qazishga, yo'llar qurishga, paxtazoru g'allazorlar, bog'u rog'larni barpo etishga, maktablar, kutubxonalar, hatto urush vaqtida teatru kinoteatrlar qurishga, ezgulikka ruhlantirishga qodir rahbar hamma davlatlarning peshonasiga yozilgan emas.

Usmon Yusupov o'z davrida ulug' xalqimizning ulug' Yo'lboshchisi bo'la olgan edi.

Sharof Ubaydullayev,

“Nuroniy” jamg'armasi respublika

Boshqaruvi raisining 1-o'rinbosari,  faxriy jurnalist.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan