Yangi O'zbekistonda davlat va jamiyat rivojiga, eng avvalo, inson qadrini ulug'lash orqali erishish maqsad qilingan. Shuning uchun ham mamlakatimizda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar inson qadri, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, munosib turmush kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishga qaratilmoqda. Mazkur mezon xalq manfaatlari himoyasini kuchaytiribgina qolmay, ularning salohiyati va ishbilarmonlik qobiliyati, iste'dodini oshirish orqali taraqqiyotni ta'minlashga xizmat qiladi.
Jumladan, hozirgi kunda keksalarni e'zozlash, ularning boy hayotiy tajribasidan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy qadriyat va an'analarga sodiqlik ruhida tarbiyalashda oqilona foydalanish tajribasi ham o'zida xayrli va ulug'vor vazifalarni jamlaydi. Tabiiyki, yosh avlod tarixiy xotira, milliy o'zlik tushunchasining asl mohiyati, an'ana va qadriyatlar, shuningdek, ajdodlarning moddiy va ma'naviy merosi to'g'risida ko'pni ko'rgan keksa avlod vakillaridan eshitib, oson o'zlashtiradi.
Buning yorqin isbotini joylarda keksa, o'rta va yosh avlod vakillarini bir yerga jamlagan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirlarida ko'rishimiz mumkin. Chirchiq shahridagi “Iftixor” mahallasida joylashgan 7-sonli hamda “Kamolot” mahallasidagi 20-sonli maktabda shahar hokimligi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O'zbekiston Mahallalari uyushmasi, “Nuroniy” jamg'armasining shahar bo'limlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirlarni ushbu tashabbuslar sirasiga kiritish mumkin.
Uchrashuvda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, jamiyatda o'zaro hurmat, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Tadbirda so'zga chiqqanlar ma'naviy merosning inson kamolotida o'rni xususida fikr yuritib, bugungi kunda tinchlik, xalq birligi, yakdilligi, uning bunyodkorlik ishlarida birlasha olishi ham tinchlikka, ham taraqqiyotga xizmat qilishini ta'kidlab o'tdilar.
Tadbir samimiy suhbat, ma'rifiy chiqishlar va kuy-qo'shiqlar hamohangligida yanada fayzli kechdi. Ayniqsa, keksa nuroniylarning donishmandlik va ibrat to'la hayotidan so'zlagan hikoyalari yoshlar uchun chinakam insoniylik sabog'iga aylandi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi Qo'ng'irot tumanidagi Madaniyat markazida ham ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar doirasida “Uch avlod uchrashuvi” o'tkazildi. Unda boy hayotiy tajribaga ega nuroniylar ishtirok etib, yoshlarga hayot yo'lida duch kelgan sinovlar to'g'risida gapirib berishdi. Shuningdek, o'z tengdoshlari orasida faolligi va tashabbuskorligi bilan ajralib turgan yoshlar so'zga chiqib, o'z muvaffaqiyatlarining siri va tajribalari bilan o'rtoqlashdilar.
Aslini olganda, tarixiy qadriyatlarning avloddan-avlodga o'tishi, ma'naviyat asoslarining mustahkamlanishi va jamiyatda qaror topishi, kelajak avlodning milliy g'oya asosida voyaga yetishi ko'p jihatdan keksa otaxon va onaxonlarning saboqlari, kattalarning yo'l-yo'riq va ko'rsatmalari bilan amalga oshadi. Nuroniylar ishtirokida tashkil etilayotgan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlarning tub mohiyatida ham ayni maqsadlar mujassamdir.
Maysara NAZAROVA.