Mamlakatimiz bo'ylab ommaviy sportni keng targ'ib etish maqsadida o'tkazilayotgan sport tadbirlarida nuroniylar ham faol ishtirok etmoqdalar. Ayni tadbirlar keksa faxriylarimizning salomatligini mustahkamlash, jismonan tetik, bardam bo'lishi va islohotlardagi faol ishtirokini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyati Narpay tumanidagi “Turon” mahallasida 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan mehnat faxriysi Jo'raqul ota Xoliqov xotirasiga bag'ishlab o'tkazilgan shaxmat musobaqasini ana shunday tashabbuslardan biri deyish mumkin.
Bellashuvlarda keksa, o'rta va yosh avlodning faol ishtiroki ta'minlanib, bahslar murosasiz, ayni paytda, do'stona va g'oyat samimiy kechdi. Ayniqsa, yoshlar nuroniylardan shaxmat sir-asrorlarini o'rganish bilan bir qatorda, ulardan o'ziga xos hayot saboqlarini ham oldilar.
— Bunday bellashuvlarda uch avlod vakillarining ishtiroki juda muhim, — deydi mahallaning faol nuroniysi Jumanazar Qilichev. — Chunki yoshi ulug'lar sportda ham yoshlarga ibrat bo'lib, ularni sog'lom hayotga jalb etishda faollik ko'rsatadilar. Mahallada yetti yoshdan tortib, yetmish yoshgacha bo'lgan har bir yurtdoshimiz jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanar ekan, ushbu joyda salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, o'zaro totuvlik hamisha barqaror bo'ladi.
Bahslar yakuniga ko'ra, yoshlar o'rtasida Sunnat Tursunov, o'rta yoshlilar o'rtasida Faxriddin Samandarov, nuroniylar o'rtasida Komil Sa'dinovlar g'olib deb topildilar. G'olib va sovrindorlar mutasaddilar tomonidan diplom, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlandilar.
Darhaqiqat, sport salomatlik, ezgu qadriyatlar elchisidir. Bu kabi tadbirlarda faxriy keksalar g'ayrat-shijoat ko'rsatib, sog'lomlashtirish borasidagi tashabbuslarda, chinakam ma'noda, shaxsiy ibrat namunalarini namoyon etmoqdalar.
Bahodir Qilichev,
Samarqand viloyati.