Urush… u o'z nomi bilan insonlar qalbiga og'riq, iztirob va alam soladi. Ayniqsa, ikkinchi jahon urushi janggohlarida mardlarcha halok bo'lgan, bedarak ketgan qahramonlar, janglardan mayib-majruh bo'lib qaytgan bobolarimizni eslasak, bir dardimizga o'n dard qo'shiladi. Front qanchalik og'ir bo'lsa, uning ortidagi yana bir janggoh — mehnat fronti undan-da og'ir bo'lgan.
Chunki o'sha davrda hamma narsa g'alaba uchun, hamma narsa front uchun edi. Tunu kun mehnat qilayotgan xalq hatto og'zidagi eng so'nggi tishlam noni-yu kiyimigacha frontga jo'natgan. O'zi esa ochlik, yupunlikka bardosh bergan. Buni, albatta, o'sha davrlarni ko'rgan, ochlik, yo'qlik, og'ir mehnat azoblarini boshdan kechirganlargina biladi.
Rahimnazar bobo Yaxshiqulov 1925 yil 10 may kuni Surxondaryo viloyati Sho'rchi tumanida tavallud topgan. Bu yil tabarruk 101 yoshini nishonlayotgan otaxonning o'smirlik yillari urush davriga to'g'ri keldi. Urush boshlanganda 16 yoshda bo'lgan o'spirin uning bor dahshati, azobini o'z boshidan o'tkazdi. Ishga yaroqli kishilarning hammasi urushga ketib, xo'jalik yuritish faqat keksalar, ayollar va bolalarga qolib ketgan. Ular yashaydigan hududlar qurg'oq yerlar bo'lganligi uchun, asosan, lalmi ekinlar ekilardi. Zarang yerlarni omochda haydash, ekin ekish kabi ishlarni, asosan, keksalar va bolalar bajarardi. Omoch tortadigan ho'kizlar nihoyatda charchab qolar, ba'zida yotib qolgan ho'kizni o'rnidan turg'azish shunchalik mashaqqatga aylanardiki, bunday paytda vaqtni zoe ketkazmaslik uchun omochni ho'kiz bilan barobar tortishga to'g'ri kelardi.
Odamlar ochlik, og'ir mehnat sababli holdan toygan bo'lsalar ham, ko'ngillaridagi g'alabaga, ertangi yaxshi kunlarga bo'lgan ishonch ularni oyoqqa turishga undardi. Ocharchilik, uzoq cho'zilgan urush, kasalliklar odamlarning tinka-madorini quritgan kunlarning birida, nihoyat, g'alaba haqidagi xushxabar tarqaldi. Hatto sevinib, bayram qilishga ham holi qolmagan odamlarning mehnatdan yag'ir bo'lib ketgan yelkasiga oftob tegadigan bo'ldi.
Urushga ketganlar birin-ketin qayta boshladi. Ko'pchiligi yarador, yo qo'l, yo oyog'i yo'q. Ba'zilari qo'ltiqtayoqda. Jangga ketganlarning ko'pchiligi esa… qaytmadi. Kimdir yarimjon bo'lsa ham qaytganiga xursand, ba'zi xonadonlarda aza ochilgan, ba'zilari qoraxatga ishonmay, umidini uzmagan kunlar boshlandi. Harqalay, nogiron bo'lsa ham yigitlarning kelgani ishni ancha yengillatdi. Bu vaqtga kelib, yoshi yigirmaga kirib qolgan Rahimnazarga jamoa xo'jaligining chorvasi ishonib topshirildi. Qo'ylarni haydab qir-adirlarga chiqib ketgan yigit yillar o'tib, nafaqaga chiqqanida ham cho'ponlik tayog'ini tashlamadi.
Rahimnazar Yaxshiqulov ayoli Tojigul ona bilan birgalikda uch o'g'il va besh qizni voyaga yetkazgan. Farzandlarining bari hayotda o'z o'rnini topgan, piru badavlat bo'lib, bugungi kunda nafaqaga chiqqan. Onaxon ko'p yillar avval vafot etgan. Ikki o'g'li otasining qo'lidan cho'ponlik tayog'ini olib, ota kasbini davom ettirayapti. Qizlari ham o'zidan tingan, 36 nafar nevara, 65 nafar chevaraning suyukli bobosi bo'lib bugungi kunda keksalik gashtini surmoqdalar.
— Biz urush paytida mehnat frontida jang qildik. G'alabaga baholi qudrat o'z hissamizni qo'shdik. Mana, dorilomon kunlarga ham yetib keldik, ming shukr. “Yuk ko'targan yerda qolmaydi”, deganlaridek, bir paytlar qilgan mehnatimizning rohatini ko'rib yuribmiz. Har doim farzandlarimga, nabiralarimga bugungi omon-omon kunlarning qadriga yetish, Vatanimiz gullab-yashnashi uchun o'z hissalarini qo'shishlari lozimligini uqtirib kelaman. Mendek front ortida mehnat qilgan nuroniylarni har doim qadrlab, tez-tez yo'qlab turadigan, hamma sharoitlarni yaratib berayotgan davlatimiz rahbariga o'z minnatdorligimni bildirib qolaman. Ilohim, yurtimiz tinchligiga ko'z tegmasin, mustaqilligimiz abadiy bo'lsin! — deydi yuz yoshdan oshgan Rahimnazar bobo duoga qo'l ocharkan.
Darhaqiqat, bugungi tinch va farovon hayotni barpo etish o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. Buning uchun ajdodlarimiz ne-ne jabru sitamlarni boshdan kechirdilar. Bizning vazifamiz — mana shu gullagan hayotni asrash, uni yanada yashnatish va avlodlarga go'zal holatda qoldirmoqlikdan iboratdir.
Asolat AHMADQULOVA,
“Nuroniy” muxbiri.