Keksalarning boy hayotiy tajribasi va yoshlarning shijoati birlashgan joyda yuksalish bo'ladi. Xorazmda tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ana shunday ma'naviy vorislikning yorqin namunasiga aylandi. “Nuroniy” jamg'armasi viloyat bo'limi tashabbusi bilan Urganch shahridagi “Asr” tantanalar majmuasida o'tkazilgan tadbir keksa avlod vakillari va yoshlarni bir davraga jamladi.

Uchrashuvni jamg'armaning viloyat bo'limi raisi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan quruvchi Rustam Sultonov kirish so'zi bilan ochib, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan nuroniylarni e'zozlash va yoshlarni qo'llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar, hududda amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy samarasiga alohida to'xtaldi.

Tadbir avvalida ko'hna va boqiy Xorazmning ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalari rivojiga munosib hissa qo'shgan otaxon va onaxonlar musiqa sadolari ostida izzat-ikrom bilan kutib olindi. Xalqaro Maxtumquli mukofoti laureati Qurbon Muhammad Rizo va Hazorasp tumani “Buvijonlar maktabi” rahbari Dilorom Yusupovaning o'gitlari tadbirda qatnashgan yoshlar uchun haqiqiy hayot darsi bo'ldi.

Urganch shahridagi 7-maktab o'quvchisi, “Bolalar harakati”ning “Iqtidor” yo'nalishi sardori Aslonbek Yovqachev keksalarning bosib o'tgan shonli yo'llari bugungi yoshlarga alohida o'rnak bo'lishini ta'kidladi. Bir piyola choy ustidagi qizg'in va samimiy suhbat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.  San'atkorlarning dilrabo kuy va qo'shiqlari  davraga fayz kiritdi.

Faollar munosib rag'batlantirildi.

Shavkat SULTONOV,

“Nuroniy” muxbiri.

By Behzod

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan